Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mudofaa vazirligining bayrog‘i va emblemasi tasdiqlandi

Mudofaa vazirligining bayrog‘i va emblemasi tasdiqlandi

Foto:Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Prezidenti 27-noyabr kuni «O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining bayrog‘i va emblemasini ta’sis etish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Vazirlik axborot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi bayrog‘i to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi ko‘k rangli mato ko‘rinishiga ega bo‘ldi. Bayroqdagi ko‘k rang hokimiyat, ulug‘vorlik, qadr-qimmat, kuch va qudratni ifoda etadi. Bayroqning old va orqa tomoni markazida geraldik belgi — Mudofaa vazirligining emblemasi tasvirlangan.

Bayroqning uzunligi 250 sm, eni — 125 santimetrga teng. Boshqa o‘lchamlardagi bo‘lganida bayroqning uzunligi va kengligi nisbati 1:2 ni tashkil etishi lozim bo‘ladi.

Mudofaa vazirligining geraldik belgisi — emblemasi esa sariq va ko‘k rangli aylana tasmasi bo‘lgan sariq rangdagi doiradan iborat.

Foto:Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Aylana tasmaning yuqori qismida sariq rangli bosh harflar bilan lotin alifbosida «O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI», pastki qismida — «MUDOFAA VAZIRLIGI», deb yozilgan.

Emblemaning ichki qismida qadim zamonlarda davlatchilik, barkamollik, birlik va lashkarlik ramzini anglatuvchi, shuningdek, qadim Sharq davridan ilmiy me’morchilikning asosiy elementi bo‘lmish sakkiz qirrali yulduz joylashgan. Yulduzning burchaklari o‘rtasida zarrin rangdagi nurlar taramlari mavjud.

Sakkiz qirrali yulduzning o‘rtasida otda savlat bilan o‘tirgan buyuk sarkarda Amir Temur tasvirlangan. Fon va figura mintaqamizga xos bo‘lgan, shuningdek, kuch va qudrat ramzi hisoblanuvchi zarrin rangda bajarilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring