Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident farmoni ijrosi nega ta’minlanmayapti?

Prezident farmoni ijrosi nega ta’minlanmayapti?

Foto: «Advi.club»

2018-yil 20-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida»gi Farmoni va uning ijrosini ta’minlash maqsadida 2018-yil 21-iyunda Vazirlar Mahkamasining Qarori qabul qilingan edi.

Bu hujjat bilan minglab yurtdoshlarimizni qiynab kelayotgan masala — noqonuniy qurilgan uy-joylarga bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida mulk huquqi berish imkoniyati taqdim etildi. Ammo...

Ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi boshlanganidan beri ko‘chmas mulklarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish uchun Toshkent shahri bo‘yicha 2 600 dan ortiq arizalar kelib tushgan. E’tibor bering — shundan faqat 79 ta murojaat bo‘yicha mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha tuman hokimliklarining qarorlari chiqarilgan, 2 500 dan ortiq arizalar ijrosi esa ta’minlanmagan.


O‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha o‘tkazilayotgan bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida o‘tkazilgan xatlov natijasida respublikamiz bo‘yicha jami 1 mln.ga yaqin o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylar aniqlangan. Ushbu aksiya boshlangan vaqtdan buyon Davlat xizmatlari markazlariga 38 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Bu xatlov natijasida aniqlangan imoratlarning atigi 3,8 foizi. Murojaatlar soni shundoq ham kam, ammo ularning ham katta qismi Toshkent shahrida va mamlakatimiz bo‘yicha e’tiborsiz qoldirilyapti. Buni qanday tushunish mumkin?


Bektemir, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida shu kunga qadar birorta ham noqonuniy qurilgan yakka tartibdagi uy-joylarga nisbatan tuman hokimligi qarori qabul qilinmagan. Mirzo Ulug‘bek tumanida 16 ta (murojaatlar soni 250 ta), Mirobod tumanida 21 ta (murojaatlar soni 170 ta), Yunusobod tumanida 41 ta (murojaatlar soni 900 ta) va Yashnobod tumanida 1 ta noqonuniy uy-joyga nisbatan (murojaatlar soni 350 ta) mulk huquqini e’tirof etish haqida hokim qarori qabul qilingan, xolos.

Tumanlar Davlat soliq inspeksiyalari, Ichki ishlar boshqarmalari va bo‘limlari, Davlat sanitariya va epidemiologiya nazorati markazlari, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Toshkent shahar boshqarmasi Vazirlar Mahkamasining 461-son qarorida belgilangan vazifalarni bajarmasdan kelmoqdalar.

Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan mazkur davlat xizmatini ko‘rsatishda ishtirok etuvchi vakolatli davlat organlari mutassadi xodimlarga nisbatan intizomiy ta’sir choralari ko‘rilishiga, shuningdek MJtKning 2155-moddasiga ko‘ra 31 nafar mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilganligiga qaramasdan, yuqorida ko‘rsatilgan Farmon va qarorning ijrosi ta’minlanmasdan qolmoqda. Bu esa o‘z navbatida fuqarolarning noroziligiga va yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga, shuningdek davlat organlariga bo‘lgan ishonchi pasayib borishiga sabab bo‘lmoqda.

Mazkur Qarorning 5-bandida ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman (shahar) komissiyalarining ishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish ishlari «respublika — viloyat — tuman (shahar)» uch pog‘onali prinsip bo‘yicha amalga oshirilishi, shuningdek 10-bandida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari ushbu qarorda nazarda tutilgan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob berishlari belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5421-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 461-son Qarori ijrosi mutassadi tashkilotlar tomonidan tez kunlarda ta’minlanadi va fuqarolarning ovoragarchiligiga chek qo‘yiladi deb umid qilamiz.

Davlat xizmatlari agentligi
Toshkent shahar boshqarmasi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring