Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Men bilan suratga tushing...»

«Men bilan suratga tushing...»

Foto: «Vesti.uz»

...Qo‘limga to‘yxat berib ketishdi. O‘qisam, uch-to‘rtta qo‘shig‘i bilan radio-televideniyeda chiqib, sal-pal tanilib qolgan xonandalardan biri uylanayotgan ekan. Salom-aligimiz borligi bois aytilgan to‘yxonaga o‘tdim. Karnay-surnay, shovqin-suron avjiga chiqib, yasan-tusan kiyimlar kiygan kelin-kuyov «sahna»ga chiqishdi. Biyrongina o‘rtakash (bu so‘zning asl ma’nosi qandayligi va qachon paydo bo‘lgani noma’lum) yigitcha to‘y kechasining rasman ochilganini e’lon qildi.

Boshlandi tomosha! O‘yin-kulgi, bazmi jamshid avjiga chiqdi. Yarim soat ichida hayhotday to‘yxona o‘rtasida hatto yurishga ham joy qolmadi. O‘tirgan mehmonlar hisobli, katta-yu kichik davrada: tavba, bu dunyoda hamma raqqosa-yu, hamma havaskor qo‘shiqchi(to‘yga kelganlardan ayrimlarining musiqachilar yoniga o‘tib o‘zlaricha jo‘rovoz ham bo‘lganiga ne deysiz?)ga «aylandi».

Birov birovni eshitmaydi, tanishroq odam yoningizda o‘tirgan bo‘lsayam imo-ishora bilan gaplashasiz. Iloj yo‘q, to‘rt tomonga qo‘yilgan bahaybat «kolonka»lardan chiqayotgan ovoz quloqni teshib yuboray deydi. Bir payt davrakash avval kuyovjo‘raga, keyin esa kelinning dugonasiga so‘z berdi. Qisqagina tilakdan so‘ng yana navbat balandparvoz ohanglarda tanishtirilgan «taniqli san’atkor»(hali san’at maydoniga kirolmayotgan)larga berildi. Xullas...

Yo‘q, men bu bilan bir dabdabali to‘y manzarasini batafsil tasvirlamoqchi emasman. Aksincha, shu bahona keyingi paytlarda ommaviy ravishda shaharu qishloqlarimizda urfga kirib borayotgan, to‘y-tomosha ko‘rib dam olaman, ko‘ngil yozib o‘tiraman deydiganlarning asabini buzayotgan noxush bir holat xususida so‘z yuritmoqchiman, xolos.

Shunday qilib, biz borgan to‘yga ham odatdagidek «navbatchi» va boshlovchi xonandalardan keyin ancha tanilib qolgan san’at (yo sanoatmikan?) «yulduz»lari salobat va viqor bilan «tashrif buyurishdi» (o‘rtakash yigit izohi). Ulardan uch-to‘rttasi to‘rga o‘tib, shogirdlarini qutlab ham qo‘yishdi.

So‘ng jonli (aslida esa... ishonasizmi, jonsiz fonogrammani aksariyat qo‘shiqchilar bugungi kunda to‘ylarda ham qoyilmaqom qilib uddalashayapti. Ishonasizmi, yaqinda bir to‘yda karnay-surnay sadolarini ham fonogrammada eshitdik!) ijroda kuylay boshlashdi. Albatta, ular orasida el suygan, haqiqiy san’at namoyandalari ham bor edi. Ana endi mezbonu mehmonlar davraga o‘ynash uchun emas, balki haligi xonanda bilan suratga tushish uchun gurros-gurros bo‘lib chiqib kela boshlashdi. Noiloj qolgan qo‘shiqchi «jonsiz» ijrosini yashirish uchun mikrofonni zo‘rg‘a tutib qotib turar, ayrim shirakayf muxlislar esa mikrofonni o‘yinqaroqlik qilib tortib olishganida esa to‘yxonaning narigi burchagidan xonandaning jarangdor «faner» ovozi chiqib turardi. To‘y oxirigacha bu hol necha o‘n martalab takrorlandi. Oxiri kayvoni bir onaxon mikrofonni qo‘liga olib, «baraka topkurlar, sizlar o‘zi to‘yga kelgansizlarmi yo artistlar bilan rasmga tushishga? Bu nima ahvol, na bir qo‘shiq eshitayapmiz, na bir ma’niliroq qutlov? Axir to‘y egalarining ham o‘z orzu-havasi bor, sizlarni yaxshi niyatda shu yerga taklif etgan-ku! Nega birovning to‘yini buzasizlar?» deya javray ketdi. Ana shundan keyingina davra sal tartibga tushdi. Lekin ko‘p o‘tmay yana o‘sha g‘alati «tomosha» boshlandi...

Vaholanki... xuddi shu to‘yga kelganlar orasida kurash bo‘yicha o‘zbeklardan birinchi bo‘lib sport ustasi degan faxrli nom olgan mashhur polvon, sambo bo‘yicha jahon chempioni Sayfiddin Hodiyev (Alloh rahmatiga olsin, yaqindagina dunyodan o‘tdi, ming afsuski, shunday nomdor polvonning xotirasi haqqi-hurmati uchun birorta sport nashrida hatto to‘rt qator ta’ziya ham chop etilmadi — muallif) hamda O‘zbekiston xalq shoiri va kuyov bo‘lmish yigitni san’at yo‘liga yetaklab kelgan «Bulbulcha» bolalar ansamblining badiiy rahbari, fidoyi inson Shermat Yormatov ham bor edi. Ularga na tabrik uchun so‘z berildi, na biror kishi kelib «Men bilan suratga tushing, iltimos» dedi...

Chunki hammaning ko‘zi nurli va nursiz «yulduz»larda edi...

Norqobil Jalil

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring