Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nihoyat: masofaviy ta’lim sohasidagi mashhur Xon akademiyasi o‘zbek tilida ham bo‘ladi

Nihoyat: masofaviy ta’lim sohasidagi mashhur Xon akademiyasi o‘zbek tilida ham bo‘ladi

Foto:«Khanacademy.org»

Masofaviy ta’lim sohasidagi mashhur Xon akademiyasi o‘zbek tilida ham bo‘lishi uchun 720 kishi 50 000 yevro to‘pladi. «Ma’rifiy loyihaning keyingi bosqichi uchun kerakli mablag‘ning asosiy qismi bir oy ichida yig‘ildi. Shu bilan o‘zbek jamiyati «istiqbolimizning ta’mini uchun kerak bo‘laturg‘on tadbir va chora» atrofida birlasha olishini isbotladi», deb yozmoqda «Minbar.uz» nashri.

«Xursandchilik bilan e’lon qilamizki, sizning yordamingiz bilan «Khan Academy Oʻzbek» jamoasi jahonga mashhur ta’lim manbasi bo‘lmish «Khan Academy» platformasini mahalliylashtirish loyihasining keyingi bosqichi uchun kerakli miqdordagi mablag‘ni yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi», – deydi loyiha tashabbuskorlari.

Xayriya aksiyasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan grant olish uchun amalga oshirilgan edi. Bank grantni «matching funds» sharti bilan taklif qilgan, ya’ni o‘zbek jamiyati 50 ming yevro yig‘sa, shunga teng mablag‘ ETTB tomonidan beriladi. Demak, jami 100 ming yevro yig‘ildi.

O‘zbekistonning turli viloyat va shaharlarida istiqomat qiluvchi oddiy fuqarolar bilan birga xorijiy davlatlarda yashaydigan vatandoshlar, talabalar, hatto O‘zbekistonga hech qanday aloqasi bo‘lmagan odamlar ham loyihani qo‘llab-quvvatlashdi. O‘zbek biznesmenlari ham ulkan hissa qo‘shishdi, ulardan ko‘pchiligi savob umidida nomi oshkor etilmasligini xohlashdi.

Markaziy Osiyoda birinchi yirik nodavlat ta’lim texnologiyalari loyihasi bo‘lgan «Khan Academy Oʻzbek» O‘zbekiston hukumati, xususan xalq ta’limi vazirligi tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Xon akademiyasi darslari o‘zbek tilida berilishi nimasi bilan muhim: O‘zbekistonda xalq ta’limining sifati past, darsliklar ma’nan eskirgan. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan bu borada muayyan ishlar qilinayotgan bo‘lsa ham bu muammolarni hal qilish hali ancha vaqtni oladi. Xon akademiyasining 30 dan ortiq fan bo‘yicha tayyorlanadigan o‘zbekcha darslari bu kamchiliklarni qisman o‘nglashga yordam beradi. Shuningdek,

-masofaviy ta’lim mutlaqo bepul bo‘lib, har bir o‘quvchiga o‘zi xohlagan vaqtda, sharoitidan kelib chiqib, mustaqil ta’lim olish imkonini beradi;

-bu tarjimalar o‘zbek tilini yanada boyitadi. Ta’lim, ilm-fan olamidagi oxirgi yangiliklar o‘zbek tilida yetkazib beriladi.

-Hukumat istisno tariqasida www.khanacademy.org platformasiga barcha internet provayderlari va mobil operatorlari orqali bepul kirish imkoniyatini ta’minladi.

Ma’lumot uchun: 2006-yili MIT bitiruvchisi Salmon Xon bemorligi uchun maktabga borolmay qolgan jiyaniga videodarslar orqali matematikani o‘rgatmoqchi bo‘lgan. Uning bu darslari ommalashib ketgach, u «Khan Academy»ga asos soladi.

Akademiya xayriya mablag‘lari hisobiga moliyalanadi. Hozir «Google», «Bill & Melinda Gates» fondi tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda.

Akademiyaning onlayn ta’lim platformasida 10 mingdan ortiq ma’ruza, 100 mingdan ortiq interaktiv mashq jamlangan. Ular 30 dan ortiq tilga tarjima qilingan.

Dunyo bo‘ylab har oyda 40 millionga yaqin o‘quvchi, 2 millionga yaqin o‘qituvchi Xon akademiyasi materiallaridan foydalanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring