Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Innovatsiya vaziri o‘rinbosari O‘zbekistonda mahalliy nodavlat universitetlarini ochishni ilgari surdi

Innovatsiya vaziri o‘rinbosari O‘zbekistonda mahalliy nodavlat universitetlarini ochishni ilgari surdi

Sherzod Shermatov — O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari.

Foto: «Uzbekistan Today»

«O‘zbekistonda mahalliy nodavlat universitetlarini ochilishiga imkoniyat yaratishimiz zarur! — deb yozdi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Sherzod Shermatov «Facebook»dagi sahifasida. — Bu masalaning muhimligini quyidagi Jahon banki ma’lumotlari asosida tayyorlangan grafikda ko‘rish mumkin. 1990-yilga nisbatan deyarli barcha davlatlarda oliy ta’lim bilan qamrov darajasi oshgan, O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatgich pasayib, xozirgi vaqtda 9 foiz atrofida tashkil etadi, ya’ni dunyoda 117-o‘rin. Bu esa Global innovatsion indeksdagi O‘zbekistonning o‘rniga juda salbiy ta’sir qiladi.

Foto: «Facebook» / Sherzod Shermatov

Uning qayd etishicha, bunday holatning sababi: aholi soni oshib borgan, lekin oliy ta’limga qabul kvotalari ushbu davr davomida deyarli ortmagan. Faqat yangi ochilgan chet el universitetlari hisobidan qabul soni ko‘paygan.

Innovatsiya vaziri o‘rinbosari mazkur masalaning muhimligini yana quyidagi omillar orqali ko‘rsatib beradi:

1) Prezidentimiz tomonidan jamiyatimiz rivojida xususiy sektorga keng imkoniyat yaratish ustuvor vazifa qilib belgilangan ekan, xususiy sektor nafaqat boshlang‘ich va maktab ta’limida, balki oliy ta’limga ham kirib kelishiga imkoniyat yaratilishi kerak;

2) Dunyodagi eng yuqori reytingga ega universitetlar aynan nodavlat universitetlaridir. Ular o‘zining obro‘sini oshirish uchun sifatli bitiruvchi chiqarishga harakat qiladi;

3) O‘zbekistondagi xorijiy universitetlar filiallarining ham ko‘pchiligi nodavlat universitetlardir;

4)Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha inspeksiya tuzilishi ham bu yo‘nalishda o‘ziga xos qadamdir, ya’ni "diplom sotish" bilan shug‘ullanadigan universitetlar faoliyatiga yo‘l qo‘yilmasligini nazorat qila oladi;

5) Nodavlat universitetlar ko‘payishi bilan ular orasidagi raqobat kuchayishi natijasida ular ta’lim sifatiga alohida e’tibor beradigan bo‘ladilar;

6) Nodavlat universitetlari sifatni oshirish uchun yaxshi o‘qituvchilarni jalb qilishga harakat qilishadi, bu esa ularni maoshlari hamda sharoitlarini yaxshilashga va hatto chet elda faoliyat yuritayotgan yuqori malakali professorlarimizni mamlakatimizga qaytarishga ham imkoniyat yaratadi;

7) Ish beruvchilar ham bundan buyog‘iga diplomdan ko‘ra aynan nomzodning bilim va ko‘nikmalariga ko‘proq e’tibor qaratayaptilar, shuning uchun xususiy universitetlarga kirgan talabalar o‘zlarini ustida ko‘proq ishlashga harakat qiladilar. Ularni hech kim "majburlab" o‘qitishi shart emas ba’zi davlat universitetlaridagi kabi;

8) O‘zbekistonda eng ko‘p resurs bu aynan inson resursidir, shuning uchun ushbu resursdan imkoni boricha yaxshiroq foydalanilsa mamlakat iqtisodiyoti yanada yaxshiroq rivojlanadi. Inson resursi ko‘proq qo‘shimcha qiymat keltirishi uchun esa ta’limni kuchaytirish kerak. Xususiy sektor esa davlat sektoridan ko‘ra doimo sifatliroq ishlaydi. Shuning uchun ham nodavlat universitetlari ochilishiga imkoniyat yaratish zarur;

9) Mahalliy tadbirkorlar orasida mahalliy nodavlat universiteti ochishga sarmoya kiritish niyatida bo‘lganlar ham anchagina. Bu ularning bizneslari rivoji uchun ham yuqori malakali mutaxassis yetishtirishga ham xizmat qiladi. "Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida" bunday imkoniyat yaratilishi mamlakatimiz rivoji uchun o‘ziga xos sovg‘a bo‘ladi.

Foto: «Facebook» / Sherzod Shermatov

«Bu masalada «Mening fikrim» portaliga petitsiya ko‘rinishida taklif kiritgan edim, nimagadir moderator rad etibdi. Aslida bu rad etish qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi. Davlat dasturini ko‘rsatilgan bandida ham boshqa topshiriq berilgan. Mayli, agar haqiqatda «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunda buni ko‘zda tutishsa juda yaxshi ish bo‘lardi», — deb yozadi Sherzod Shermatov.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring