«O‘zgidromet»: yanvar oyida tog‘larda qalin qor qoplami shakllandi
«O‘zgidromet» yakunlangan yanvar oyidagi ob-havo tahlilini e’lon qildi.
Ushbu yilda yanvar oyi nisbatan iliq bo‘ldi. Respublika hududining katta qismida o‘rtacha oylik havo harorati iqlim me’yoridan 1,2-2,4 darajaga yuqori bo‘lib, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, respublika janubida ba’zi joylarda me’yorga yaqin bo‘lishi kuzatildi.
Yanvar oyida harorat foni notekis bo‘lishi qayd etildi birinchi yarmida havo haroratining me’yordan o‘rtacha og‘ishi 2-4 daraja iliqni tashkil etdi, eng iliq kunlarda esa 7-10 daraja iliqqacha yetdi.
O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha ushbu davrda asosan quruq ob-havo kuzatildi. Faqat respublikaning ayrim hududlarida biroz qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘ishi (1-2 ta holat) qayd etildi. Oyning ikkinchi yarmida ob-havo sharoiti keskin o‘zgardi.
16-yanvardan respublika hududiga nam va sovuq havo massalari kirib keldi va keyinchalik respublika hududi bo‘yicha bir necha sovuq havo oqimlari kirib kelishi (23-24 yanvar va 28-29 yanvar) kuzatildi.
Eng sovuq kechalarda havo harorati 6-11 daraja sovuqqacha, respublikaning shimoliy hududlarida 13-18 daraja sovuqqacha, Ustyurtda ba’zi joylarda 21-24 daraja sovuqqacha pasaydi.
Ayrim kunlarda esa maksimal havo harorati 3 daraja sovuq-2 daraja iliq, respublika shimolida 5-7 daraja sovuqni tashkil etdi.
Sovuq havo kirib kelishi bir qator yog‘ingarchilik (yomg‘ir qorga aylandi) bilan qayd etildi, shimolda va tog‘li hududlarda esa asosan qor ko‘rinishida kuzatildi.
16-yanvarda Navoiy, Samarqand, Jizzax viloyatlarida, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlarining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida yog‘ingarilik kuchli bir kecha-kunduzda 15 mm dan 23 mm gacha bo‘ldi. Arnasoy ko‘li hududida bir kecha-kunduzda 33-35 mm yog‘ingarchilik qayd etildi, bu ushbu hudud uchun deyarli oylik me’yorni tashkil etadi.
22-yanvarda va 23-yanvarga o‘tar kechasi yog‘ingarchilik asosan qor ko‘rinishida yog‘di va Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida sezilarli darajada bo‘lib, bunda yog‘ingarchilik miqdori 15-31 mm ga yetdi. Surxondaryo viloyatida ayrim joylarda 22 yanvar kuni bir kecha-kunduzda yog‘gan yog‘ingarchilik oylik me’yordan 50-56% gacha bo‘lishi qayd etildi.
Kuchli yog‘ingarchilik (yomg‘ir qorga aylandi), shuningdek, 25 va 28-yanvar kunlari Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida ham kuzatildi. Respublika hududining katta qismida yanvar oyda yog‘ingarchilik me’yor atrofida bo‘ldi. Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ba’zi joylarda bir oyda yog‘ingarchilik oylik me’yordan 1,8-2,6 marta ko‘p bo‘ldi.
Farg‘ona vodiysi eng quruq hudud bo‘lib, u yerda oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yordan 20-65% ni tashkil etdi.
Qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilikdan so‘ng oyning ikkinchi yarmida O‘zbekistonning tekislik hududi bo‘yicha balandligi 1 sm dan 10 sm gacha bo‘lgan qor qoplami hosil bo‘ldi. Qor qoplamining maksimal balandligi (13-25 sm) 22-23 yanvar kunlari Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida, Navoiy viloyati shimolida kuzatildi.
Yanvar oyining oxiriga qor qoplami Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Toshkent viloyatining ko‘pchilik tumanlarida, Samarqand viloyatining ba’zi joylarida, Qizilqumning markaziy va sharqiy hududlarida saqlanib turdi. Qor qoplamining balandligi 1-10 sm ni, ba’zi joylarda 13-20 sm ni tashkil etdi.
O‘zbekistonning tog‘li hududlarida oy davomida qor qoplami to‘planishi davom etdi. Oy oxiriga tog‘larda qor zaxirasi me’yordan 70-121% ni, Dukant MS hududida me’yordan 140% ni tashkil etdi.
Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha, ayrim kunlarda ba’zida 22-24 m/s gacha kuchaydi. Yanvar oyida tez-tez tumanlar kuzatildi, ko‘rinuvchanlik 50-500 gacha yomonlashdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter