Moziyga qaytib...
O‘quvchilik davrimizda daftarlarimizda akademik shoir G‘afur G‘ulomning «Vaqt» she’ridagi quyidagi satrlar berilardi:
Aziz asrimizning aziz onlari
Aziz odamlardan so‘raydi qadrin.
Fursat g‘animatdir, shoh satrlar-la
Bezamoq chog‘idir umr daftarin.
Kuni kecha «O‘tkan kunlar» romani nashrining 100 yilligi munosabati bilan Abdulla Qodiriy uy-muzeyida tashkil qilingan «Moziyga qaytib» adabiy-ma’rifiy kechasi haqida yozgim keldi. Fayzli xonadonda A.Qodiriy ijod maktabi o‘quvchilari, Yangi O‘zbekiston universiteti rahbariyati, Respublika «Mahalla» jamg‘armasi, «Qadriyat qanoti» jamiyati hamda «O‘zbekligim-o‘zligim» nodavlat tashkiloti uyushtirgan tadbir bizlarga tariximiz va moddiy-ma’naviy boyligimizga befarq bo‘lmay, ularni asrash yo‘lida nimadir qilib bo‘lsa-da, «umr daftarimizni bezamoq chog‘i»ni eslatdi. Tadbir doirasida Turkiston so‘zana va milliy liboslari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Bilamiz, tarixiy boyliklarimiz xorijiy muzeylarda, xususiy kolleksiyalarda saqlanadi. Ularning ayrimlari bosqinchilik yo‘li bilan olib chiqib ketilgan bo‘lsa, ba’zilarini ajdodlarimizning o‘zi qo‘sh-qo‘llab topshirgan (sotgan). Tan olish kerak, agar o‘sha osori atiqalar xorijda saqlanmaganida edi, o‘zimiz yo‘q qilgan bo‘lardik (hadeb bosqinchilarni ayblayverish ham adolatdan emas). Uzoq yillar Rossiyada saqlangan Muqaddas Qur’oni karim sahifalari aynan mustaqillikning ilk yillarida sotilgani buning yorqin misolidir. Xo‘p, osori atiqalarimizni bosqinchilar talon-toroj qilgan, 40 foizini olib ketishgan deylik. Qolgan 60 foizi qani? O‘zimiz yo‘q qilmadikmi?
Mohira Sultonova AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi xodimi o‘zbekistonliklardan sotib olingan buyumlar (yuzga yaqin ayollar liboslari, palaklar)ni yana qaytarib olib keldi, otasiga rahmat. O‘zimiz bir vaqtlar qadriga yetmay sotib yuborilgan buyumlar yana yurtga qaytmoqda. «Zar qadrini zargar biladi», deganlari shu bo‘lsa kerak. Bir vaqtlar Omon Matjon kuyinib yozgan edi:
Aslini yaratgan xalqning o‘zida asli yo‘q
Eshitganlar balki kuladi.
Hali qancha Hamid Sulaymonlar
Qo‘lyozmalar ustida o‘ladi...
Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari «O‘tkan kunlar»ni sahnalashtiribdi. Qoyil qoldim. Cahnalashtirilgan kompozitsiya haqida fikr bildiradigan bo‘lsam, agar shu parcha ijtimoiy tarmoqlar yoki xususiy telekanallarda berilsa bormi, nur ustiga nur bo‘lardi. O‘quvchilarning iste’dodiga qoyil. O‘zlariga topishirilgan rollarni qoyilmaqom ijro etishibdi.
Bilasizmi, men ilk «O‘tkan kunlar»ni o‘qib chiqqanimda Xushro‘ybibini o‘sha paytlarda ancha mashhur bo‘lgan (ayniqsa, «Qutlug‘ qon»dagi Nuri roli bilan) aktrisa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tamara Mahkamova qiyofasida tasavvur qilgan edim. To‘g‘ri, hozirgi yosh avlod Tamara Mahkamovani bilmasligi mumkin. Fikri ojizimcha, Saida Rametova rollari ko‘p hollarda Tamara Mahkamovaga o‘xshab ketadi. O‘quvchilar ijrosidagi «O‘tkan kunlar»dan parchalarni ko‘rib, Xushro‘ybibi rolini ijro etgan qizchamizni beixtiyor Tamara Maxkamovaga o‘xshatib yubordim.
Bilamiz, badiiy asarlardagi salbiy qahramonlarni ko‘pchilik xunuk ko‘rinishda qabul qiladi. Ammo Abdulla Qodiriy Xushro‘ybibini ham, Zaynabni ham Toshkentning go‘zal qizlaridan ekanini urg‘ulaydi.
Sahna ko‘rinishida ikki opa-singil suhbati oldingi o‘ringa chiqarilishida ramziy ma’no bor. Shu tariqa, aslida Kumushni bevosita Zaynab emas, bilvosita opasi Xushro‘ybibi o‘ldirganiga urg‘u berilgan.
So‘nggi yillarda yurtimizda «Zakovat» o‘yinlariga qiziqish kuchaydi. Tadbir doirasida «quiz» bellashuvi tashkil etildi. Birinchi o‘rin egalariga oltita planshet hadya qilindi. Faol ishtirokchilarga ham maxsus sovg‘alar berildi.
Bilamiz, bu kabi o‘yinlarda ishtirokchilar ma’lum ma’noda pul to‘laydi. «Moziyga qaytib» tadbiri doirasida o‘tkazilgan o‘yindagi barcha harajatlar Mohira Sultonova tomonidan qoplandi. Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon berilgani bois hamkasblarimiz kelib, o‘yinda ishtirok etsa kerak, degan hayolga borgandim. Ammo barmoq bilan sanoqli jurnalistlar bordi. «Zakovat»da asosan yoshlar ishtirok etdi. Biz, kattalar ham jamoa tuzib ramziy qatnashdik (ya’ni yutgan taqdirimizda ham yutuqdan voz kechishni niyat qildik). Tan berish kerak, savollar juda mukammal, a’lo darajada tuzilibdi. Mushohadaga undovchi savollar bo‘ldi. To‘g‘risi, ba’zi savollarga javob topishda jamoamizdagilar qatori men ham qiynaldim.
«Moziyga qaytib» tadbiri menga juda ta’sir qildi. Do‘stimiz Farruh Jabborov yaxshi bir fikrni o‘rtaga tashladi: «Bu kabi tadbirlarni Abdulla Qodiriy uy-muzeyida tez-tez o‘tkazib turish kerak ekan».
Mayli, biz jurnalistlar auksionda balki ishtirok eta olmasmiz. Ammo mana shu kabi tadbir, mana shu kabi auksion haqida yozib, oz bo‘lsa-da odamlarni uyg‘onishiga hissa qo‘shishimiz kerak emasmi? Shoir yozganidek:
Shuhrat qoldirmoqqa Gerostratdek
Diana ma’badin yoqmoq shart emas.
Ko‘plarning baxtiga o‘zlikni jamlab,
Shu ulug‘ binoga bir g‘isht qo‘ysak bas.
Bir so‘z bilan aytganda, Abdulla Qodiriy uy-muzeyida bo‘lib o‘tgan adabiy-ma’rifiy kecha juda manfaatli va unutilmas bo‘ldi. Zero, bobomiz Yusufbek hoji tili bilan aytganda, “Bu dargohdan hech kim norizo bo‘lib ketgan ermas!”
Sharofiddin To‘laganov


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter