«Men 30 yoshgacha millioner bo‘laman»
Har qanday inson – xom sut emgan banda. U hayot so‘qmoqlarida qoqilishi, bilib-bilmay xatoga yo‘l qo‘yishi tabiiy. Yoki o‘ziga xos fe’l-atvori, yoqimsiz-xunuk qiliqlari bilan o‘zgalarni hayratga solishi mumkin. Eng achinarlisi, allaqanday yovuz kimsalar ezgu niyatda yaratilgan, bashariyat koriga yarayotgan ixtiro-kashfiyotlarning ayrimlaridan g‘araz maqsadlarda foydalanadi. Pirovardida el-ulusga ortiqcha g‘am-tashvish keltirib, mualliflari sha’niga dog‘ tushirishadi. Bunday holatlarni sayyoramizning eng boy insonlardan biri – «Microsoft» kompaniyasi asoschisi Bill Geyts ham boshidan kechirgan. Lekin u hech qachon tanlagan yo‘lidan qaytmagan, mudom ahdida sobit turgan.
Bo‘lar bola boshidan ma’lum...
Bill Geytsning to‘liq ism-sharifi Uilyam Genri Geyts III. U 1955-yil 28 oktyabrda Sietlda tug‘ilgan. Ajdodlaridan biri parlament a’zosi va shahar meri bo‘lgan, bobosi AQSh Milliy bankining vitse-prezidenti vazifasini ado etgan. Otasi Uilyam Genri Geyts II nihoyatda obro‘-e’tiborli huquqshunos edi. Onasi – uch farzandli uddaburon biznesmen Meri Maksvell Geyts esa United Way uyushmasining milliy ijro qo‘mitasi tarkibiga kiritilgan birinchi ayol sanalardi.
Bill nufuzli oilada dunyoga kelib, yaxshi tarbiya topgani, doimo kattalarning pand-nasihatiga quloq tutgani bois, bolaligidanoq puxta bilim olish payida bo‘ladi. Ayniqsa, matematika fani va texnik qurilmalarga astoydil qiziqadi. 13 yoshida ilk bor kompyuterni ko‘radi, undan foydalanib, boshqa tillarni o‘rganishga intiladi. Ko‘p vaqtini dasturlashni tushunib olish va yangilarini yaratishga sarflaydi. Debochasiga BASIC vositasida «Krektiki-noliki» o‘yinini ishlab chiqadi. Shu asno maktab kompyuteriga o‘g‘rincha kirib, uning dasturiga taalluqli maxfiy ma’lumotlarni zimdan o‘zlashtiradi.
Evaziga tegishli tartibda jazolanadi, shuning barobarida, shahar kompyuter markazida dasturchi sifatida ishlashga taklif etiladi. Maktab rahbarlari esa undan kompyuterda darslar jadvalini yozib berishini so‘rashadi.
Bill 7-sinfni bitirgach, ta’lim-tarbiya a’lo darajada yo‘lga qo‘yilgan «Lakeside»da, ya’ni aslzodalar zurriyotlariga mo‘ljallangan xususiy maktabda o‘qiy boshlaydi. Bu dargohda dasturlash bo‘yicha avval orttirgan bilim-ko‘nikmalarini yanada mustahkamlaydi. Yangilik yaratish ilinjida kompyuterxonaga tanda qo‘yadi. Haftasiga 20–30 soat vaqtini, hatto dam olish kunlarini ham uch nafar o‘rtog‘i bilan shu yerda o‘tkazadi. Alaloqibat, parolni o‘marishda gumon qilingani hamda Computer Center Corporation kompaniyasiga tegishli kompyuterni zo‘riqtirib ishdan chiqargani sababli yoz bo‘yi undan foydalanish huquqidan mahrum qilinadi.
Bill 16 yoshida TRW korporatsiyasiga ishga kiradi, bir yildan so‘ng mehr-oqibatli sheriklari ishtirokida yo‘l trafiklarini aniqlash va hisobotlar tayyorlashda soha muhandislariga asqatadigan asboblar ishlab chiqaradigan Traf-O-Data kompaniyasini tashkil qiladi. Bu uskunalarni sotish 1972–1982-yillarda kompaniyaga 794,31 million dollar daromad keltiradi. Natijada tinib-tinchimas yigitlar bilan hamkorlik qilish istagida bo‘lganlar safi kengayadi.
32 yildan keyin berilgan diplom
Garvard universiteti xalqaro miqyosda mavqei baland oliy ta’lim muassasalari sirasiga kiradi. Unda ko‘plab mashhur insonlar qatori AQShning yetti nafar sobiq prezidenti, chunonchi, Ruzvelt, Jon Kennedi, kichik Jorj Bush, Baraka Obama tahsil olgan. 1973-yili Bill ham shu qutlug‘ dargohda o‘qish baxtiga muyassar bo‘ladi.
Chamasi, u o‘sha kezlardayoq kelajagini oldindan ko‘ra bilgan. Shundanmi, «Men o‘ttiz yoshga yetgunimcha millionerga aylanaman!» degan gapni bot-bot takrorlardi. «Kelajakda har bir uy va ishxonada, har qaysi stol ustida kompyuter bo‘lishi shart! Uning yordamida ko‘p ishlarni bajarish mumkin!» degan fikrni ham tez-tez aytardi. Ustozlari va kursdoshlari esa, Billning ustidan kulishardi. Garchi mohir dasturchi ekanligini yakdillik ila e’tirof etishsa-da, so‘zlarini maqtanchoqlikka, orzularini xomxayolga yo‘yishardi.
Geyts ikkinchi bosqich nihoyasida talabalar safidan chiqarildi. Bunga kompyuterda ishlashga mukkasidan ketgani, dam-badam dars qoldirgani va imtihonlardan o‘tolmagani sabab bo‘ldi. Ammo u o‘qishdan haydalganiga ko‘pam achinmadi. Dasturiy ta’minotlar yaratish bo‘yicha olib borayotgan izlanishlarini yanada avj oldirdi va tez orada murakkab matematik masalani yechadigan dasturni kashf qildi. Albukerke shahriga ko‘chib o‘tgach, qadrdon do‘sti Pol Allen bilan maslahatlashib, mikroprotsessorlar uchun kodlar yozadigan, buyurtmalarga binoan dasturlar tayyorlab beradigan Microsoft kompaniyasiga asos soldi. Uning aksiyalaridan 64 foizi o‘ziga, 36 foizi Pollga tegishli edi.
Mazkur kompaniya kompyuterlar uchun zamonaviy qurilmalar, litsenziyalangan operatsion tizimlar va dasturiy ta’minot omillarini yetkazib berishga harakat qildi. Ezgu niyatda turli firma va kompaniyalar bilan aloqalarini mustahkamladi. Basma-basiga Windows 95 operatsion tizimini ishlab chiqib, kompyuter texnologiyalari olamida rosmana inqilob yasadi.
Bularning barchasi Bill Geyts olamshumul yutuqlarga erishishi va shon-shuhrat cho‘qqisiga ko‘tarilishi uchun puxta zamin hozirladi. Ammo mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish, sun’iy g‘ovlarni yengib o‘tish oson kechmadi. Negaki, Billni tovlamachilik yo‘li bilan chuv tushirib ketganlar ham, dastur-g‘oyalar o‘g‘risi va monopoliyachi sifatida ayblab, malomat toshi otganlaru har xil uydirma tarqatganlar ham ko‘p bo‘ldi. U chidadi, hammasiga bardosh berdi.
1986 yili Microsoft birja savdosiga chiqarildi. Bill uning qolgan barcha aksiyalarini sotib olib, tom ma’noda o‘ta zabardast mulkdorga aylandi. Keyinchalik kompaniya tushumlari jadal sur’atlarda ko‘paydi. Shuning samarasi o‘laroq, 1994-yili Bill Geyts 9,35 milliard dollarga ega chiqib, jahonning eng boy tadbirkorlari orasida birinchilikni egalladi. Bu boradagi g‘oliblikni qatorasiga 14 yil qo‘ldan boy bermadi. Yana deng, salkam chorak asr «AQShning eng badavlat odami» reytingida yetakchilik qildi. Faqat 2018 yil 90 milliard dollar bilan bir pog‘ona pastga tushdi. Bundan qat’i nazar, yillar osha daromadlari hisobidan 10 milliard dollardan ziyod soliq to‘ladi.
Dunyo dunyo bo‘lib, hali biron-bir millioner yoki milliarder davlat g‘aznasiga buncha pul topshirmagan bo‘lsa kerak.
Bill Geyts hayotida 2007-yil unutilmas iz qoldirdi. Chunki Garvard universiteti rahbariyati 32 yil burun o‘qishdan chetlatilgan sobiq talabasiga bitiruvchi maqomini berdi va uni faxriy doktor darajasiga loyiq ko‘rdi.
Agar u vafot etsa...
Bill Microsoft kompaniyasini 2008 yilgacha boshqardi. O‘tgan davr mobaynida o‘zining Corbis va «bgC3« kompaniyalarini tuzdi, MS Office, IE, Java uchun Macintosh mahsulotlarini ishlab chiqarish, vedioaloqani joriy etish, turli yo‘nalishlarda ilmiy izlanishlar olib borish choralarini ko‘rdi. Axborot texnologiyalari ravnaqi va biznes muammolariga bag‘ishlangan kitoblar bitdi. So‘ngra shaffof energiya manbalari yaratishga ajratiladigan davlat investitsiyalarini besh yilda ikki baravar ko‘paytirib, 20 million dollarga yetkazish tashabbusi bilan chiqdi. «Facebook» ijtimoiy tarmog‘i asoschisi Mark Sukerberg bilan birga, xususiy investitsiyalarni toza va muqobil energiya manbalarini axtarib topish va ishlab chiqishga jalb etuvchi Breakthrough Energy Coalition jamg‘armasini ochdi. 2004 yilgi prezident saylovi tadbirlariga 33.335 dollar ajratdi, o‘sha yili Berkshire Hathaway kengashiga a’zo bo‘ldi. Samarali xizmatlari uchun turli orden va unvonlar bilan taqdirlandi, o‘zi yil odami deb topilib, AQShning eng katta hurmatga sazovor erkaklari ro‘yxatida 5-o‘rinni egalladi.
Yana bir gap. Geyts dongdor ishbilarmon va sarmoyador Uoren Baffett hamkorligida butun dunyo boylarini xayr-ehson qilishga chorlovchi «Tortiq qilish qasamyodi» kompaniyasini shakllantirdi. Bu da’vatni yuzdan ortiq milliarder ma’qulladi va shaxsiy mablag‘larining yarmini savobli ishlarga sarflashga va’da berdi.
Geyts Microsoft rahbarligidan voz kechgach, bir muddat korporatsiya direktorlari kengashi raisi vazifasini bajardi. Butunlay iste’foga chiqqandan keyin esa o‘z va rafiqasi Melindaning ismi bilan ataluvchi jamg‘armasini tuzdi. Hozirgacha beshta xayr-saxovat tashkilotiga 37 milliard, boshpanasizlarga 500 million dollar in’om qildi. Ta’kidlashlaricha, u bandalikni bajo keltirsa, bor sarmoyasining atigi 10 million dollari farzandlariga taqsimlab beriladi, qolganlari to‘lig‘icha jamg‘armasi hisobiga o‘tkaziladi.
Geyts koshonasi
Shubhasiz, katta boylik egalarining turmush tarzi va sarf-xarajatlari ham shunga yarasha bo‘ladi. Mana, Bill Geytsdan qiyos. U Vashington shtatining so‘lim go‘shasidagi kattaroq yerni 1988 yili 2 million dollarga xarid qilgan. Shu yerda qad rostlagan «Zanadu 2.0» deb ataluvchi mahobatli turarjoy qurilishi uchun esa yetti yil mobaynida 63 million dollar sarflagan.
Uy asosan Oregon qarag‘ayi yog‘ochidan tiklangan va istalgan darajada isitish-sovitish yoki yoritishga xizmat qiluvchi sensorlar, lazerli qo‘riqlash vositalari bilan jihozlangan. Elektron gulqog‘ozlar yopishtirilgan devorlardagi suratlar pult yordamida o‘zgartiriladi. Xohlaganlar ularni ekranlar orqali ko‘rishlari ham mumkin.
Bu koshonada katta suzish havzasi, 4 ta dush va 2 ta yechinish xonasi, 24 ta vannaxona, sauna, trenajyor zallari, sakratadigan kapron to‘r, 6 ta oshxona, 200 o‘rinli ziyofat zali, 1 ta bar, 20 o‘rinli uy kinoteatri, musiqiy tizim, Geyts 1994-yili kimoshdi savdosida 30,8 million dollarga sotib olgan Lester kodeksi, Leonardo da Vinchining XIV asrga oid qo‘lyozmasi saqlanayotgan katta kutubxona, mehmonxona, 23 ta mashina sig‘adigan garaj bor.
Turli elektron qurilmalarga to‘la bu imoratning qiymati 124 million dollar atrofida, yillik solig‘i esa million dollardan oshadi.
Ko‘rib turganingizdek, haqiqiy tadbirkorlar va ishbilarmon mulkdorlar doimo mamlakatga naf keltiradi, halol mehnatlari, beminnat himmatlari bilan taraqqiyotga va turmush farovonligiga ulkan hissa qo‘shadi.
A.Haydarov


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter