Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nima sababdan davlat xizmatlari ko‘rsatishda qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilmoqda?

Nima sababdan davlat xizmatlari ko‘rsatishda qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilmoqda?

Har bir inson kunda-kunora ish yuzasidan davlat idoralarining eshigini taqillatib borishga majbur. Idora o‘z vaqtida fuqaroning hojatini chiqarsa xo‘p-xo‘p. Aksincha bo‘lsa-chi?

Shu joyda, fuqarolarning yumushlarini tez, oson va sansalorliksiz  bitiradigan, idorama-idora yurishlarga barham beradigan tizim — Davlat xizmatlari markazlarining o‘rni yaqqol bilinadi.

O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan Xalq qabulxonalari huzurida tashkil etilgan Davlat xizmatlari markazlari aynan aholining og‘irini yengil qilishga, ularning idorama-idora sarson bo‘lib yurishlarining oldini olishga, davlat idoralarining xalqqa xizmat qilishiga qaratilgan o‘ziga xos tuzilmadir.

Davlat xizmatlari markazlarining vazifasi, ahamiyati nimada?

Bu avvalo aholi va tadbirkorlarga davlat xizmatlarini bir joyda, tezkor, shaffof va qulay usullarda ko‘rsatishdir.

Yashirib nima qildik, ayrim davlat xizmatchilarining beparvoligi, mas’uliyatsizligi va sustkashligi natijasida o‘z murojaatiga vaqtida va belgilangan tartibda javob ololmay sarson bo‘lib yurgan yurtdoshlarimiz oz emas.

Davlat xizmatlari agentligining vazifalaridan biri aynan davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi hamda muddatlarini buzgan davlat xizmatchilariga nisbatan tegishli ta’sir choralari qo‘llashda namoyon bo‘ladi.

Misollarga o‘tamiz.

2018-yilning o‘tgan davri mobaynida davlat idoralari tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda 80 mingdan ortiq qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Masalan, aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga davlat xizmatini ko‘rsatishda Surxondaryo viloyatida 16 ming, Toshkent viloyatida 11 ming, Toshkent shahrida 8 ming, Samarqand viloyatida 7 mingdan ortiq holatlarda qonun buzilishlariga yo‘l qo‘yilgan.

Shundan 69 044 ta holatda arizalarni ko‘rib chiqish muddati buzilgan, 2 741 ta holatda ortiqcha hujjat talab qilingan, 3 378 ta holatda Davlat xizmatlari markazlari orqali emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xizmati ko‘rsatilgan, 448 ta holatda asossiz ravishda rad etilgan va 6 940 ta holatda boshqa qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha vakolatli idoralarga 909 ta majburiy bo‘lgan taqdimnoma hamda qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan 981 ta ogohnoma kiritildi. 1,5 mingga yaqin aybdor shaxslarga nisbatan ma’muriy ish hujjatlari rasmiylashtirildi.

Natijada 787 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi, shundan 81 nafari egallab turgan lavozimidan bo‘shatildi.

Bundan tashqari, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzganliklari uchun 1 469 nafar davlat xizmatchilari ma’muriy jarima jazosiga tortildi. Ushbu holat idoralar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘p ko‘rsatkich kadastr idoralarida (355 nafar xodim) kuzatildi. Arxitektura va qurilish idorlarida ishlovchi 211 nafar, mahalliy hokimliklarning 127 nafar mas’ul xodimlari ma’muriy jarimaga tortildi.

Albatta, aybdorlar jazosini oldi va olyapti. Biroq bir jihat bizni ko‘proq xavotirga solmoqda. Davlat xizmatlari ko‘rsatishda yo‘l qo‘yilayotgan bittagina xato, qonun buzilishi ham xalqimizning ushbu tizimga ishonchi yo‘qolishiga sabab bo‘lishini ayrim vakolatli organlar haligacha tushunib yetishmayapti.

Shu o‘rinda, davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi vakolatli organlar davlat xizmatlarini ko‘rsatishda yo‘l qo‘yilgan har qanday huquqbuzarlik uchun javobgarlik muqarrar ekanligini bilib olishlari lozim.

Aybdor xodimlarni javobgarlikka tortgani bilan fuqaroning ishi bitmasa, mushkuli oson bo‘lmasa bundan mantiq yo‘q, albatta.

Shuningdek, ma’muriy jazo javobgarlikka tortish chorasi hisoblansada, u ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni qonunlarga rioya etish va ularni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, shuningdek ana shu huquqbuzarning o‘zi tomonidan ham, boshqa shaxslar tomonidan ham yangi huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish maqsadida qo‘llanilishini yoddan chiqarmasligimiz kerak.

«Kasalni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan osonroq», shu bois ham Davlat xizmatlari agentligi davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi idoralarning mas’ul xodimlari o‘rtasida profilaktik tadbirlar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Xususan, Agentlik tomonidan davlat xizmati ko‘rsatuvchi xodimlarning bazasi shakllantirilib, davlat xizmati ko‘rsatishda yuzaga kelayotgan va ularni qiynayotgan muammolar birgalikda hal qilinmoqda.

Joylarda o‘tkazilayotgan huquqiy-targ‘ibot tadbirlarida ham davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartiblari, huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yishning oqibatlari haqida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Ilhom Abdusattorov,
Davlat xizmatlari agentligining boshqarma boshlig‘i

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring