Nega «yulduzlar» soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaydi?
Shou-biznes – milliardlab dollar aylanadigan katta industriya. Ammo bu ulkan daromad ortida ko‘pincha soliq bilan bog‘liq muammolar ham qalqib chiqadi. Quyida mashhur san’atkorlar va futbolchilar misolida yuqoridagi savolga chuqurroq javob izlaymiz.
Soliqlar juda yuqori – «qochish» istagi shu yerdan boshlanadi
Ko‘plab davlatlarda boylar uchun soliq stavkalari juda yuqori. Masalan, Ispaniyada ayrim hollarda bu miqdor 45–50% gacha yetadi. Shu bois mashhur qo‘shiqchi Shakira Ispaniyada istiqomat qilgan bo‘lsa-da, hujjatlarda o‘zini Bagam orollarida yashayman, deb ko‘rsatgan. Unga 14,5 million yevro miqdorida soliqni to‘lamaslik aybi qo‘yilgan.
Mashhur shaxslar «men nega daromadimning yarmini davlatga berishim kerak?» degan savol bilan soliqdan qochish yo‘llarini izlay boshlaydi.
Ofshor kompaniyalar – eng mashhur sxema
Ofshor hududlar (Panama, Bagam orollari) – soliq past yoki umuman yo‘q joylar. Ular daromadni shu yerdagi kompaniyalarga o‘tkazadi.
Bu usuldan mashhur futbolchi Lionel Messi ham foydalangan. U va otasi reklama daromadlarini ofshor kompaniyalar orqali aylantirgan. Natijada 4,1 million yevro miqdorida soliqdan qochish bo‘yicha ish ochilgan. Sud bo‘lib, jarima qo‘llangan.
«Men buni bilmaganman» – maslahatchilar xatosi
Ko‘plab taniqlilar moliyaviy ishlarini o‘zlari boshqarmaydi. Ular hisobchi va advokatlariga ishonadi.
Krishtianu Ronaldu o‘z ishida aynan shuni ta’kidlagan – moliyaviy sxemalarni to‘liq tushunmaganini aytgan. Oqibatda nima bo‘ldi? U 18,8 million yevro jarimaga tortildi va shartli qamoq bilan jazolandi.
Qonunga qarshi chiqish jiddiy oqibatlarga olib keladi
Ba’zi hollarda mashhurlar soliq to‘lamaslikni ochiqchasiga rad etadi. Buni Hollivudning mashhur jangari filmlar yulduzi Uesli Snayps misolida ko‘rish mumkin. U AQShda bir necha yil soliq deklaratsiyasini topshirmagan. Keyin esa 3 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Bu holat shundan dalolat beradiki, AQSh kabi davlatlarda soliqdan qochish juda qattiq jazolanadi.
Daromad turlari ko‘p – nazorat qilish qiyin
Mashhurlar faqat konsert yoki filmlardan emas, balki reklama, brend shartnomalari va investitsiyalar orqali ham pul topadi. Deylik, Beyonse kabi xonandalarda yuzlab daromad manbalari bor. Bu esa soliq hisobini juda murakkablashtirib yuboradi. Qaysi daromad qayerda soliqqa tortilishi aniq bo‘lmasa, muammo kelib chiqadi.
Psixologik omil – «men qonundan ustunman»
Ba’zi mashhur shaxslarda «menga hech kim tegmaydi» degan fikr shakllanadi. Shu sababli ular xavfli qarorlar qabul qiladi. Lekin amaliyot shuni ko‘rsatadiki, hech kim qonundan ustun emas.
Xullas, taniqlilarning soliqdan qochish sabablari oddiy: yuqori soliqlar, ofshor sxemalar, maslahatchilarga ortiqcha ishonish, katta va nazorat qilish qiyin bo‘lgan daromadlar. Ammo natija doim bir xil: ulkan jarima solinib, sud bo‘ladi va shon-shuhratga putur yetadi.
Aksar hollarda mashhur yulduzlar boyib ketish uchun emas, balki «pulni saqlab qolish» soliqdan qochadi. Lekin oxirida ular yanada ko‘proq pul yo‘qotadi.
Akbar Fathullayev


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter