Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Netanyaxu Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ini Isroilga qo‘shib olmoqchi

Netanyaxu Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ini Isroilga qo‘shib olmoqchi

Foto: «Ksro.com»

Isroil bosh vaziri va mudofaa vaziri Binyamin Netanyaxu agarda 9-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlarida yana bir bora mandatga ega bo‘lsa, Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘idagi bosib olingan Falastin yerlarini Isroilga qo‘shib olmoqchi. Bu haqda «Euronews» xabar berdi.

Sharhlovchilarning fikricha, Netanyaxuning bu qarori Yaqin Sharqni barqarorlashtirish va ikkita davlat tuzishga qaratilgan shu paytgacha amalga oshirilgan barcha sa’y-harakatlarni uzil-kesil yo‘qqa chiqaradi.

«Men suverenitetimizni (Isroilning — tahr.) kengaytirmoqchiman, joylashtirilgan bloklar va o‘rab olingan aholi manzillari o‘rtasida farq ko‘rmayapman. Nazarimda, bunaqangi har bir blok Isroil hududi sanaladi va Isroil nazorati ostida turibdi. Biz, Isroil hukumati bu hududlar uchun javobgarmiz va men ularni Falastin ma’muriyatiga berib qo‘ymoqchi emasman», — ta’kidladi Netanyaxu.

BMT Xavfsizlik kengashining 2016-yilgi 2334-rezolyusiyasi Isroildan Iordan daryosi g‘arbiy qirg‘og‘ida aholi joylashtirish faoliyatini to‘xtatishni talab  qilsada, yahudiy davlati harakatini to‘xtatgan emas. Isroil yarim asr avval g‘arbiy qirg‘oq nazoratini qo‘lga kiritganidan beri bu yerda 120 ta maskan barpo etdi va ularda hozir 400 minggacha aholi yashamoqda.

O‘z navbatida, o‘tgan shanba kuni Las-Vegasda Respublika yahudiylar koalitsiyasi yig‘ilishiga kelgan AQSh prezidenti Yaqin Sharq bo‘yicha bosh maslahatchilari — AQShning Isroildagi elchisi Devid Fridman hamda kuyovi Jared Kushnerdan «qisqa tarixiy saboq» olganidan so‘ng Isroilning Jo‘lon tepaliklarini anneksiya qilishini (o‘z tarkibiga qo‘shib olishini) tan olishga qaror qilganini aytdi.

Biroq Donald Tramp to‘lig‘icha Netanyaxu tarafida emas. Uning fikricha, 9-aprel saylovlarida amaldagi vazir va uning asosiy raqibi — Beni Gans o‘rtasida dahanaki kurash kechadi va ularning ikkalasiga ham «gap yo‘q».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring