Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Oliy sud & OAV». Bu galgi tadbir «o‘xshamadi»

«Oliy sud & OAV». Bu galgi tadbir «o‘xshamadi»

Foto: Xabar.uz

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida (AOKA) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi mutasaddilarining ommaviy axborot vositalari (OAV) xodimlari bilan navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Bunday tadbirlar qizg‘in savol-javob, bahs-munozaralarga boy o‘tishiga o‘rganib qolingan ekan. Bu galgisi biroz o‘xshamadi-da...

Nega?

Birinchi sabab - tadbirda OAV xodimlari kam bo‘ldi, buni AOKA kichik majlislar zalidagi o‘rindiqlarining salkam yarmi bo‘sh qolganiyam aytib turibdi. Ikkinchi sabab - shugina hamkasblarning tadbir mavzusi borasida tasavvuri g‘arib bo‘lsa, uchinchidan va, yomoni, savol-javoblarga o‘tilganda shaxsiy muammolar tafsiloti-yu na savol, na taklifga o‘xshamagan mantiqsiz gaplar vaqtni «yeb qo‘ydi»! Shunga qaramay, Oliy sud mutasaddilari hech kimning «og‘ziga urgani» yo‘q, hammasini sabr bilan eshitib, aytilgan muammo bo‘yicha tegishli tartiblarni tushuntirish asnosida kerakli tavsiyalar berishga erinilmadi.

Tadbir mavzuini so‘rasangiz, ancha qiziqarliday: «Ma’muriy sudlarning tashkil etilishi va MSITK (ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks) qabul qilinishi to‘g‘risida».

Ma’muriy sudlar - yangi huquqiy institut. Mazkur sudlar 2017-yilning 1-iyunidan boshlab faoliyat ko‘rsatmoqda. Ilgari ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolar fuqarolik ishlari bo‘yicha va iqtisodiy sudlarda, ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar esa jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda ko‘rilardi. Yangi huquqiy institutning tashkil etilishi jinoiy, iqtisodiy va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlardagi yuklarni yaxshigina yengillashtirdi. Shuningdek, fuqarolarning o‘z haq-huquqlarini sud orqali himoya qilish imkoniyatini yanada kengaytirdi. Raqamlarni gapirtirsak: joriy yilning to‘qqiz oyi davomida ma’muriy sudlarda 12159 ta ma’muriy-huquqiy munosabatlarga oid ishlar ko‘rib chiqildi (ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar soni bu hisobga ko‘rmaydi). Mazkur raqam shundog‘am «delo» ko‘pligidan «beli chiqayotgan» jinoiy, iqtisodiy va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar ozdir-ko‘pdir yengillashtirganini ko‘rsatadi.

Ommaviy-huquqiy nizolar, asosan, mansabdor shaxslarning harakatidan (yoki harakatsizligi) kelib chiqishi ma’lum. Bundan anglashiladiki, ma’muriy sudlarda «ixcham-ixcham» ishlar ko‘rilsa-da, ularning zalvori kichkina emas. Bilasiz, mansabdorning «panjasiga panja urmoq» shunchaki gap emas. Deylik, yaqin-yaqinlargacha hokimni sudga berishni hatto tasavvur etish qiyin edi. Bugun esa bu odatiy hol. Ma’muriy sudlarda oddiy fuqaroning arizasi yoki shikoyati sabab qa-ancha amaldorlarning harakati (harakatsizligi) qonunga xilof deb topilib, ularning ozmuncha qarorlari haqiqiy emas, deb topilyaptimi?! Raqamlar ko‘rsatyaptiki, o‘tgan to‘qqiz oy davomida ma’muriy va o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qarorini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha 4784 ta ish ko‘rilib, ularning yarmidan ko‘prog‘i qanoatlantirilgan. Mansabdor shaxslarning harakatini (yoki harakatsizligini) qonunga zid topishga oid ko‘rilgan 5173 ta ishning 4072 tasida da’vogarlarning qo‘li baland kelgan... Mazkur raqamlardan kelib chiqib (boshqa sudlarda mehnat qilayotgan sudyalarning faoliyatini kamsitmagan holda), ma’muriy sud sudyalari mansabdorlar bosimiga ko‘proq uchrashi ehtimoli ko‘proqday. «Amaldorlar sudga bosim o‘tkazmaydi», deya e’tiroz bildirishga shoshmang, to‘g‘ri, besh barmoq barobar emas, ammo barcha kursidorlarning dunyoqarashi sidirg‘asiga o‘zgargani yo‘q-da hali...

Qaysi bo‘g‘indagi mansabdorlar ustidan berilayotgan ariza (shikoyat)lar ko‘p? Taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, fuqarolik holati dalolatnomalari yozish organi (FHDYo) mansabdorlari bu borada «peshqadam»day... Negaki, to‘qqiz oyda FHDYo mansabdorlari ustidan sudga 487 ta murojaat qilingan bo‘lgan bo‘lsa (395 tasi qanoatlantirilgan), shu organ tomonidan ro‘yxatga olish rad qilingan 85 ta holatning 60 tasi qonunga zid deb topilgan...

Albatta, ma’muriy sudlarning birinchi bosqichida chiqarilgan sud qarorlarini yoppasiga qonuniy deyish qiyin. Bu tabiiy, zero, birinchi bosqich sudi qarori qat’iy emas, shikoyatga o‘rin bor. Biroq yuqori bosqichlarda «brak»ka chiqayotgan qarorlar nisbatan kam. Apellyasiya tartibida ko‘rilgan 1297 ta ishning 397 tasi bekor qilingan bo‘lsa, kassatsiya instansiyasida bekor qilingan yoki o‘zgartirilgan sud hujjatlarining umumiy miqdori ikki foizga yetmaydi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring