Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Putin Lukashenkoga yana moliyaviy ko‘mak va’da qildi, faqat sharti bor...

Putin Lukashenkoga yana moliyaviy ko‘mak va’da qildi, faqat sharti bor...

Foto: TASS

Tugayotgan haftada Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Kremlda hamkasbi Vladimir Putin bilan uchrashdi. Bu – Belarus rahbarining Rossiyaga 8 oy ichidagi beshinchi tashrifidir. Yopiq eshiklar ortidagi muzokaralar 3 soatdan ziyod davom etgan. Yakunda ikki davlat integratsiyasi bo‘yicha 28 ta dastur bo‘yicha kelishuvga erishilgani ma’lum qilingan.

Muzokaralar davomida Rossiya energiya resurslari bahosi ham muhokama etilgan va pirovardida Putin tabiiy gaz narxini yangi yilda ham joriy yilgi tarif bo‘yicha sotishga rozilik bergan. Shuningdek, saxovatli qo‘shni sentyabrdan to 2022-yil yakuniga qadar Minskka 630 million dollar kredit ajratilishini e’lon qilgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, G‘arb mamlakatlari tomonidan sanksiyalar joriy etilayotgan bir paytda Rossiya moliyaviy ko‘magi Belarus rahbariyati uchun asosiy tayanch bo‘lib qolmoqda.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yili Belarusning Rossiyadan qarzi 8,1 mlrd dollarni tashkil etgan. O‘tgan yili Minskda ommaviy namoyishlar davom etayotgan paytda Putin qo‘shni hukumatga yana 1,5 milliard dollar qarz va’da qilgan. Bu mablag‘ning bir qismi 2020 yil dekabr oyida, qolgani joriy yil iyun oyida o‘tkazilgan.

Iqtisodiy tahlilchilarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi sanksiyalari xorij bozoriga yo‘lni yopib qo‘ygan hozirgi sharoitda Minsk ma’muriyati mavjud qarzlarni yopish uchun yana qo‘shnilarga murojaat qilsa ajab emas.

Moskvaning moliyaviy ko‘magidan shundangina iborat emas. Belarus Rossiyadan tabiiy gazni imtiyozli narxda, neft va neft mahsulotlarini esa boj to‘lovisiz xarid qiladi. 2012 yildan buyon taqdim etib kelinayotgan energetika subsidiyalari miqdori 50 mlrd dollardan oshadi.

Bu o‘rinda xorijiy sarmoyalarni ham unutmaslik kerak. 2019 yili Belarus 7,2 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya qabul qilgan bo‘lsa, uning 26 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Rossiyalik iqtisodchi Yevgeniy Gontmaxerga ko‘ra, Minskka taqdim etilayotgan kreditlar Moskvaga u qadar og‘irlik qilmasligi mumkin. Ammo bu o‘rinda mablag‘larning qaytmaslik ehtimoli bor. Gap shundaki, dunyo hamjamiyati, xususan, Yevroittifoq Lukashenkoning qonuniy prezident ekanini tan olmagan. Bu esa ayni paytda imzolanayotgan bitimlar qonuniyligini ham shubha ostiga qo‘yadi. Mamlakatda hokimiyat almashgudek bo‘lsa, yangi ma’muriyat Moskva qarzlarini qaytarishdan bosh tortishi mumkin. 

Ye.Gontmaxerning qayd etishicha, mo‘l-ko‘l moliyaviy ko‘mak evaziga Moskva Minskdan xayrixohlik va siyosiy sadoqat kutmoqda. Zotan, Kreml Belarusning Ukraina, Moldova, Gruziya kabi o‘z qutbidan chiqish ketishini istamaydi.

Moskva va Minsk 1990-yillardayoq Rossiya–Belarus ittifoq davlatini tashkil etishga kelishgan. Ammo bu g‘oya 20 yildan buyon amalga oshmay kelmoqda. Lukashenko ittifoq davlati ta’sis etish taklifiga keyingi yillarda ro‘yxushlik bermay kelayotgan edi. Lukashenko o‘tgan yil 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylovdan keyin 6-muddatga davlat rahbari kursini egallaganini e’lon qilgach, unga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari avj oldi. Pirovardida u yana ko‘mak istab Kremlga yuzlanishga majbur bo‘ldi.   

Keyingi oylarda norozilik namoyishlari ish tashlashlarga ulanib ketdi. O‘sha kezlar hatto Rossiya Belarusga qo‘shin yuborishi haqida taxmin-tusmollar yoyildi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring