Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Said

Hayotda mo‘jizalar sodir bo‘ladi

Muxolifatchilar kimlar?

Muxolifatchilar kimlar?

Illyustrativ surat.

Foto: «Pinterest,com»

Amerikada xizmat safari bilan yurgan vaqtimda o‘zini muxolifatchi yoki siyosatchi deb biladigan Isoqjon Zokirov degan odam Mesenjer orqali qo‘ng‘iroq qilib qoldi. U kishi bilan Feysbukda do‘st edik. Ba’zida shaxsiy xabarlar orqali menga O‘zbekistonda ochilmaydigan saytlardan linklar jo‘natib turardi. Avval u kishi bilan gaplashmaganman, kimligi bilan qiziqmagan edim ham. Shunchaki, chet elda yashaydigan o‘zbeklardan biri, O‘zbekistondagi jarayonlarga qiziqib, ba’zida ayrim xabarlarni (odatda noxush yangiliklarni) do‘stlari bilan bo‘lishgisi keladi, deb o‘ylardim.

Xullas, AQShda ekanimni bilishi bilanoq qo‘ng‘iroq qilibdi. Birinchi bo‘lib bergan savoli qizishgan holda:

– Qanday qilib Amerikaga kelib qoldingiz? O‘zbekiston bir qamoqxona bo‘lsa, sizni qanday qilib chiqarib yuborishdi?, – bo‘ldi.

– Aka, siz qaysi zamondagi O‘zbekiston haqida gapirayapsiz?, – deya savoliga savol bilan javob qaytardim. Uning javobi, o‘sha paytdagi vajohatini tasvirlashim qiyin. Aniq aytishim mumkinki, O‘zbekistondagi hozirgi o‘zgarishlardan yo xabari yo‘q, yoki ularni qabul qila olmaydi. Unga qolsa hamma yomon, hammasi yomon. Uning tasavvurida O‘zbekiston qiynoqlar, azoblar mamlakatiga aylangan, hamma o‘t-olov ichida yashayapti, kun ko‘rishga, ro‘shnolik ko‘rishga mutlaqo imkoniyat yo‘q.

Unga hozir O‘zbekistonda butunlay boshqacha muhit ekanini, xorijga chiqish hujjatini hech qanday to‘siq va qiyinchiliklarsiz olganimni, hech kim menga qayerga ketayapsan, deb so‘ramaganini aytdim. U bo‘lsa vajohatidan tushmasdi.

– Siz juda agressiv ekansiz, bu holatingizda sizga O‘zbekistonga viza berilmasligini so‘rardim, dedim oxiri. U bilan ortiq gaplashishni istamadim, liftga chiqqanim, aloqani uzishimni aytib, u bilan suhbatga chek qo‘ydim. Mehmonxona xonasida uni do‘stlar safidan o‘chirib, qora ro‘yxatga ham kiritib qo‘ydim. Shunchaki, o‘zidan faqat qora energiya chiqaradigan odamlar ko‘ngilni xira va g‘ash qilishdan boshqaga yaramagani uchun ovozini «o‘chirib» qo‘ydim.

Bilmadim, qanday yo‘l, qanday sabablar bilan O‘zbekistondan chiqib ketgan u odam. Anig‘i shuki Amerikada yashaydi, shu mamlakatdan siyosiy boshpana olgan. Siyosiy boshpana shunchaki berilmas balki: non-tuz tutganlarning buyruqlarini, buyurtmalarini bajarishi kerakdir. Ehtimol, shunchaki yashab turishiga imkon, sharoit yaratar, boshqasi bilan hech kimning ishi bo‘lmas. Menimcha ikkinchi taxminim to‘g‘riroq. Chunki safar davomida «Amerika ovozi» radiosi jurnalisti Navbahor Imomova bilan o‘zbek muxolifatchilari to‘g‘risida bir oz suhbatlashib qoldik. Suhbatdan chiqargan xulosam shu bo‘ldiki, muxolifatchilarni o‘zlari iddao qilganlaridek Vatan, xalq, millat taqdiri qiziqtirmaydi.

Ular har xil guruh, toifalarga bo‘linib olib, bir-birining ustidan mag‘zava ag‘darish, bir-birini yomonlash, nafrat va adovat tarqatish bilan ovora bo‘lib qolgan. «Birlik», «Erk», «O‘zbekiston xalq harakati» vahokazo guruh yoki partiyalar tuzib, bir-biri bilan it-mushuk o‘ynashadi. Hatto bir safar AQSh senatorlari ularni bir joyga yig‘ib, muloqot qilmoqchi bo‘lgan ekan. Ular katta ta’sir kuchiga ega siyosatchilar bilan konstruktiv muloqot olib borish o‘rniga kongressmenlar ko‘z o‘ngida janjallashib, yetakchilardan biri majlis boshidanoq chiqib ketgan ekan.

Internet orqali ham ularning bir-biriga qarshi yozgan maqolayu ochiq xatlariga ko‘zimiz tushib turadi. Ularni kuzatib muxolifatchilar O‘zbekiston, o‘zbek millati uchun nima qilishmoqda, yoshlarga qaysi ijobiy jihatlari bilan o‘rnak-namuna bo‘lmoqda, kimlarni o‘z ortidan ergashtirmoqda, degan savollarni o‘zingizga berishingiz tayin. Xo‘sh, shu vaqtgacha o‘zbek muxolifatchilarining borligi nimani o‘zgartirdi, yo‘qligi bizga qanday zarar keltirardi? Bilganim ular sababli O‘zbekistonda qanchadan-qancha yoshlar, jurnalistlar qamalib ketdi, qanchasi qiynoqqa solindi. Chetdan turib qilingan iddaolar hech narsa bermadi.

Xullas tushunishim qiyin, hazm qilishim og‘ir. Mening tasavvurimda siyosatchi, muxolifatchi unday bo‘lmaydi. Ular bir-biri bilan ovora bo‘lmasdan, millat, xalq, vatan yo‘lida birlashadi, siyosiy irodasi, bilimi, tajribasi, chet eldagi aloqalarini O‘zbekistonni rivojlantirishga yo‘naltiradi. Ular millat va vatan manfaati uchun aniq taklif va yechimlarni ilgari suradi; yoshlar ongini zaharlab, har xil bo‘xtonu pessimistik g‘oyalarni targ‘ib qilmasdan, ularni ma’rifatga, ilmga chorlaydi, mamlakatda kechayotgan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy o‘zgarishlarda shijoati, tashabbus va g‘oyalari bilan faol qatnashishga undaydi.

Biz bilgan va tanigan muxolifat esa faqat qoralash, yomonlash, g‘iybat, nafratga ko‘milib qolgan. Ular ortidan ergashganlarni yo qamoq, yo musofirchilik yoki xoru zorliklar kutadi. Ular O‘zbekistonga kelib ham biror narsani qoyillatishiga ko‘zim yetmaydi. Faqat islohotlarga xalal berishi, hamma yoqni fisqu fasodga to‘ldirishi mumkin xolos.

PS: Agar ushbu yozganlarimni birorta muxolifatchi o‘qib javob qaytarishni lozim ko‘rsa, yuqoridagi mulohazalarimning to‘g‘riligiga yana bir amin bo‘lasiz. Ular konstruktiv muloqotga layoqatli emas. Faqat nafrat, hissiyot va jazavani kutavering.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring