Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda spirtli ichimliklar reklamasi va totalizatorni qonuniylashtirish taklif qilindi

O‘zbekistonda spirtli ichimliklar reklamasi va totalizatorni qonuniylashtirish taklif qilindi

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi matbuot xizmati

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «O‘zbek futbolini rivojlantirishning bugungi holati: yutuq va muammolar» mavzusida matbuot anjumani haqida xabar bergandik. 

Unda ishtirok etgan PFL direktori o‘rinbosari Diyor Imomxo‘jayev futbol translyasiyasida spirtli ichimliklar reklamasi va totalizator haqida gapirdi. 

«Ikkita narsaga qonun yo‘li bilan ruxsat bersak, PFL o‘zini o‘zi «boqadigan», hatto klublarga pul beradigan tashkilotga aylanadi. Bittasi totalizator, bittasi spirtli ichimliklar reklamasi. Yevropada bu amaliyot bor. Masalan, Rossiya telekanallari 2012-2016-yillarda Yevropa chempionatlarining translyasiya huquqini sotib olish uchun sarflagan mablag‘larining 70 foizini alkogolli ichimliklar reklamasidan tushgan daromadlar tashkil qilgan.

O‘zbekiston Saudiya emas, spirtli ichimliklar sotuvi bizda to‘la ta’qiqlanmagan. Bu bor narsa. Ularning reklamasini legallashtirish kerak. Totalizatorni ham» dedi mutaxassis.

«Men totalizator o‘ynashga va spirtli ichimliklar ichishga butunlay qarshiman, diniy nuqtai nazardan ham, sog‘likka yetkazadigan zarari nuqtai nazardan ham men bu narsalarni qoralayman. Lekin tan olish kerak, totalizator – butun dunyoda sportni moliyalashtiradi. Ko‘pchilik e’tiroz bildiradi, «Totalizator o‘ynashyapti, nazorat qilinglar, qaranglar», deyishadi. Biz nimasini qaraymiz? Totalizator rasman bizda yo‘q. «De yure» – bizda totalizator yo‘q, «de fakto» – bizda hamma totalizator o‘ynaydi. Qanday qilib yo‘q narsani nazorat qilish mumkin? Zero, qonunchiligimiza ko‘ra totalizator o‘ynashga ruxsat etilmaydi. Lekin Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina kompaniyalari yurtimizga kelib, totalizator o‘yinlarini tashkil qilishyapti. Ularni ushlash uchun bizda asos yo‘q. Aynan shuning uchun – totalizator kompaniyalarini nazorat qilish uchun totalizatorni legallashtirishimiz kerak» deya o‘z fikrini bayon etgan Imomxo‘jayev.

PFl mutaxassisining aytishicha, O‘zbekistonda totalizator o‘ynayotganlar Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlardagi hisob raqamlarga pul tushirishyapti. Totalizatorni legallashtirilish millionlab dollarlarning chetga chiqib ketishining oldini olishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi «Reklama to‘g‘risida»gi Qonuni 23-moddasiga ko‘ra tamaki, tamaki mahsulotlari va har qanday quvvatdagi alkogolli ichimliklar reklamasi taqiqlanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring