Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Xo‘rozqand chet elniki desa yoxud O‘zbekistonda Qozog‘iston universitetlari filiali bormi? 

Xo‘rozqand chet elniki desa yoxud O‘zbekistonda Qozog‘iston universitetlari filiali bormi? 

Foto:«Total.kz»

So‘nggi kunlarda xorijiy OTMlarda, ayniqsa qo‘shni Qozog‘istondagi OTMlarda o‘qish haqida ko‘plab savollar berilmoqda. Shularni jamlab, umumiy javob beraman.

Qozog‘istonning hech qaysi OTMning O‘zbekistonda filiali yo‘q! Surxondaryoda ham, Toshkentda ham, Buxoroda ham. Umuman hech qayerda Qozog‘iston OTMining filiali ro‘yxatdan o‘tmagan. Agar kimlardir biz filialimiz degan bo‘lsa, ular firibgarlar.

O‘zbekistonda hujjat qabul qilayotgan barcha firmalar shunchaki tadbirkorlar xolos. Ularning maqsadi foyda olish, qancha ko‘p mijoz olib borsa, shuncha daromad olishadi. Masalan, Siz ham bitta firma ochib shu ish bilan shug‘ullanishingiz mumkin.

Ularning ish uslubi ko‘p ham murakkab emas. O‘ziga chaqiruvchi e’lonlar berishadi, mijozlarni (abituriyentlar) to‘plab, hujjatlarini xorijdagi OTMga topshiradi va yana ayrim kichik texnik, konsultativ ishlarni bajaradi. Shu xizmatlar uchun 500 ming so‘mdan 5 mln so‘mgacha alohida haq olishmoqda. Ya’ni bu pul firmaning daromadi. OTMga yana alohida kontrakt ham to‘lash kerak. Balki xorijdagi OTMlar ham ularga har mijozdan nechadir foiz haq ham chiqarib berar, aniq bilmadim.

Masofaviy ta’limning diplomi O‘zbekistonda nostrifikatsiya qilinmaydi. Agar maqsadingiz diplom olish bo‘lsa, unda masofaviy ta’limni tanlab xomtama bo‘lmang. Agar maqsad shunchaki bilim olish bo‘lsa, unda o‘zingiz bilasiz.

Kunduzgi, sirtqi, kechki ta’limning diplomlarini nostrifikatsiya qilish ham juda oson kechmaydi. Buning uchun imtihondan o‘tishga to‘g‘ri keladi.

Ko‘pchilik qo‘shni mamlakatlardagi OTMlarning imtihonsiz qabul qilishiga ishtiyoqmand bo‘lmoqda. Osongina talaba bo‘lib olsak kifoya, keyingi yili bir amallab o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirib olamiz, deya o‘ylashmoqda. Bu Siz o‘ylaganchalik oson ish emas.

Birinchidan, hozirda xorijda sirtqi, kechki va masofaviy ta’limda o‘qiyotganlarning o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish imkoniyati yo‘q. Faqat kunduzgiga ruxsat bor.

Ikkinchidan, kunduzgi ta’limdagilar ham alohida test va sinovlardan o‘tib, keyin ko‘chira olishadi. Agar yetarli ball to‘play olmasa, juda katta miqdorda super-kontrakt to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Shuncha dahmaza kerakmi Sizga?

Xulosa: yuqoridagi gaplar bilan butunlay xorijga o‘qishga ketish kerak emas, demoqchimasman. Qaniydi, yoshlarimiz xorijda ko‘proq o‘qishsa, TOP-1000 ga kiradigan jahon universitetlarida saboq olishsa, dunyo ko‘rishsa, bu faqat va faqat jamiyat rivoji uchun foyda bo‘lardi.

Ammo gap ta’lim sifati o‘zimiznikidan deyarli farq qilmaydigan, balki bizdan ham yomonroq bo‘lgan OTMlar haqida bormoqda.

Ayrimlar hatto o‘qishga ketayotgan OTM nomini ham bilmaydi. So‘rasam, tayinli javob bera olishmaydi. Odamlardagi asosiy maqsad bilim olish emas, shunchaki diplom olish yoki bir amallab o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish bo‘lmoqda. Bundan esa uddaburon tadbirkorlar juda unumli foydalanishmoqda.

Masalan, Qozog‘istonda ham QS xalqaro reytingida TOP-1000 ga kiradigan 10 ta OTM bor:

1. Forobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti (207-o‘rin)
2. Yevroosiyo milliy universiteti - ENU (418)
3. Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti – SKSU (491)
4. Abay nomidagi Qozoq milliy pedagogika universiteti (561-570)
5. Satbayev universiteti (561-570)
6. Qozoq milliy agrar universiteti – KazNAU (651-700)
7. Qozoq-Britan texnika universiteti (751-800)
8. Qarag‘anda davlat universiteti (801-1000)
9. Qarag‘anda davlat texnika universiteti (801-1000)
10. Xalqaro munosabatlar va jahon tillari universiteti (801-1000)

Mana shu OTMlarda o‘qimoqchi bo‘lsangiz, bu niyatingizni qo‘llab-quvvatlayman. Ularda ta’lim sifati biznikilardan ancha baland.

Ammo nomini hech kim eshitmagan, Sizga osongina diplom berishni va’da qilayotgan joylarga bormang. Imtihonsiz qabul qilishlariga uchmang, bizda ham o‘qishga kirish uncha qiyin bo‘lmay qoldi, 80-90 ball bilan budjetga kirishyapti hatto.

Bu shunchaki do‘stona maslahatim.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring