Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Putin tufayli xitoy tilini o‘rganganman — Xitoydagi o‘zbek kelini hayoti tarixi

Putin tufayli xitoy tilini o‘rganganman — Xitoydagi o‘zbek kelini hayoti tarixi

Xabaringiz bor yaqinda O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi hamda Shanxaydagi Bosh konsulligi shakllantirgan beg‘araz insonparvarlik yordami jo‘natmasi tarkibida milliy futbol terma jamoamiz sardori Odil Ahmedov va tadbirkor Gulbahor Tojimirzayeva tomonidan tibbiy buyumlar ko‘rinishida qilingan xayriya yuklari ham mamlakatimizga olib kelingan edi.

Suhbatdoshimiz — Xitoydagi «Shengli» kompaniyasi asoschisi, 12 yildan buyon Xitoyda yashab tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan Xitoyning o‘zbek kelini Gulbahor Tojimirzayeva. O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining matbuot kotibi ular bilan karantin davrining insonlar hayotiga ta’siri, ayol kishining oila va jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga sababchi bo‘lgan omillar hamda ularning muvaffaqiyat tarixlari haqida suhbatlashdi.

Ma’lumot uchun:
Gulbahor Tojimirzayeva — 1991 yil 25 iyulda Namangan viloyatida tavallud topgan. 2014 yil Xitoy Xalq Respublikasi Janubiy Xitoy agrar universiteti Xalqaro iqtisod va savdo mutaxassisligi bo‘yicha bakalavr bosqichini muvaffaqiyatli tamomlagan. Xitoy bozorida mahsulot va texnologiyalarni import va eksport qilish bo‘yicha 8 yillik ish tajribasiga ega. 4 tilda erkin so‘zlasha oladi (rus, ingliz, xitoy, koreys). NSK6 eng yuqori darajadagi xitoy tili sertifikatiga ega. Xorijliklar o‘rtasida o‘tkaziladigan xitoy tili musobaqasining ikki karra g‘olibi. Shotokan karate bo‘yicha 1 DAN qora belbog‘ sohibasi va ushbu sport turi bo‘yicha 2006 yil Hindistonda o‘tgan xalqaro turnir chempioni. Shuningdek, O‘zbekiston hududidagi bir qancha korxonalarning investori hamda mahalliy maslahatchisidir.

Tilni bilish muvaffaqiyat kaliti
Bundan 15 yil ilgari otam televizor orqali Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning intervyusini ko‘rib qoladi. Shunda u qizlarining ta’limi haqida berilgan savolga ular Xitoy tilini o‘rganishayotganini aytadi. Prezidentning javobi otamning e’tiborlarini tortadi va shundan so‘ng xitoy tili o‘qituvchisini qidirib, meni 5 yoshimdan til o‘rganishga undaydilar. Bora-bora menda ushbu tilni o‘rganishga qiziqish ortib bordi. Oilada besh nafar qizmiz. Otam har birimizning o‘qishimiz uchun qo‘ldan kelgan imkoniyatni berdilar. Har birimiz xitoy tilida erkin so‘zlasha olamiz. Maktabni bitirgach Xitoyning Xarbin shahridagi til kursida o‘qishga keldim. Til kursiga kelganimda ikki oy orqada edim. Ularga yetib olish uchun ta’til vaqtida ham o‘z ustimda ishlaganman. Til kursini o‘qib, xitoy tildan NSK6 imtihonini topshirdim va Janubiy Xitoy agrar universiteti Xalqaro iqtisod va savdo yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. O‘qish davrida juda ko‘p ko‘rgazmalarda ishtirok etdim, volontyor sifatida ishladim va juda ko‘p tadbirkorlar
bilan tanishdim. Ular keyinchalik yangi korxonaga asos solishimda sababchi bo‘lishdi.

Ayol kishi oilada ham tadbirkor bo‘lishi kerak
Ayol kishi o‘zi nafaqat jamiyatda oldi-sotdi jarayonida balki, oilada ham tadbirkor bo‘lishi kerak. Sababi uy-ro‘zg‘or yuritishda ham ko‘rinadi. Erkak kishi bozordan xarid qilib kelgan bozorlikni tejab ishlatishda, ro‘zg‘ordagi iqtisodiy vaziyatlarga ayol kishini tadbirkorligi muhim rol o‘ynaydi. Ayol kishi yaxshi tadbirkor bo‘lsa, oila rivojlanishida o‘zini munosib hissasini qo‘shadi.

Oilada moliyaviy jihatdan mustaqil bo‘lishimizni xohlashgan va bunga imkoniyat yaratib berilgan. Oilada er-xotin birgalikda harakat qilamiz. Turmush o‘rtog‘im Xitoy Xalq Respublikasi fuqarosi, millati xan. 2017 yil turmush o‘rtog‘imni uchratdim. To‘yimiz 2017 yilning oktyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tdi. To‘yimizga qariyb 70 ga yaqin xitoyliklar tashrif buyurdi. O‘zbek –xitoy xalqaro to‘yi bo‘ldi desam to‘g‘ri bo‘ladi. Hozirda bir nafar qiz farzandimiz bor. Oilada biz xitoy tilida so‘zlashamiz. Boisi ular o‘zbek tilida mukammal so‘zlasha olmaydilar. Lekin har kuni birgalikda dars o‘tamiz. O‘zbek tili kitobi ham olganmiz.

10 ga yaqin o‘zbek-xitoy qo‘shma korxonalariga asos solindi
O‘qishni tamomlab, 2014 yilda Guanjou shahrida import va eksport bo‘yicha xalqaro savdo bilan shug‘ullanuvchi korxonaga asos soldim. Ushbu korxona Xitoydagi og‘ir va yengil sanoatda ishlatiladigan uskunalar, uskunada qo‘llanadigan ehtiyot qismlarining eksporti, hamda O‘zbekistondagi yalpi ichki mahsulotlarni Xitoyga import qilish bilan shug‘ullanadi. Korxonamiz bir necha yosh xitoylik kadrlardan iborat. Korxonamizda mahsulotlarni sotuvidan tashqari ularni yetkazib berish xizmati ham mavjud. Chunki, har bir iste’molchi sotib olgan mahsulotini tez va xavfsiz yo‘llar bilan yetkazib berishni xohlaydi. Shu bois biz shu faoliyat turini ham yo‘lga qo‘yganmiz. Transport usullari har xil. Asosan temir yo‘l transportidan foydalanamiz. Shuningdek, korxona tarjima sohasida mijozlarga xizmat ko‘rsatadi.

O‘zbekistonga kiritgan birinchi investitsion loyihamiz, «Vanda metel» o‘zbek-xitoy qo‘shma korxonasi bo‘lib, Sirdaryo viloyatida asos solingan. Hozirgi kelib 10 ga yaqin o‘zbek-xitoy qo‘shma korxonalariga asos soldik. «Vanda Group» tarkibida bir nechta o‘zbek-xitoy korxonalari o‘z faoliyatini olib bormoqda.

O‘tgan yili, Namangan viloyat hokimligi bilan birgalikda «Sinda-sement» ishlab chiqarish korxonasiga asos soldik. Ushbu korxona yangi zamonaviy sement klinker mahsulotini ya’ni sifat darajasi M600 markali sement ishlab chiqarishga ixtisoslashadi. O‘zbekiston ichki bozorida ushbu darajadagi sement mahsuloti mavjud emas. Loyiha orqali yuqori sifatli sement mahsulotini ishlab chiqarishga erishamiz.

Karantinning hayotga ijobiy ta’siri
Karantin e’lon qilindi va u qariyb bir yarim oy davom etdi. Uydan chiqish va jamoat joylariga borish man etildi. Karantin vaqtida o‘zim singari vatandoshlardan qaniydi hozir vatanimga qaytib ketsam, uydagi qadrdonlarim bilan birga bo‘lsam degan o‘y o‘tdi. Karantin davrida ertadan kechgacha ish tashvishlari bilan shoshib yurishdan to‘xtadik va bosib o‘tgan hayot yo‘limiz haqida o‘ylashga vaqt topildi. Men ham bu davrda ortga nazar tashladim. O‘zi aslida kimmiz, nima uchun dunyoga keldik, bizni yashashimizdan asosiy mazmun nimada degan o‘ylar o‘tdi. Shunga amin bo‘ldimki, inson uchun sog‘lik-salomatlik, oila va vatanga bo‘lgan mehr-oqibat tuyg‘ular birinchi o‘rinda turadi. Shu tuyg‘ular hayotimizni yana-da mazmunli qiladi. Shu tuyg‘ular borki, inson shu hayotda yashashdan mazmun oladi. Inson qiyinchilikka va shu kabi holatlarga tushgan vaqtidagina bu tuyg‘ularni qadriga ko‘proq yetarkan. Karantin davri hayot haqida mushohada qilib ko‘rishga undagani bilan menga ijobiy ta’sir ko‘rsata oldi va hayotda muhim sanalgan tuyg‘ular haqida ko‘proq qayg‘urishga turtki bo‘ldi.

Har bir tadbirkor onlayn savdoni yo‘lga qo‘yishi kerak
Avvalo ushbu davrda tadbirkorlarga aytadigan maslahatim tushkunlikka tushmaslik, qanday iqtisodiy holatga tushishidan qat’iy nazar ishonch va o‘zining orzu-istaklarini esdan chiqarmaslik va o‘zini tushkun vaziyatdan olib chiqib ketishini oldilariga maqsad qilib qo‘yish kerakligini aytgan bo‘lardim.

Hozirda onlayn savdo-sotiq rivojlanib bormoqda. Ularga savdo-sotiqni onlayn tarzda tashkil etishni tavsiya qilaman. Har bir korxonaning o‘z veb-sayti bo‘lishi hamda mijozlari bilan onlayn tarzda muloqot qilishi uchun maydon bo‘lishi kerak. Onlayn savdo butun dunyoda amalga oshirilmoqda. Kelajakda bu faoliyat yana-da rivojlanadi. Shuning uchun, har bir korxonaning internetda o‘z kanalini ochish va onlayn tarzda savdo sotiqni amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish zarur.

Mohira Nurullayeva

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring