Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Jar yoqasiga yetaklamang yoxud «Lolitto, kuyib o‘l dushman...»ni to‘xtating

Jar yoqasiga yetaklamang yoxud «Lolitto, kuyib o‘l dushman...»ni to‘xtating

O‘tgan yilning dekabr oyida «Lolitto kuyib o‘l», degan soddagina kelinchakning videosi internetni portlatdi. Dastlab bu qizni hamma sodda kelinchak, deb o‘ylashdi. Keyin birin-ketin uni parodiya qilib chiqishdi. Bunga ham chidash mumkin edi. Axir parodiya janri mavjud.

Keyin «Lolitto dushman, kuyib o‘l», degan qizning ismi Maftuna va uning sirdaryolik ekani ma’lum bo‘ldi. Hech tinib-tinchimaydigan odamlar Maftunaning bundan ikki-uch yillar oldin o‘gay onasi bilan «Yor-yor» ko‘rsatuvida ishtirok etgan videolari borligini ham aniqlashdi. O‘shanda uning qizalog‘i borligi, rus millatiga mansub yigit bilan qochib ketgani, internetni portlatgan videosini ikkinchi bor turmushga chiqqanda olganini, hozirda u oilasi bilan yashamayotgani aniq bo‘ldi. Yaqinda «Mehmon TV»ga bergan intervyusida bu ayolning juda ko‘p qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazgani ko‘pchilikda rahm-shafqat hissini uyg‘otdi. «Mehmon TV» odamlarda savol uyg‘ongani uchun ikkinchi bor yana video tayyorladi. Maftuna jurnalistga intervyu berar ekan, bolasini bolalar uyidan olmoqchi bo‘layotganini, pasport olishga puli yo‘qligini qistirib o‘tdi. Ikkinchi intervyuda Maftunaning pasportli bo‘lganini ko‘rib biroz yengil tortdik. Ammo tanganing ikkinchi tomoni odamni o‘ylantiryapti.

«Lolitto»ning barcha videolarini ko‘rib chiqdim. Hali u go‘zallik salonida sochlarini tanib bo‘lmaydigan darajada turmaklattirgan, hali bu go‘zallik salonida tirnoq bo‘yatgan, yuzlariga makiyaj qildirgan. Kiyim do‘konida kiyim kiyib modeler bo‘lgan, hatto, qizchasiga kiyimlar olayotganini maqtanib «Lolittoni kuydirgan». Jurnalistga bergan intervyusida Maftuna o‘qishni bilmasligini aytib o‘tgan, demak yozishni ham bilmaydi. Ammo savol tug‘iladi: yutubda qanday qilib bexato va chiroyli nom topib kanal ocha olgan? Ayniqsa, Bobur parodiyachi bilan bo‘lgan janjalini birovlar piar dedi, birovlar arzon piar, dedi. Va bu janjalga ham Bobur parodiyachi yakun yasadi. Ikkalasi yarashib olishdi. Janjalga «Bobur parodist» degan gapni Maftuna to‘g‘ri aytolmagani sabab bo‘lgan ekan. Darvoqe, Maftuna salonchini reklama qiladimi, pishiriqchining tortini maqtaydimi, kimdir qayta-qayta ta’kidlab turmasa, qiyin so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilolmaydi. Hattoki, videolarida ko‘rish mumkinki, unga qayta-qayta takrorlataverganidan so‘zlarni juda horg‘in takrorlaydi.

Yana Bobur parodiyachi bilan bo‘lgan hangomaga qaytamiz. Bobur artist bilan Maftuna yarashib olishdi, lekin o‘sha joyda artist o‘rtada turgan, ya’ni Maftunani yetaklab yurgan Nargiza va Zulya, degan ayollarga rahmat deb tilga oldi. Nargiza va Zulya kim? Juda sodda bo‘lgan qishloqlik, hattoki parodist degan so‘zni eplab ayta olmayotgan qiz qanday qilib bu artist bilan uchrashib qoldi?

Aprelda bo‘ladigan «Aristokrat»larning biletini reklama qilayotganida «menga shaxsiy qo‘riqchi ham berishdi, Lolitto kuyib o‘l, konsertga sen kelolmaysan», deb reklama ham qilib berdi. Achinarlisi, aristokrat so‘zini ham ikki-uch urinishda zo‘rg‘a eplab aytdi. Yana «Lolitto»ni bozorda ham ayollar o‘rab olib savolga tutishadi. Instagramingiz bormi, nima deb nomlagansiz deya, lekin Maftuna yelka qisib qo‘ya qoladi. Va qandaydir begona erkakning mashinasida ham yana o‘sha mashhur iborasini qayta-qayta aytadi, aniqrog‘i, ayttirishadi va ermaklab sharaqlab kulishadi. Bozordagi ayollar uni videoga olib o‘sha zahotiyoq internetga qo‘yvorganini, qancha odam ko‘rayotganini, layk bosayotganini qiziqib kuzatishadi. Uni uyigayam olib ketishadimi-yey, o‘zlari kadr ortida turib yana uni gapirtirishib internetga tarqatishda davom etishadi. Kim unga savol bersa bu sir, deb javob beradi, ba’zi paytlari. Uning yana qancha sirlari bor, degan savol tug‘iladi shu o‘rinda. Hattoki begona ayollarning uyiga borganda shirakayfdek tuyuldi menga.

Hamma Maftunani sodda, qishloqlik kelin ekan deb yurgan kunlarning birida uning 2-3ta shiddatli raqslari tarqaldi. Yana o‘sha kadr ortidagi tanish ayollar ovozi... Bu videolarni tarqatayotganlar kimlar?

Kunda, kunora ijtimoiy tarmoqlar orqali «Lolitto kuyib o‘l, dushmanim» deb chiqayotgan Maftunani ko‘pchilik haqoratlashga o‘tgan. Ammo bundan Maftunaning xabari bormi? U orqali o‘zlarining tadbirkorligini yoki internet kanallarini rivojlantirib olayotganlarga balki Maftunaning mulzam qilinayotgani, haqoratlarga ko‘milayotgani qiziqmasdir?

Blogerlar orasida faqatgina bir qiz kuyinib gapiribdi. Yutubda «Blogerlar TV» kanalini olib boradigan Mohina ismli qiz: «Agar Maftunaga rostdan yordam bermoqchi bo‘lsalaringiz, unga adminstratorlikni o‘rgating, salonchilikni o‘rgating, pishiriq pishirishni o‘rgating, lekin uning qiyofasidan, ovozidan foydalanmang», deya tanbeh bergan. Yana aytganki: «Maftuna boshqalarning rahmini keltirib uyim yo‘q, mashinam yo‘q, pul kerak demasdan o‘zi ishlab pul topsin. Ertaga ishlaringiz bitganidan keyin unutvorasizlar, chetga surasizlar, o‘shanda bu ayolga og‘ir bo‘ladi...»

Nahotki, Maftunaning atrofida bu ishlari noto‘g‘ri ekanligini aytadigan inson yo‘q. Axir 14 yoshida ota-onasi ajrashgan qizaloq qanchadan-qancha ruhiy stresslarni boshidan o‘tkazgan. Keyin o‘zining aytishicha, o‘gay onaning zug‘umlari, kasalligi tufayli olgan narkoz asoratlari asabiy qilib qo‘ygan. Nahotki, uning ruhiy beqarorligidan, o‘zi qaror qabul qila olmayotgan holatidan foydalanayotganlar uyalmasa. Hali nima to‘g‘ri-yu, nima to‘g‘ri emasligini to‘liq anglab yetmagan stress holatidagi ayolni nimaga har tomonga tortqilayapsizlar? Millat sha’nini o‘ylamaysizlarmi? Bir guldek ayolning toyib ketayotganini nahot ko‘rmayapsizlar. Bir mehrga zor ayolning, onaizorning nahotki kulfatidan foydalanayapsizlar?

Eng achinarlisi uning endi 18+ sharmsiz videolari tarqatilayotgani va go‘yoki o‘zining ochilgan telegeram kanalida qo‘yilayotgani...

Bir ayolni nega jar yoqasiga olib borayapsizlar? Bu ishlarni kim nazorat qiladi?  Maftunani kim to‘xtatadi? Ertaga biron kori hol yuz bersa uni yetaklab yurganlar, videolarini tarqatayotgan o‘zlarini nima deb oqlashadi? Javobgarlikka tortilishini biladimi unga girdikapalak bo‘layotganlar. Axir u bolasini mehribonlik uyidan olib tarbiyalamoqchi, yaxshi ona bo‘lmoqchi, bolani unga ishonsa bo‘ladimi?

Maftuna, balki o‘qishni bilmassiz, ammo  umid qilamizki, birorta sizga do‘st bo‘lgan, millatdoshim deb kuyunayotgan inson shu savollarni sizga beradi va sizni to‘xtatadi. Biz ham sizga do‘stligimizni aytmoqchimiz: Maftuna shu yerda to‘xtang, qizingizning sha’ni, millat sha’ni uchun to‘xtang. «Lolitto» bu chiqishlaringiz tufayli kuymayotir, balki kulayotir...

 Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring