Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda OTMga kirish tartibida katta o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin

O‘zbekistonda OTMga kirish tartibida katta o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin

Foto:«Xabar.uz»

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Hujjatga ko‘ra:

2019-2020-o‘quv yili qabulidan boshlab:

  • amaldagi tartibni o‘zgartirgan holda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlarini iyul-avgust oylarida o‘tkazish;
  • eng yuqori ballning 30 foizi va undan yuqori ballni to‘plagan abituriyentlarga fanlar bo‘yicha test sinovlari natijalari aks etgan, 3 yil muddatga amal qiladigan sertifikat berish hamda ularga uchtagacha ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratish;

2020-2021-o‘quv yili qabulidan boshlab:

  • test fanlari majmuasini ikki bo‘limga ajratib, 1-bo‘limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy 3 ta fan – ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixi, 2-bo‘limga da’vogarlik qilinayotgan ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fanni kiritish;
  • yoshlarning ona tili bo‘yicha savodxonligini oshirish va aniqlash maqsadida yozish ko‘nikmalarini baholash uchun «O‘zbek tili», «Rus tili», «Qoraqalpoq tili» fanlari bo‘yicha alohida sinovlarni tashkil etish.

    Shuningdek:
  • abituriyentlarning test sinovlari va tanlovda ishtirok etishi uchun Davlat xizmatlari markazlari orqali ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi;
  • oldingi o‘quv yillarida ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining bir barobariga teng miqdorida yig‘im undiriladi. Joriy yil bitiruvchilari uchun test sinovlari bepul asosda o‘tkaziladi;
  • test o‘tkazilgan kunning ertasiga abituriyentning fanlar bo‘yicha test sinovidan umumiy to‘plagan ballari Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;
  • abituriyentning sinov natijasi bo‘yicha olgan bali tavsiya etishga yetarli bo‘lgan oliy ta’lim muassasasi (ta’lim yo‘nalishi)da o‘qish imkoniyati yaratiladi;
  • o‘zbek va qoraqalpoq tillaridagi test topshiriqlari faqat lotin alifbosida tayyorlanadi.       
  • test sinovlari jarayoni uchun ta’lim muassasalari rahbar va pedagog xodimlardan guruh nazoratchilari shakllantiriladi;
  • test sinovlari jarayoniga jalb etilgan ishtirokchilar (Davlat test markazi vakili, bino rahbari hamda guruh nazoratchilari)ni ish haqi bilan ta’minlash, test sinovlari o‘tkaziladigan bino yoki inshootlarning ijara to‘lovlari Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
  • abituriyentlar sonining keskin o‘sishi, test materiallarini sifatli tayyorlash va himoyalash bilan bog‘liq ish hajmining ortib borishi, test sinovlari o‘tkaziladigan soha yo‘nalishlarining ko‘payishini inobatga olib, xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq Davlat test markazining asosiy shtatdagi xodimlarining lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti 2,0 baravarga oshiriladi;
  • xodimlar ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida Davlat test markazini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) (yoki unga tenglashtirilgan xorijiy davlatlar) ilmiy darajasiga ega xodimlariga 30 foiz, fan doktori (DSc) (yoki unga tenglashtirilgan xorijiy davlatlar) ilmiy darajasiga ega xodimlariga 40 foiz oylik ish xaqiga ustamalar to‘lab beriladi;
  • Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasiga tushadigan mablag‘larning 80 foizigacha bo‘lgan miqdori Davlat test markazi direktorining buyrug‘iga ko‘ra, xodimlarga lavozim maoshining 200 foizi miqdorigacha (ammo, 100 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda) oylik ustamalar to‘lash, moddiy yordam ko‘rsatish, xizmat vazifalarini vijdonan va tashabbuskorlik bilan bajarganligi uchun mukofot puli hamda ularning moddiy rag‘batlantirilishiga yo‘naltiriladi.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring