Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘quv yilining boshlanishi 26-avgust, tugashi 31-may — deputatdan taklif

O‘quv yilining boshlanishi 26-avgust, tugashi 31-may — deputatdan taklif

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Abdurashid Abduqodirov ta’lim muassasalarida o‘quv yilining boshlanish va tugash vaqtini o‘zgartirish, yozgi ta’tilni qisqartirish hisobiga qishki ta’til muddatini uzaytirish hamda boshlang‘ich sinflarda dars mashg‘ulotlari davomiyligini 5 daqiqaga kamaytirish taklifi bilan chiqmoqda. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Quyida deputatning taklifini e’tiboringizga havola qilamiz.

— O‘zbekiston dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlari bilan taqqoslaganda ta’lim sohasiga davlat budjetidan eng ko‘p mablag‘ ajratadigan davlatlardan biri hisoblanadi, — deydi Abdurashid Abduqodirov. — Biroq shunga qaramay, majburiy ta’limga jalb etilishi lozim bo‘lgan o‘quvchilar sonining ko‘pligi, ta’lim sohasida xususiy sektor ulushining deyarli yo‘qligi sohada kechayotgan islohotlarni sifatli va samarali amalga oshirishda qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Buyuk Britaniyada o‘quv yili uch semestrga bo‘linadi hamda qish va bahor faslida 2-3 haftadan ta’til beriladi. O‘quv yilining boshlanishi, sanalari shtat bilan shtat o‘rtasida farq qilsa-da, AQShda ham Yevropa davlatlaridagi singari avgust oyining oxiri, sentyabr oyining boshlariga to‘g‘ri keladi. Yaponiyada o‘quv yili tabiatdagi yangilanish davriga mos holda apreldan boshlanadi. Xitoyda ham bizdagidek, 1-sentabrdan o‘quv yili boshlansa-da, o‘quvchilarning ta’tillari iyul va avgust oyidagi yozgi va yanvar yoki fevraldagi bir oylik qishki ta’tillarga bo‘linadi.

Xorijiy davlatlar tajribalaridan kelib chiqib, issiqlik va elektr energiyasiga bo‘lgan talab kuz-qish mavsumida keskin oshishini hisobga olib, resurslarni tejash, o‘quvchilarga qish mavsumida qulay sharoit yaratish, qish oylarida ta’lim muassasalarini isitish va yoritish sarfini ikki barobarga qisqartirish kabi maqsadlarni inobatga olgan holda o‘quv yilining boshlanish va tugash vaqti, o‘quv yili davomidagi ta’til kunlarining muddatini o‘zgartirish hisobiga qishki ta’til kunlarini belgilash taklif etilmoqda.

Buning uchun, o‘quv yilining boshlanishi 26-avgust, tugashni 31-may deb belgilash; amaldagi 4-9-noyabr, 28-dekabr - 10-yanvar, 21-27-mart kunlaridagi ta’til o‘rniga 25-dekabrdan 2-fevralgacha qishki ta’tilni joriy etish; yozgi ta’til vaqtining ikki haftaga qisqarishi munosabati bilan o‘qituvchilar uchun 11-25-yanvar kunlari davomida ikki haftalik haq to‘lanadigan mehnat ta’tilini joriy etish; 1 va 2-choraklar hamda 3 va 4-choraklar oralig‘ida ta’til zarur deb hisoblansa, 1 va 3-chorakning oxirgi o‘qish kuni mashg‘ulotlarini hamda 2 va 4-chorakning birinchi o‘qish kuni mashg‘ulotlarini tegishli choraklardagi boshqa o‘qish kunlarida o‘tish hisobiga choraklar orasida ikki kunlik ta’til belgilash taklif etiladi.

Bundan tashqari, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun dars mashg‘uloti davomiyligini 40 daqiqa deb belgilash (bunda boshlang‘ich sinflar uchun tanaffus vaqtini 5 daqiqaga uzaytirish orqali barcha sinflardagi dars vaqtining boshlanishini bir xil qilish mumkin); tuman yoki shahar xalq ta’lim bo‘limlari ruxsati bilan noqulay ob-havo sharoitlarida, ya’ni o‘ta issiq yoki sovuq kunlarda isitish yoki sovitish tizimlari bilan to‘liq jihozlanmagan, shuningdek, ikki-uch smenada o‘qitiladigan umumta’lim maktablarida dars mashg‘ulotining davomiyligini 5 daqiqaga qadar qisqartirishga ruxsat berish amaliyotini joriy etish taklif etiladi.

Ushbu takliflar joriy etilsa, o‘qituvchi va o‘quvchilarning ta’tillari yozgi va qishki ta’tillarga bo‘linishidan hamda o‘quv yilining boshlanish va tugashi muddatlarining bir haftaga o‘zgarishidan tashqari jiddiy salbiy oqibatlar kelib chiqmaydi. Ammo quyidagi ijobiy natijalarga erishiladi:

— umumiy o‘rta ta’lim tizimida kuz-qish mavsumi davrida isitish va elektr energiyasi sarfi 30 foiz atrofida tejaladi, bu esa ushbu maqsadlar uchun sarflanayotgan mablag‘ning 20-30 milliard so‘mi tejab qolinadi demakdir;

— hozirgi kunda bir kunga to‘g‘ri kelayotgan Mustaqillik bayrami, Birinchi Prezidentimizning Xotira kuni hamda Bilimlar kunlarining tarbiyaviy-ma’naviy tas’irchanligining oshishiga xizmat qiladi;

— o‘quvchilarga, ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga qulaylik yaratiladi;

— boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining dars mashg‘ulotlaridagi mehnat sarfi 10 foizga yaqin qisqaradi;

— o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun o‘quv yili o‘rtasida ham mehnat ta’tiliga chiqish va o‘z ustida ishlash uchun qo‘shimcha imkoniyat paydo bo‘ladi;

Prezident farmonida belgilangan «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil» ichki turizmni rivojlantirish dasturini amalga oshirish bo‘yicha ta’lim muassasalari o‘quvchilari, rahbar-xodimlari uchun qulay vaziyat vujudga keladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring