Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Pxyonchxan olimpiadasi haqida qiziqarli 10 ta fakt

Pxyonchxan olimpiadasi haqida qiziqarli 10 ta fakt

Foto: «Eurosport.de»

1. Janubiy Koreya Qishki olimpiadani o‘zida qabul qilgan Osiyoning ikkinchi mamlakati hisoblanadi. Bungacha Osiyoda faqat Yaponiya Qishki olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilgan. 1972-yili «Kunchiqar yurt»ning Sapporo, 1998-yili Nagano shaharlari olimpiada o‘yinlarini o‘zida qabul qilgan.

2. Pxyonchxan olimpiadasida 84 mamlakatning 2900 nafar atleti sportning 15 turida rekord darajada (102 ta) medallar shodasi uchun kurashadi.

3. Pxyonchxan olimpiadasi dasturiga 4 ta yangi sport yo‘nalishi qo‘shildi: snoubordda big-eyr (baland tramplindan sakrab, havoda turli tryuklar ko‘rsatish), konkida yugurish sportida mass-start (umumiy startdan poygaga chiqish), kyorlingda dabl-mikst (aralash juftlik bahslari) va chang‘i sportida jamoaviy bahslar qo‘shildi. Snoubordda parallel slalom bahslari olimpiаda bahslaridan chiqarib yuborildi.

4. Joriy o‘yinlar ikkita davlat hududida joylashgan bitta nomdagi provinsiyada o‘tkazilayotgan ilk olimpiada hisoblanadi. Gap shundaki, Pxyonchxan shahri Kanvondo provinsiyasida joylashgan bo‘lib, mazkur ma’muriy hudud 1953-yili Koreys urushi yakunlangach, Shimoliy va Janubiy Koreya davlatlari tomonidan bo‘lib olingan.

5. Olimpiada tumori hisoblangan oq yo‘lbars — Suxoran koreys afsonalariga ko‘ra ishonch, kuch va himoya ramzidir. Sooho — himoya, Rang — «ho-rang-i» (yo‘lbars) so‘zining bir qismi. 1988 yilgi Seul olimpidasining ramzi hisoblangan amur yo‘lbarsining nomi Xodori edi.

6. Olimpiya shaharchasidagi chiroyli va qulay xonalar musobaqa tugagach aholiga kvartira sifatida beriladi.

7. Bu safargi ochilish marosimida bor-yo‘g‘i 2000 ta ko‘ngillilar xizmatidan foydalanildi. Bu olimpiаda tarixidagi eng arzon va kam ishchi kuchi qatnashgan marosim hisoblanadi. Tashkilotchilar ko‘rgazmali chiqishlarda ko‘proq yuqori texnologiyalardan foydalanishdi.

8. Koreya hukumati tomonidan o‘yinlarga tayyorgarlik va yangi qurilgan inshootlar uchun 2,4 mlrd dollar sarflandi.

9. Olimpiya stadioni qurilishiga 22 oy vaqt va 105 mln. AQSh dollari sarflandi. Yetti qavatdan iborat beshburchak shaklidagi kompleksning har bir burchagi 2018 yilgi olimpiadaning asosiy maqsadlarini aks ettiradi: madaniy, ekologik, iqtisodiy, tinchlik va axborot-texnologiya o‘yinlari. Paralimpiya o‘yinlaridan so‘ng arena buzib tashlanadi va uning o‘rnida muzey va boshqa ko‘ngilochar maskanlar faoliyat yurita boshlaydi.

10. Janubiy va Shimoliy Koreya terma jamoalari ochilish marosimida bir bayroq ostida chiqishdi. Shuningdek, bu ikki mamlakat ayollar xokkey jamoalari ham bir jamoa sifatida olimpiya o‘yinlarida qatnashishmoqda.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring