Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zsanoatqurilishbankda anderrayting tizimi yo‘lga qo‘yildi

O‘zsanoatqurilishbankda anderrayting tizimi yo‘lga qo‘yildi

Anderrayting tizimi Bank tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga ajratiladigan kredit hujjatlarining ortiqcha byurokratik to‘siqlarsiz, qisqa muddatda ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi.

Bank tizimida Prezidentimizning 2020 yil 12 maydagi «2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida xizmat ko‘rsatishning zamonaviy standartlari joriy qilinmoqda.
Xalqaro moliya korporatsiyasi tavsiyalariga asosan kredit ajratishning markazlashtirilgan – anderrayting tizimiga o‘tkazilishi bu boradagi ishlarning amaliy ifodasidir.

So‘nggi vaqtlarda zamonaviy bank amaliyotiga keng tatbiq etilayotgan anderrayting kredit olish istagini bildirgan potensial qarzdorning moliyaviy holati va uning kreditni qoplay olish imkoniyatini tahlil qilishning bir qator jarayonlarini o‘z ichiga olgan tizimdir.

Anderrayting kredit ajratish jarayonining shaffof bo‘lishini ta’minlab, kredit bo‘yicha mas’ul shaxslar tomonidan xolislik tamoyili asosida, shaxsiy manfaatlar ishtirokisiz qaror qabul qilish imkoniyatini yaratadi. Bu esa kredit ajratish jarayonlarida korrupsiogen holatlarga yo‘l qo‘yilmasligiga xizmat qiladi.

O‘zsanoatqurilishbankda anderrayting tizimining joriy qilinishi natijasida Bank mijozlarining kredit hujjatlarini ko‘rib chiqish va xulosa berishdagi ko‘p bosqichli tizimidan voz kechilib, ularning filial komissiyasi muhokamasiga kiritilishi bekor qilinmoqda.

2021 yilning yanvar oyidan boshlab kichik biznes va xususiy tadbirkorlarga modulli kreditlar ajratish yuzasidan qaror Bankning anderrayterlar guruhi tomonidan qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Qayd etish lozimki, Bank tizimida mijozlarga yanada qulayliklar yaratish va ularga jozibador kredit turlarini taqdim qilish maqsadida kredit ajratish bosqichlari 6 tadan 3 taga, muddati loyiha qiymati va maqsadidan kelib chiqib, 10 kundan 1 kungacha qisqartirildi, korxonalarning mulkchilik shakli, kredit maqsadi, faoliyat turidan kelib chiqib qator yangi kredit mahsulotlari joriy etildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zsanoatqurilishbankda Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda Bankni xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan moliya muassasasiga aylantirishga qaratilgan transformatsiya jarayonlari amalga oshirilmoqda. Bunda Bank xizmatlarining mijozga yo‘naltirilganligi asosiy mezonlardan biri hisoblanadi.

Bank Axborot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring