«Oltin qalam» tanlovi Jurnalistlar uyushmasiga qanchaga tushdi?
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining navbatdagi konferensiyasida tashkilotning so‘nggi besh yillik moliyaviy-xo‘jalik faoliyati atroflicha tahlil qilindi. Taftish komissiyasi raisi Chori Latipovning ma’lum qilishicha, hisobot davrida budjet mablag‘larining sarflanishida hech qanday qonunbuzilish holatlari aniqlanmagan va barcha xarajatlar belgilangan tartibda, maqsadli amalga oshirilgan.
Besh yillik davr mobaynida uyushmaning asosiy hisob raqamiga jami 27 milliard 578,9 million so‘m mablag‘ kelib tushgan bo‘lib, uning sezilarli qismi, ya’ni 15 milliard 333,5 million so‘mi soliq to‘lovlarini qoplashga yo‘naltirilgan. Tashkilotning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish va markaziy apparat ta’minoti uchun 849,5 million so‘m sarflangan bo‘lsa, asosiy vositalarni xarid qilishga yana 776,1 million so‘m ajratilgan.
Uyushma budjetining eng yirik xarajatlaridan biri bevosita ijodiy loyihalar va tanlovlarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq bo‘ldi. Xususan, sohaning eng nufuzli tadbiri hisoblangan “Oltin qalam” milliy mukofoti tanlovi uchun 10 milliard 233,5 million so‘m yo‘naltirildi.
Bundan tashqari, “Eng ulug‘, eng aziz” respublika tanloviga 853,9 million so‘m, Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirlariga 1 milliard 191,5 million so‘m sarflangan. Shuningdek, “Yilning eng faol jurnalisti” tanloviga 146,9 million so‘m hamda “Atirgul” tanlovlariga 125,2 million so‘m mablag‘ ajratilgan.
Ijtimoiy loyihalar va sohaviy nashrlar yo‘nalishida ham qator ishlar amalga oshirilgan. Uyushma tomonidan “O‘zbekiston jurnalistlari antologiyasi” kitobini nashrga tayyorlash uchun 585 million so‘m yo‘naltirilgan.
Faxriy jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning yubiley sanasini nishonlash va sanatoriylarda davolanishini tashkil etish maqsadida 60,8 million so‘m, “Xotira va qadrlash kuni” tadbirlari uchun 49,4 million so‘m hamda xodimlar o‘rtasidagi sport musobaqalariga 34,2 million so‘m sarflangan.
Tashkilot qoshidagi Mahorat maktabini zamonaviylashtirish uchun 9,6 million so‘mlik proyektor ekrani va smart-doska xarid qilingan bo‘lsa, boshqa turli tadbirlar ijrosiga 535,5 million so‘m yo‘naltirilgan.
Uyushma faoliyatining moliyaviy barqarorligini ta’minlashda tashqi manbalar ham ishtirok etgan. Xususan, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan ajratilgan subsidiya hisobidan 1 milliard 156,9 million so‘mlik xarajatlar qoplangan. Navbatdan tashqari konferensiyani o‘tkazish tashkilotga 8,3 million so‘mga tushgan.
Shu bilan birga, milliy bankdagi depozit hisob raqamida zaxira sifatida saqlangan 1 milliard so‘m mablag‘ uyushmaning asosiy hisob raqamiga muvaffaqiyatli qaytarilgan. Natijada, o‘tkazilgan keng qamrovli tekshiruvlar tashkilotning moliyaviy faoliyati butunlay shaffof va amaldagi me’yoriy hujjatlarga mos ravishda yuritilganini ko‘rsatdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter