Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oramizdagi odamlar haqida hikoyalar

Oramizdagi odamlar haqida hikoyalar

foto: kartinki.pics

Qo‘rquv     

Beshinchi qavatdagi xonada o‘tirgan ayolga qo‘lyozmani uzatdim. Shu choq deraza shaqillay boshladi.

– Zilzila! – qo‘rqib ketdim men. − Chiqish kerak!

– O‘tib ketadi, − dedi ayol. − Hovliqmang. O‘zingizni bosing.

U meni qo‘rqoq deb o‘ylayapti chog‘i! Joyimdan jilmadim, ammo silkinish to‘xtamagach, eshikka otildim.

Bir soatdan so‘ng tepaga chiqdim.

– Siz dono ekansiz, – dedim ayolga. – Rostdan ham o‘tib ketdi.

– Koshki, − javob berdi u tabassum qilib. – Mening oyoqlarim ishlamaydi.

Buyurtma

Derazaning bir qanoti ochildi.

– Aka, siz bo‘rining tish-tirnog‘ini sotasiz, go‘shtidan topiladimi?

– Sekinroq gapir, birov eshitib qolmasin. Nima qilasan uni?

– Enam yo‘taladi. Bir og‘aynim aytdi, bo‘ri go‘shti davo emish. Aytgan pulingizni beraman, iltimos, ozroq topib bering.

– Qo‘shniyam so‘rayotuvdi... Bo‘pti, ertalab kel.

Yarim kechasi hovli to‘ridan itning qattiq hurigani eshitildi. So‘ng vovullash o‘rnini xirillash egalladi!

Qirq bir soniya

Kampir bo‘ynini cho‘zib, tashqariga qaradi.

– Kelin, bir kosa muzday suv bering. Chanqab ketdim-a!

Kelinchak shum, ayyor, uning onasi ham shu yerda. U qudasi bilan gap talashardi. O‘ch olishga qasd qilgan kelinchak kosaga o‘lgan sichqonni tiqib oldi va derazadan qaynonasiga jilmayib uzatdi.

Zum o‘tmay qaynonasining ovozi eshitildi:

–  Yana bir kosa opkeling, buni ayangiz ichib qo‘ydi!

Qashqir uligan kecha

 

Ovchi yigit qizga:

– O‘nda uchrashamiz, – dedi. – Tag‘in uxlab qolma.

– Otam sezib qolsa, ikkovimizniyam o‘ldiradi.

– Uch marta hushtak chalaman, tepalikka borasan.

– Hushtakbozlar ko‘p, men chalg‘iyman.

– Emasam bo‘ri bo‘p uliyman. Eshitsang, kelaver.

Sovuq kecha. Yigit, bu izg‘irinda qiz hatto hovlisigayam chiqmaydi deb, ko‘rpaga o‘ralib yotdi. Qiz esa cho‘ziq uvillashni eshitgach, g‘arch-g‘urch qor bosib, tepalikka yo‘l oldi...

Chorrahadagi qiz

Ikki chol masjid tomon sekin odimlab kelardi. Ancha uzoqdagi chorrahada qizil ko‘ylakli bir qiz turibdi. U dam narigi yo‘lga, dam chollarga qarab qo‘yadi. Shamol etagini hilpiratadi.

– Biroz dam olsakmi?

– Yuraver, oz qoldi.

Qadamlar mayda. Imillab-imillab chorrahaga yetib kelishdi. Yarim soat o‘tdi-yov! Qiz salom berdi. Jilmaydi.

– Kimni kutib turipsan, Salima?

– Sizlarni. Yo‘lingizni kesmay dedim-da…

Salom

Eshik ochildi.

– Kimnidir molini o‘g‘ri o‘mardi-yov. Tez bo‘ling.

– Ko‘rdingmi?! Qayerda?

– Yonimdan o‘tib ketdi. Ko‘prikka yetdi, menimcha.

– Tappa ushlamaysanmi?

– O‘g‘ri ekaniga keyin fahmim yetdi.

Aka-uka qorong‘ida o‘g‘rining iziga tushdi. O‘g‘ri ta’qibni payqab, molni tashlab qochdi.

– E, Furqatning ho‘kizi-ku!

Ho‘kiz egasiga qaytarildi.

– O‘g‘ri ekanini qanday payqadingiz?

– Tomoq qirdim, salom bermadi. Keyin kela-kela nega salom bermaganini o‘yladim...

Vasiyat

Shifokor cholning aft-angorini ko‘rib, cho‘chib tushdi.

– Hamshira!

– Shoshma, o‘g‘lim. Senga bir vasiyatim bor.

– Bolalaringizga xabar beraman.

– Ular...

– Mayli, ayting.

– Uyimga kechqurun xabar ber. Vasiyatim shu.

Cholning joni peshinda uzildi. Do‘xtir vasiyatga amal qildi.

Kimdir aytib qo‘ygan ekan, to‘ng‘ich o‘g‘li:

– Kech xabar beribsiz? – dedi.

– Otangiz shunday vasiyat qildi.

– Vasiyat? Eh, otaginam-a! Bugun men to‘y qilgandim...

Shoniyoz Meliboyev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring