Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kimning pensiyasi zo‘r?

Kimning pensiyasi zo‘r?

Foto: «Homak»

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2070-yilga borib, dunyo aholisining 20 foizini (hozir 9 foiz) pensionerlar tashkil etadi. Shuni nazarda tutgan har xil tashkilotlar (xususan, ular orasida Amerikaning «Mercer» konsalting kompaniyasi ham bor) mamlakatlar hukumatlariga, agarda fuqarolari keksayganda bekamu ko‘st yashashlarini istashsa, hozirdanoq pensiya tizimlaridagi nosozliklarni «tekislab qo‘yish»ga chorlashyapti.

Xo‘sh, qaysi mamlakatlar idel pensiya tizimiga yaqin-u, qaysi birlarida moliyaviy xotirjamlikni faqat tushda ko‘rish mumkin?

«Forbes» jurnali 2019-yilning intihosida Avstraliyaning Monash universiteti Moliyaviy tadqiqotlar markazi tomonidan tayyorlangan «Global pensiya indeksi»ni o‘z sahifalarida chop etdi. Unda pensiya tizimlarining hayotga qobilligi-yu, pensiyaga chiqqanlar uchun taqdim etilayotgan soliq imtiyozlari va omonatlar, umuman, mamlakatlar iqtisodiyoti chig‘iriqdan o‘tkazilib, «A» dan «E» gacha baholandi — xuddi o‘zimizdagi «5», «2» baholarga o‘xshash.

Tadqiqot jahonning 63 foiz aholisi yashayotgan 37 mamlakatni qamrab oldi. O‘z-o‘zidan yetakchilar va qoloqlar saralanib qoldi.

Faqat Daniya va Niderlandiya a’lo baho oldi.

Daniyada aksariyat fuqarolar, keksayib pensiyaga chiqqanda qo‘shimchasi ko‘p bo‘lishi uchun, butun umr ko‘ngilli ravishda daromadlarining muayyan qismini pensiya jamg‘armasiga o‘tkazib borishadi. Qo‘shimchasiga har oy maoshdan foizlar pensiya jamg‘armasiga o‘tkaziladi, bu fondda to‘plangan pullar 25 yillik pensiya to‘loviga taqsimlanganida oyiga o‘rtacha (ayrim kichiq soliqlarni hisoblamaganda) 3 087 dollarlik pensiya chiqadi!

Niderlandiyada pensiya daromadlari qattiq stavkali davlat pensiyasi va kasbiy pensiyadan shakllantiriladi: o‘rtacha pensiya — 1 418 dollar. Yoshi 65 dan oshgan va mamlakatda 50 yildan beri yashayotgan barcha niderland fuqarolari oyiga shuncha pensiya chiqishiga umid qilishsa bo‘ladi.

«Ikkichilar» yoki qoloqlar deymizmi, xullas, ro‘yxatning eng oxirida — Meksika, Filippin, Turkiya, Argentina va Tailand. Qizig‘i, Tailandda odamdan ko‘ra hayvonning qadri balandroq: bu mamlakatda yoshi ellikdan oshgan harbiylar va fillar (muqaddas jonivorning pensiyasi 7 mln. so‘m atrofida) pensiya oladi, xolos...

Keksa tailandliklarni farzandlari qaramog‘iga olishi majburiy. Agar farzandlari bo‘lmasa davlat 500 bat (150 ming so‘m atrofida) pensiya to‘laydi. Harbiy bo‘lish uchun esa yilda bir marta keladigan lotereya o‘ynash kerak: oq chipta chiqsa — harbiy bo‘lish va keksayganda pensiya olish mumkin, sariq chiptalilar yanagi yili ham omadlarini sinab ko‘rishlariga to‘g‘ri keladi, qizil chipta chiqsa — harbiy bo‘lishdan ham, pensiyadan ham umid qilmasa bo‘laveradi...


Mavzuga oid: O‘zbekistonda pensiya yoshi bosqichma-bosqich o‘zgartiriladi. 1 aprelgacha yangi konsepsiya tayyorlanadi


«To‘rt» baho Avstraliya, Finlyandiya, Shvetsiya, Norvegiya, Singapur, Yangi Zelandiya, Kanada, Chili, Irlandiya, Shveysariya va Germaniyaga qo‘yildi.

«Uch» baho Gonkong, AQSh, Malayziya, Fransiya, Peru, Kolumbiya, Polsha, Saudiya Arabistoni, Braziliya, Ispaniya, Avstriya, JAR, Italiya va Indoneziya pensiya tizimlariga qo‘yildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring