Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Markaziy bank yangi 50 ming va 100 ming so‘mlik qanday bo‘lishini namoyish etdi (foto)

Markaziy bank yangi 50 ming  va 100 ming so‘mlik qanday bo‘lishini namoyish etdi (foto)

Foto:«Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2021-yilning 22-dekabridan boshlab yangi ko‘rinishdagi nominal qiymati 50 000 so‘m va 100 000 so‘m bo‘lgan banknot shaklida pul belgilarini muomalaga chiqarilishi to‘g‘risida qaror qabul qilinganligini ma’lum qildi.

Mazkur banknotlar mavzusi (tematikasi) “Buyuk Ipak yo‘li” hamda mamlakatimiz hududidagi Surxondaryo va Xorazm viloyatlarining qadimiy tarixiga bag‘ishlangan.

Banknotlar himoyalangan qog‘ozda chop etilgan bo‘lib, old va orqa tomonlari maxsus lak bilan qoplangan.

50 000 so‘mlik banknot:

O‘lchami 147 x 69 mm.

Banknotning o‘ng tarafida och fonda qadimgi “Buyuk Ipak yo‘li”ning ramzi sifatida tuya va “50000” raqami ko‘rinishida suv belgilari joylashgan.

Banknotning o‘ng tarafida qog‘oz qatlamida kengligi 3 mm.li yashil rangli, “siljish” effektiga ega, rangi o‘zgaruvchan, metallashgan va mashinada o‘qiladigan himoya ipi o‘tkazilgan.

Old va orqa tomonlarining asosiy rangi – binafsharang bo‘lib, boshqa ranglar bilan uyg‘unlashgan.

Banknot old tomoni chap qismida Surxondaryo viloyatida joylashgan XI-XII asrlarga tegishli “ABU ISO TERMIZIY MAQBARASI” me’moriy yodgorligi tasvirlangan.

Yuqori qismining chap tarafida “50000” raqami to‘q qizil rangda, yuqori qism markazida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni yarmi ko‘k rangda va yarmi to‘q qizil rangda hamda yuqori o‘ng burchakdagi O‘zbekiston Respublikasining Gerbi to‘q qizil rangda joylashgan.

O‘ng va chap tomoni chekkasida joylashgan ko‘k rangdagi maxsus element ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bo‘yoqning bo‘rtmalik xususiyati hisobiga banknotning qiymatini aniqlash imkonini beradi.

Banknotning quyi qismida naqshinkor tasvir fonida “latent” (yashirin) tasvir “UZ” ko‘rinishida berilgan bo‘lib, u yorug‘lik manbaiga nisbatan ma’lum qiyalikda ko‘rinish xususiyatiga ega.

Quyi qismining chap tomonida banknot qiymatini aks ettiruvchi “ELLIK MING SO‘M” yozuvi va “O‘ZBEKISTON SO‘MI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TO‘LOVLAR UCHUN O‘Z QIYMATI BO‘YICHA QABUL QILINISHI SHART” matni joylashgan.

Yuqoridagi tasvirlar metallograf bosma usulida bajarilgan bo‘lib, barmoq uchi bilan siypalaganda buyoqning bo‘rtmaligini sezish mumkin.

Banknot o‘ng qismidagi och fonda nusxa ko‘chirishga qarshi har xil diametrdagi xalqalar joylashgan bo‘lib, nusxa ko‘chirilganda tasvirlardagi aniqlik yo‘qoladi.

Yuqori qismidagi O‘zbekiston xaritasi chizmasida och chiziqlar bilan “Buyuk Ipak yo‘li” karvon yo‘llari yo‘nalishi ko‘rsatilgan.

Yuqori chap qismida Surxondaryo viloyati Sopollitepa arxeologiya yodgorligi topilmasi bo‘lgan “naqshinkor tamg‘a” tasviri registr vazifasini bajargan holda, “old” va “orqa” tomonlarini bir-biri bilan mos tushirish uchun xizmat qiladi. Yorug‘likka qaratilganda oq qismi banknotning orqa tomonidagi rangli elementlar bilan qo‘shilib to‘liq tasvir hosil bo‘ladi.

Banknotning raqami lotin alifbosidagi ikki harfli seriya va yetti xonali sondan tashkil topgan bo‘lib, o‘ng qismida gorizontal va chap qismida vertikal ko‘rinishda bosilgan.

Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi III-I asrlarga tegishli bo‘lgan Surxondaryo viloyati hududidagi qadimiy yodgorlik – “FAYOZTEPA ARXEOLOGIYA YODGORLIGI” tasvirlangan.

Markaziy qismida tinchlik ramzi bo‘lgan “uchayotgan kabutar” tasvirida zamonaviy “Spark live” maxsus himoya elementi qo‘llanilgan bo‘lib, turli qiyalikda tasvirda rang o‘zgarishi va siljish effektini hosil qiladi.

O‘ng qismida Surxondaryo viloyati Sopollitepa arxeologiya yodgorligi topilmasi bo‘lgan miloddan avvalgi XVII-XV asrlarga tegishli 2 xil ko‘rinishdagi sopol idishlar tasviri aks ettirilgan.

Yuqori chap qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni va banknot muomalaga chiqarilgan yil “2021” chop etilgan.

Banknotning pastki qismi chap va o‘ng burchaklarida banknot nominal qiymati “50000” raqami oq rangda bir chiziqda hamda yuqori o‘ng burchakda “ELLIK MING SO‘M” yozuvi tushirilgan.

Pastki qismida “O‘ZBEKISTON SO‘MINI QALBAKILASHTIRISH QONUNGA MUVOFIQ TA’QIB QILINADI” matni ogohlantiruvchi yozuv sifatida qayd etilgan.

100 000 so‘mlik banknot:

O‘lchami 152 x 69 mm.

Banknotning o‘ng tarafida och fonda qadimgi “Buyuk Ipak yo‘li”ning ramzi sifatida tuya va “100000” raqami ko‘rinishida suv belgilari joylashgan.

Banknotning o‘ng tarafida qog‘oz qatlamida kengligi 4 mm.li, sariq rangli, “siljish” effektiga ega bo‘lgan, ’”UZB” matnli rangi o‘zgaruvchan, metallashgan va mashinada o‘qiladigan himoya ipi o‘tkazilgan.

Old va orqa tomonlarining asosiy rangi sariq rangda bo‘lib, boshqa ranglar bilan uyg‘unlashgan.

Banknot old tomoni chap qismida Xorazm viloyatining Xiva shahrida joylashgan “ICHAN QAL’A” tarixiy muzeyi tasvirlangan.

Yuqori qismining chap tarafida “100000” raqami, yuqori qism markazidagi “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni jigarrangda hamda yuqori o‘ng burchakdagi O‘zbekiston Respublikasining Gerbi yashil rangda joylashgan.
O‘ng va chap tomoni chekkasida joylashgan jigarrangdagi maxsus element ko‘rish qobiliyati past bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bo‘yoqning bo‘rtmalik xususiyati hisobiga banknotning qiymatini aniqlash imkonini beradi.

Banknotning quyi qismida naqshinkor tasvir fonida “latent” (yashirin) tasvir “UZ” ko‘rinishida berilgan bo‘lib, u yorug‘lik manbaiga nisbatan ma’lum qiyalikda ko‘rinish xususiyatiga ega.

Quyi qismining chap tomonida banknot qiymatini aks ettiruvchi “BIR YUZ MING SO‘M” yozuvi va “O‘ZBEKISTON SO‘MI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TO‘LOVLAR UCHUN O‘Z QIYMATI BO‘YICHA QABUL QILINISHI SHART” matni joylashgan.

Yuqoridagi tasvirlar metallograf bosma usulida bajarilgan bo‘lib, barmoq uchi bilan siypalaganda buyoqning bo‘rtmaligini sezish mumkin.

Banknot o‘ng qismidagi och fonda nusxa ko‘chirishga qarshi har xil diametrdagi xalqalar joylashgan bo‘lib, nusxa ko‘chirilganda tasvirlardagi aniqlik yo‘qoladi.

Yuqori qismidagi O‘zbekiston xaritasi chizmasida och chiziqlar bilan “Buyuk Ipak yo‘li” karvon yo‘llari yo‘nalishi ko‘rsatilgan.

Yuqori chap qismida “ICHAN QAL’A” tarixiy muzeyi markazida joylashgan minora tasviri registr vazifasini bajargan holda, “old” va “orqa” tomonlarini bir-biri bilan mos tushirish uchun xizmat qiladi. Yorug‘likka qaratilganda oq qismi banknotning orqa tomonidagi rangli elementlar bilan qo‘shilib to‘liq tasvir hosil bo‘ladi.

Banknotning raqami lotin alifbosidagi ikki harfli seriya va yetti xonali sondan tashkil topgan bo‘lib, o‘ng qismida gorizontal holatda qizil rangda va chap qismida vertikal holatda qora rangda bosilgan.

Banknot orqa tomonida III-IV asrlarga tegishli bo‘lgan qadimiy Xorazm davlatining poytaxti vazifasini bajargan qal’a - “ANGKAQAL’A ARXEOLOGIYA YODGORLIGI” tasvirlangan.


Markaziy qismida “qirrali naqsh” tasvirida zamonaviy “Spark live” maxsus himoya elementi qo‘llanilgan bo‘lib, turli qiyalikda tasvirda rang o‘zgarishi va siljish effektini hosil qiladi.

O‘ng qismida Xorazm viloyati arxeologiya yodgorligi topilmasi bo‘lgan X asrga tegishli sopol idish va miloddan avvalgi I asrga tegishli kumush tanga tasviri aks ettirilgan.

Yuqori chap qismida “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni va banknot muomalaga chiqarilgan yil “2021” chop etilgan.

Banknotning pastki qismi chap va o‘ng burchaklarida banknot nominal qiymati “100000” raqami oq rangda bir chiziqda hamda yuqori o‘ng burchakda “BIR YUZ MING SO‘M” yozuvi tushirilgan.

Pastki qismida “O‘ZBEKISTON SO‘MINI QALBAKILASHTIRISH QONUNGA MUVOFIQ TA’QIB QILINADI” matni ogohlantiruvchi yozuv sifatida qayd etilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring