Prezident Mirziyoyev mahalla tizimini takomillashtirishga doir yig‘ilish o‘tkazyapti

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Mahallada «yettilik» tizimi joriy qilinib, kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam ajratish kabi 100 dan ziyod xizmatlar mahalla darajasiga tushirilgani hisobiga 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqdi, ishsizlik darajasi 2 barobar qisqardi. Shuningdek, 3,5 ming mahalla qiyofasi zamonaviy ko‘rinishga keldi.
Mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytirildi. Ular boshchiligida «yettilik» vertikal tizimi yaratildi, yetarli sharoit, resurs va vakolatlar berildi.
Mahalladagi har bir imkoniyatni loyihaga aylantirib, ish o‘rni yaratish uchun mahallalarga bankir va soliqchilar bog‘lab berildi, infratuzilmaga ham alohida mablag‘ ajratilmoqda.
Davlat rahbari bulardan samarali foydalanib, natija ko‘rsatayotgan mahallalar ko‘pligi, lekin ayrimlari yagona jamoa bo‘lib ishlab ketishni haligacha o‘rganmaganini ko‘rsatib o‘tdi.
«Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasiga borganim viloyat hokimlari, respublika, viloyat, tuman rahbarlari, «yettilik»ni ko‘zini ochib, ularni sifat va kompetensiyani oshirishga undashi kerak», – dedi Prezident.
Prezident mahallalarda infratuzilmani yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
O‘tgan hafta imzolangan qarorga muvofiq, Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib boradigan 33 ta tuman va 330 ta og‘ir mahalla belgilab olindi.
Bu tumanlarning har biriga 100 milliard so‘mdan, 330 ta mahallaning har biriga esa 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Jahon banki va Islom taraqqiyot bankidan jalb qilingan 100 million dollar ham mazkur maqsadlarga qaratiladi.
Bundan tashqari, ushbu tuman va mahallalardagi «drayver» loyihalar infratuzilmasi uchun yana 2 trillion so‘m beriladi.
Umuman, bu dasturni moliyalashtirish uchun 7 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladi.
Viloyat hokimlarining o‘zi ham 2 tadan, tuman hokimlari esa 1 tadan og‘ir mahallani belgilab, ularga 5 milliard so‘mdan yo‘naltirishi, yana 236 ta mahalla aholisi turmushida keskin o‘zgarish qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Manba: t.me
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter