«Men G‘olib Run» vatanparvarlik yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi
Bugun mamlakat bo‘ylab «Men G‘olib Run» vatanparvarlik yugurish musobaqasining bosqichlari bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasining 14 ta shahrida o‘tkazilib, unda qariyb 40 ming nafar ishtirokchi qatnashdi.
Ommaviy startlarda harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qiluvchi va kuch tuzilmalari xodimlari, vazirlik va idoralar huzuridagi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari kursantlari, viloyatlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahri hokimliklari xodimlari, professional sportchilar, yugurish ixlosmandlari hamda mamlakatning turli hududlaridan kelgan aholi vakillari ishtirok etdi. Yugurish musobaqalari qahramonlar xotirasini e’zozlash va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishga bag‘ishlandi.

Tadbirda Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi jamoalari, shuningdek, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi vakillari ishtirok etdi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, 10 kilometr masofada jamoaviy birinchilikda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi 32:52 o‘rtacha natija bilan g‘olib bo‘ldi. 10 kilometr masofada shaxsiy hisobda esa Ichki ishlar vazirligi vakili Andrey Petrov 29:15 natija bilan g‘alaba qozondi.

«Men G‘olib Run» O‘zbekistondagi eng yirik ommaviy sport-vatanparvarlik loyihalaridan biriga aylanib, minglab insonlarni xotira, kuch, birdamlik va Vatan himoyachilari jasoratiga hurmat g‘oyasi atrofida birlashtirdi.

Tadbirlar Sport vazirligining umumiy muvofiqlashtiruvi hamda O‘zbekiston Respublikasi Yengil atletika federatsiyasining faol ko‘magi bilan tashkil etildi.



Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter