Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mushtumzo‘r metodist. Andijon XTB tizimida bo‘layotgan xunuk voqea

Mushtumzo‘r metodist. Andijon XTB tizimida bo‘layotgan xunuk voqea

Besh oydirki, boshi g‘avg‘odan chiqmay qolgan Nilufar Mamatqulovaning bor-yo‘q aybi o‘quvchisiga bo‘lgan mehri, undagi ruhiy o‘zgarishlardan xavotir olganligi edi, xolos. Uning o‘rnida bo‘lgan har qanday risoladagi pedagog shunday yo‘l tutadi aslida.

...2018-yilning oktyabr oyida Andijon shahridagi 3-umumta’lim maktabining 10-sinfiga yangi o‘quvchi qiz qabul qilindi. Ona tili va adabiyot o‘qituvchisi Nilufar Mamatqulova yosh bo‘lganligi uchunmi, ustoz-shogird o‘rtasida samimiy, aytish mumkinki bir qadar do‘stona munosabat shakllanadi. O‘quvchi bot-bot «Sizga havas qilaman, men ham sizdek o‘qituvchi bo‘lsam qaniydi!» deyishni kanda qilmaydigan bo‘ldi. Qish kunlarining birida o‘zaro suhbat chog‘ida u o‘qituvchiga oilasidagi muammolardan bezganini, ota-onasi uni ko‘pam tushunavermasligini, uydan qochib ketmoqchi ekanligini aytadi. Tabiiyki, bu hol Nilufarni sergak torttiradi. Bu haqda o‘z vaqtida sinf rahbariga xabar beradi.

O‘quvchisi singlisidek bo‘lib qolgan emasmi, Nilufar boshqa bir hamkasbi bilan qizning uyiga boradi. Ota-onasi bilan farzandining taqdiri haqida suhbatlashib, vaziyatdan ogohlantiradi. O‘qituvchining bir bola taqdiriga munosabati shunchalik bo‘lar, to‘g‘rimi? Buning uchun ota-ona rahmat aytishi kerak, aslida.

Bizning holatda-chi?

O‘sha voqeaning ertasigayoq qizning otasi maktab yetib kelib, bir kun avval uyiga borgan ikki o‘qituvchining dars soatlarini surishtira boshladi. Boz ustiga, yig‘ilish chaqirtirib, hamkasblari oldida ularni kechagi holat takrorlanmasligi xususida jiddiy ogohlantiradi. Nilufar qizning otasidan uzr so‘raydi! Ma’lum bo‘lishicha, ota bo‘lmish Andijon shahri xalq ta’limi bo‘limida jismoniy tarbiya metodisti bo‘lib ishlar ekan. Farzandining taqdiri uchun kuyingan ikki o‘qituvchini ko‘pchilik oldida kechirim so‘ratishining quvvati ham shunda: u XTBda ishaydi-ya....

Ayni ko‘ngilsizlik shu bilan tinchib ketsa, qani! Yo‘q, aksincha, haqiqiy g‘avg‘o keyin boshlandi. Shu yil fevral kunlarining birida yuqorida tilga olganimiz – shahar xalq ta’limi bo‘limi jismoniy tarbiya metodisti maktabga kelib, direktor Mufazzal Qodirovadan o‘qituvchi Nilufar Mamatqulovaning xulqi yaxshi emasligini(!), shu sabab ishdan bo‘shatishni talab qiladi. Dastlab direktor bunga ko‘nmaydi. Biroq bosimlar davom etavergach, fevral oyining oxirlarida direktor Nilufarni huzuriga chaqirtirib, vaqtincha ishdan bo‘shash haqida ariza yozib berishini iltimos qiladi. O‘qituvchi taklifni rad etadi.

Oradan ko‘p o‘tmay ertalab ishga kelgan Nilufar maktab hovlisiga kiraverishda ayni mojaroli holat qahramonlari – o‘quvchi qizning ota-onasi, boshqa yana uch nafar notanish odamlarga ro‘baro‘ keladi. Ular «Sen qizimizning miyasini aynityapsan, unga bema’ni SMSlar yozib, xulqiga salbiy ta’sir ko‘rsatyapsan», deb, he yo‘q-be yo‘q, N.Mamatqulovaga qo‘l ko‘tarishgacha boradi! O‘qituvchi va maktab qorovullari Nilufarni mushtumzo‘rlarning changalidan qutqarib qolishadi. Boz ustiga, metodist akamiz: «Agar o‘z xohishing bilan ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza yozmasang, seni sharmanda qilaman», deya shart qo‘yadi hamda Nilufarning qo‘l telefonini zo‘rlik bilan tortib oladi.

Ojizaga qo‘l ko‘tarishga jazm qilgan janob bu bilan ham kifoyalanmay, maktab direktori va o‘rinbosariga yana tazyiq o‘tkazib, o‘qituvchini ishdan bo‘shatishga erishadi.

Qiz bola boshi bilan tuhmatlarga giriftor bo‘lgan Nilufar qanday vaziyatga tushganligini tasavvur qilyapsizmi?

Ortiqcha g‘alvayu mojarolar, qattiq stress, andisha tuyg‘usi ustun kelib, maktab direktori nomiga ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza berishga majbur bo‘ladi.

Ayni pallada shahar xalq ta’limi bo‘limi metodisti ham Nilufarning ustidan ichki ishlar bo‘limiga shikoyat qiladiki, bu endi «qo‘rqoq oldin musht ko‘tarar» degandek gap.

Xo‘p, metodist yigitning arizasida keltirilgan iddaolar tasdiqlandimi? Yo‘q-da. Buni ichki ishlar bo‘limi tomonidan N.Mamatqulovaga berilgan ikki enli xat tasdiqlab turibdi: «Fuqaro ... tomonidan sizning harakatlaringizdan norozi bo‘lib yozgan arizasi bo‘yicha Andijon shahar IIO FMB 3-son IIB JQB tomonidan bir qator tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilganligini va tekshiruv yakuniga ko‘ra, Sizning harakatlaringizda jinoyat alomatlari mavjud emasligini xabar qilamiz».

Shu o‘rinda Nilufar haqida ikki og‘iz so‘z.

Endigina 25 yoshni qarshilagan o‘qituvchi haqida maktab psixologi shunday xulosa beryapti: «Nozik tabiatli, tafakkuri teran, bilim salohiyati yuqori, ayol kishiga xos bo‘lgan barcha go‘zal xislatlar mujassam. Psixolog sifatida umumiy holda aytishim mumkinki, qo‘yilayotgan ayblovlar bu qizning xarakteriga mos emas». Ayni mojarolar sabab shu yil 23 mart kuni Nilufar Mamatqulova faoliyat ko‘rsatayotgan 3-maktabda navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkaziladi, bayonnomada 80 nafarga yaqin hamkasblarining barchasi u haqdagi ijobiy fikrlarni birdek tasdiqlashadi.

Xo‘sh, Nilufar-chi? Boshiga solingan shuncha ko‘rguliklar uchun haliyam jim o‘tiribdimi? Bekordan-bekorga loy chaplashsa ham indamay turaveradimi? Boz ustiga, tuppa-tuzuk ishidan ayrilgan. Yo‘q, u ham endi andishani bir chetga surib, ayni masala yuzasidan Andijon shahri prokuraturasiga murojaat qildi. Albatta, organ xodimlari bu borada qonuniy, adolatli so‘zni aytadilar.

Hozir ham Andijon shahri xalq ta’limi bo‘limida jismoniy tarbiya metodisti bo‘lib ishlayotgan janobning farzandi ayni maktabda tahsil oladigan pallada darslarni sababsiz qoldirib, salkam uch oy avval boshqa yaqinlari bilan xorijga ketib qolganligini qanday tushunish mumkin? Shahardagi ta’lim muassasalariga bosh bo‘lgan idora mutasaddisi bu borada boshqa ota-onalarga o‘rnak bo‘lishi kerak emasmi? Umuman, o‘z xatti-harakatlarini boshqara olmagan, ayol zotiga tazyiq o‘tkazishdan tap tortmagan insonning xalq ta’limi bo‘limida ishlashga ma’naviy haqi bormi? Xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘ining bu gap-so‘zlardan, o‘z qo‘l ostidagi xodimning «shovvozliklaridan» boxabarmi?

Biz maqoladagi asosiy qahramonning ish joyini ko‘rsatdigu, ismi-sharifini ochiqlamadik.

Gap egasini topadi.

Nurbek Zafar

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring