Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qisqa vaqt ichida poytaxtimizda uchta shifoxona quriladi – Tanzila Norboyeva

Qisqa vaqt ichida poytaxtimizda uchta shifoxona quriladi – Tanzila Norboyeva

Foto: Senat axborot xizmati

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida parlament qo‘yi palatasi deputatlari va Senati a’zolari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda parlament yuqori palatasi raisi Tanzila Norboyeva nutq so‘zladi.

– Davlatimiz o‘z taraqqiyoti yo‘lida jadal rivojlanayotgan bir paytda pandemiya tabiiy holatda O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi, – deydi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva. –  Biz, parlament a’zolari, xalqimiz har daqiqada ushbu kasallikning kechishi to‘g‘risida, umuman olganda, uning iqtisodiyot, ijtimoiy soha, odamlarning kayfiyatiga qanday ta’sir etayotganini ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib turibmiz. Bugungi kunda dunyoda pandemiya nafaqat sog‘liqni saqlash tizimining muammosi, balki mehnat, iqtisodiyot sohalariga katta ta’sir ko‘rsatayotgan dolzarb masalaga aylandi. Shu bois, Prezidentimiz ikki kun davomida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazib, xalqimizga murojaat qildilar. Bu kasallik tarqalishining oldini olish borasida barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilishi, dori-darmon hamda oziq-ovqat mahsulotlari borasida yetarlicha zaxira mavjudligi, eng asosiysi, sarosima va vahimaga tushishga asos yo‘qligini ta’kidladilar.

Yana bir jihat, davlatimiz rahbari bu borada muhim Farmonni qabul qildilar. Maxsus Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etilgani fuqarolarimizning sog‘lig‘i va mehnat huquqlarini muhofaza qilish bilan birgalikda tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, shu orqali ish joylarini tashkil qilish, odamlarimizning daromadlarini oshirish borasida qilinayotgan ishlarimiz to‘xtab qolmasligiga sabab bo‘ladi. Bunday vaziyatda, albatta, biz, parlament a’zolaridan faollik, mas’uliyat talab qilinadi.

So‘nggi uch yilda ko‘plab islohotlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, yillar mobaynida barcha sohalar, xususan, ijtimoiy sohalarda muammolar yetarlicha to‘planib qolganligiga guvoh bo‘lyapmiz. Ayniqsa, sanitariya-epidemiologiya xizmati to‘g‘risida nafaqat qonunchilikni takomillashtirish, balki hukumatimiz tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishi kerak. Bunga davlat rahbari ham urg‘u berib, ushbu tizim yillar davomida e’tibordan chetda qolganligi, kadrlar salohiyati yetarli darajada emasligi, moddiy-texnika bazasi o‘z holiga tashlab qo‘yilganligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan, hozirda nafaqat sanitariya-epidemiologiya xizmati, balki sog‘liqni saqlash tizimini tubdan qayta isloh qilish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda. Kecha Prezidentimiz videoselektorda alohida qayd etdilarki, shu qisqa vaqt ichida poytaxtimizda uchta shifoxona qurilib, foydalanishga topshiriladi. Albatta, bu muassasalar karantinga qabul qilish uchun qilinayotgan bo‘lsa-da, keyinchalik boshqa tibbiy maqsadlarda ham ishlatilishi mumkin.

Biz, parlament a’zolari, eng avvalo, sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlash bo‘yicha ishlarni tudban qayta ko‘rib chiqishimiz zarur. Bunda asosiy e’tiborni kadrlar salohiyatini oshirish va ularni qo‘llab-quvvatlashga ahamiyat qaratish maqsadga muvofiq.

Prezidentimiz ushbu soha mutaxassislarining oyligiga qo‘shimcha haq to‘lab berilishi, qo‘llab-quvvatlanishini ham qayd etdilar. Chunki tibbiyot xodimlari nafaqat karantinga olinganlarga yordam beryapti, balki o‘z hayotini xavf ostiga solib, o‘z ishini sidqidildan bajarmoqda. Shu o‘rinda sog‘liqni saqlash tizimi mutaxassislariga minnatdorlik bildiramiz.

Senator va deputatlar vazirlik va idoralar mutasaddilari bilan birgalikda har birimiz qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning o‘z vaqtida samarali tatbiq etilishini ham nazorat qilishimiz, ham hukumatga, mahalliy hokimiyatga yordam berishimiz kerak.

Shu kunlarda xalqimizga xos bo‘lgan og‘ir-vazminlik, birning muammosini el muammosi deb qabul qilish, sinovli kunlarda birlashish, o‘zimizning azaliy o‘zbek xalqlariga xos bo‘lgan qadriyatlarni namoyon etishimiz kerak bo‘ladi. O‘ylaymanki, xalqimiz bilan birgalikda izchil harakatlarni amalga oshirib, shu sinovni ham yengamiz, deya qayd etdi Senat raisi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring