Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Pastdarg‘omda Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochildi

Pastdarg‘omda Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi ochildi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan 2019-yilda Kattako‘rg‘on shahrida hamda 2020-yilda Samarqand, Toyloq, Urgut va Oqdaryo tumanlarida jami beshta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari tashkil etilgan edi.

Ushbu markazlarda zamonaviy raqamli texnologiyalar, elektron tijorat, dasturlash asoslari, robototexnika bo‘yicha yoshlarni o‘rgatuvchi o‘quv kurslari uchun kompyuter sinflari, kibersport zallari tashkil etilib faoliyat ko‘rsatmoqda.

Viloyatdagi Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarining oltinchisi Pastdarg‘om tumanida tashkil qilindi va ushbu markaz kerakli zamonaviy kompyuter jihozlari bilan ta’minlandi.

2020-yilning 7-oktyabr kuni markazning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Pastdarg‘om tuman hokimining o‘rinbosari M.Sanaqulova, AKT vazirligi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i D.Xo‘jamberdiyev, vazirlik tizimidagi korxona va tashkilotlarning viloyat bo‘linmalari rahbarlari, tuman faollari va 100 ga yaqin yoshlar ishtirok etdilar.

Raqamli texnologiyalar o‘quv markazida 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar kompyuter savodxonligi bo‘yicha bepul o‘qitiladi va kurslarni muvaffaqiyatli tugatganlarga sertifikatlar beriladi. Markaz axborot-kommunikatsiya texnologiyalari o‘quv markazi, robototexnika o‘quv markazi va kibersport yo‘nalishlaridan tashkil topgan.

Shuningdek mazkur markazda tumandagi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar va xodimlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha malakalarini oshirish ko‘zda tutilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring