Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rustam Hamroqulovni yod etib: «O‘lim uni shoshirib qo‘ygandi!»

Rustam Hamroqulovni yod etib: «O‘lim uni shoshirib qo‘ygandi!»

Foto: «Xabar.uz» / Oilaviy arxiv

Aktyor va so‘z ustasi Rustam Hamroqulov 1953-yilning 10-avgustida Namangan viloyati Pop tumanida dunyoga kelgan. Otasi oddiy dehqon edi. Bolalikdan san’at mehri bilan kamol topgan Rustam Hamroqulov maktabni tamomlab, poytaxtga keladi. Yaqinlari biroz qarshi bo‘lishiga qaramay, o‘z qobiliyatini sinovdan o‘tkazib, san’at institutiga hujjat topshiradi. Omadni qarangki, birgina sahna ko‘rinishi bilanoq bo‘lajak aktyor ustozlar nazariga tushdi. Shu bilan uning hayoti ijod bilan charbarchas bog‘lanadi.

Aprelning farahbaxsh onlarida ustoz san’atkor Rustam Hamroqulovni xotirlash, uning hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishishni niyatida qiziqchining turmush o‘rtog‘i Mavluda Hamroqulova bilan suhbatlashdik.

— Ayajon, shubhasiz, siz Rustam Hamroqulovning eng yaqin insoni, hayot yo‘llaridagi yo‘ldoshi bo‘lgansiz. Sizningcha, uning san’atga qiziqishiga nima sabab bo‘lgan?

— Qaynonam rahmatli juda dilkash, shirinsuxan ayol edi. Yangi kelinlik chog‘larimda bu mavzuda u kishi bilan uzoq suhbatlashardik. Aytishlaricha, Rustam akaning bobosi – Hamroqul buva kulol bo‘lsa-da, san’atsevar inson bo‘lgan ekan. Ilgari uch-to‘rt xonadon vakillari bir yerga yig‘ilib, paxtaning ko‘sagini chuvisharkan. Bobomiz qo‘shnilar zerikib qolmasin deb qiziq xanda va ibratli rivoyatlarni aytib berar ekan. Qaynotam ham xo‘p qiziq inson edi. Kamgap bo‘lsa-da, so‘zni topib gapirardi. Qaynonam esa umuman boshqa olam, mehnatkash, o‘ta tanti va mehribon edi. Rustam aka oddiy oilada o‘sgan bo‘lsa-da, ularga san’at begona emasdi.

— U kishi bilan tanishgan chog‘laringizni eslaysizmi? San’atkor bilan oila qurishga hayiqmaganmisiz?

— Yo‘q, chunki men ham san’at institutini tamomlaganman-da (kulib). 1970-yili maktabni tamomlab ikkimiz ham san’at institutiga hujjat topshirganmiz. U kishi Sang, men Uyg‘ur qishlog‘ida tug‘ilib, o‘sha yerdagi maktabda tahsil olganmiz. Taqdirni qarangki, bizni poytaxt uchrashtirdi.

Rustam aka «Singlim, bir yerning odami ekanmiz» deb iliq munosabatda bo‘lgani, o‘quv yili boshlanganiga hech qancha vaqt bo‘lmay himoyachimga aylangani yodimdan chiqmaydi. Keyin ijodimiz ham bir-biriga bog‘liq edi. U kishi drama aktyorligi bo‘limida o‘qirdi, men esa musiqa teatri aktyorligi bo‘limida tahsil olardim. Olmaxon Hayitovadek qo‘liga tor olib, qo‘shiq kuylash umidi-da edimda (kulib). Qaynotam o‘g‘lining ko‘nglini bilib, uyimizga sovchilikka kelishgan. Bir yerning odami ekanmiz deb ota-onam sovchilarga rozilik bildirishgan.

Ammo Rustam aka oila qurishimizdan avval oldiga olib: «Oilada er-xotin san’atkor bo‘lsa, farzandlar va ro‘zg‘orning taqdiri nima bo‘ladi? Oilangiz uchun san’atingizni qurbon qilolasizmi?», — deb so‘ragandi. Qishlog‘imizda san’atkorga bo‘lgan sovuq munosabatni bilganim uchun uning taklifini rad etmadim. O‘sha yili viloyatimizdagi pedagogika institutiga hujjat topshirib, o‘zbek tili va adabiyoti fakultetida tahsil oldim.

— Turmush o‘rtog‘ingiz teatr aktyori bo‘lsa-da, xalq orasida so‘z ustasi deb tanildi. Sizningcha, nega aktyorlik sohasidagi faoliyati ko‘zga tashlanmadi?

— Rustam Hamroqulov armiyaga borib kelgach, tumanimizdagi Alisher Navoiy nomidagi musiqali drama teatrida faoliyatini boshladi. Qator musiqiy spektakllarda rollar ijro etdi. Ayniqsa, «Xo‘ja Nasriddin» spektaklidagi Afandi obrazi tomoshabinlar orasida mashhur bo‘lgandi. Keyin o‘sha yillari paxta mavsumi arafasida san’atkorlar ishkomdan beri kelishmasdi. Paxtakor va terimchilarning kayfiyatini ko‘tarish maqsadida navbati bilan barcha qishloq va tumanlarda ko‘chma konsert dasturlarini o‘tkazishardi. Rustam akaga «Xo‘ja Nasriddin» spektaklidagi kichik parchalarni ko‘rsatish vazifasi yuklatilgandi. Bunday chiqishlar sabab u yakka qiziqchilik olamiga kirib bordi.

— San’at olamida tahsil olganingiz uning ijodida qanchalik qo‘l kelgan deb hisoblaysiz?

Samandar Hamroqulov onasi bilan
Foto: «Xabar.uz» / Oilaviy arxiv

— Rustam akani muxlislar qanchalik sevib, ardoqlashmasin, baribir ularning oldida hayajonlanardi. Ba’zan «Nega hayajonlanasiz, sahnaga ilk bor chiqishingiz emas-ku?» deb tasalli bersam, koyib berardi. «San’atkorning hayajonlanmasligi ijodining o‘lganligidan darak beradi», — degan edi. Ssenariylarni birga yodlardik, hazillarining ham ilk tinglovchisi o‘zim edim. Bolalar uxlagandan so‘ng oyna qarshisida turib, sahna ko‘rinishlarini ijro etardi. Men bir chekkada o‘tirib, xatolarini tuzatardim. Rustam aka rahmatli «Sen filologsan, qaysi so‘zni noto‘g‘ri talaffuz qilayapman, qaysi birini noto‘g‘ri ishlatayapman, e’tibor ber» deb tayinlardi.

Bir kuni tushkun kayfiyatda ishdan qaytgani hech esimdan chiqmaydi. Sababini so‘rasam kuyunib: «Namangan O‘zbekistonning bir bo‘lagi, bu yurtda qanchadan-qancha ulamo-yu olimlar yetishib chiqqan. Nega maktab, ko‘chalarimiz, san’at maskanlarimiz nomi Karl Marks, Pushkin, Makarenko nomlari bilan nomlangan? Bugun bir amaldor akaga shu haqida so‘z ochgandim, gapimni eshitishni ham istamadi», — deb o‘kinib gapirgandi. Qarangki, Rustam akaning orzulari mustaqillik tufayli ro‘yobga chiqdi.

— U oilada qanday ota edi?

— Rustam aka sahnada qiziqchi, oilada esa jiddiy va qattiqqo‘l inson edi. Iskandar va Samandarni tizzalariga olib, masal va ertaklar aytib berganlari, qo‘shiq aytganlarida Samandarning berilib raqs tushgani hech esimdan chiqmaydi (o‘ylanib).

Bir kuni juda qiziq voqea sodir bo‘ldi. Adashmasam, o‘shanda Iskandar besh yoshli bolakay edi. Otasining cho‘ntagidan yashirincha 5 so‘m olib bog‘chaga ketibdi. Ertasi kuni esa qo‘l soatini beruxsat olib, ko‘chadagi jo‘ralariga ko‘rsatibdi. Qo‘shnimiz soatni, bog‘cha opasi 5 so‘m pulni bergach, o‘g‘limizdagi o‘zgarishlarni otasiga aytishga majbur bo‘ldim. Otasi avvaliga o‘g‘lini so‘roq qildi, keyin toza kaltakladi. O‘shanda 5-qavatda turardik, shovqin pastki qavatlarga ham eshitilgan ekan. Bolamga ich-ichimdan rahmim keldi, otasiga aytganimdan afsuslandim. Haligacha Iskandar «Otamning 30 yillik kaltaklari hali ham esimdan chiqqani yo‘q» deb kulib qo‘yadi.

— Bu damlarni eslash siz uchun og‘ir bo‘lsa-da, savol berishga majburmiz. Rustam Hamroqulovning so‘nggi kunlari...

— Bu haqida juda ko‘p o‘ylayman. Rustam aka avliyosifat, ertangi kunini oldindan ko‘ra biladigan inson bo‘lgan ekan. Farzandlarimiz ulg‘ayib qolgach, Namanganda qurilish ishlarini boshlagandik. Rustam aka o‘limidan bir hafta oldin rosa shoshib qolgani, hazil tariqasida vasiyat qilganini eslasam... «Xotin, orqamda qol, mendan keyin turmush qurmagin, farzandlarimizning kelajagi yorug‘, agar ularga e’tibor bersang, seni yuzaga olib chiqishadi!» deb bir necha bor takrorladi. Bor sarmoyasini to‘plab, Namanganga qurilish mollarini olib ketayotganda yo‘lini to‘xtatdim. «Uyni tezroq bitirish kerak, hademay qish boshlanadi, bolalar ham ulg‘ayib qoldi» deya qo‘yarda-qo‘ymay 30-sentabr kuni yo‘lga otlandi. Bu turmush o‘rtog‘im bilan so‘nggi uchrashuvimiz bo‘ldi. Qaytishiga tayyorlab qo‘ygan ko‘k loviyali oshni yeyish ham u kishiga nasib etmadi. 1-oktabr kuni tun yarmida qo‘ng‘iroq qilib, yuk mashinasi halokatga uchragani va Rustam Hamroqulov olamdan o‘tganini aytishdi.

Shukurki, u kishidan yorqin xotira – uch farzand qoldi. Iskandar otasining izidan borib qiziqchilik sohasini tanladi, Samandar esa O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist darajasiga erishdi. Qizimiz Sevara ham teatr aktyori, garchi ijodini biroz kech boshlagan  bo‘lsa-da, yaxshi natijalarga erishdi. Undan ham umidlarim katta. Agar otasi hayot bo‘lganida, farzandlarining yutuqlaridan quvongan bo‘lardi.

Nargiza Murodova suhbatlashdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring