«Qog‘ozsiz kelajak» sari: O‘zbekistonda raqamli hukumat qanday shakllanmoqda?
O‘zbekiston mustaqillikka erishgan paytda dunyo axborot texnologiyalari jadal sur’atlarda rivojlanayotgan yangi davrga qadam qo‘yayotgan edi. Internetning ommalashuvi va raqamli texnologiyalarning hayotning turli sohalariga kirib borishi milliy axborot makonini shakllantirish hamda axborot suverenitetini ta’minlash masalalarini dolzarb vazifaga aylantirdi.
Oradan o‘tgan yillar davomida ushbu jarayonlar davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va fuqarolar bilan muloqotning yangi mexanizmlarini joriy etishga xizmat qildi. Natijada bugun O‘zbekistonda raqamli hukumat tizimini shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
O‘zbekistonda elektron hukumat g‘oyasi paydo bo‘lganidan buyon u faqat texnik yechimlar majmuasi sifatida emas, balki davlat va fuqarolar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni soddalashtirish va ochiqlikni ta’minlash vositasi sifatida rivojlanib kelmoqda. Axborotlashtirish sohasidagi dastlabki qadamlar vaqt o‘tishi bilan yagona davlat xizmatlari portali — My.gov.uz, elektron davlat xizmatlari va raqamli identifikatsiya mexanizmlarini qamrab olgan yaxlit ekotizimga aylandi.
Quyida mamlakatimizning raqamli davlatchilik sari bosib o‘tgan eng muhim tarixiy bosqichlari — ularning ortida turgan texnologik transformatsiyaga nazar tashlaymiz.
Infratuzilmaviy inqilob va davlat ma’lumotlar markazlari
Elektron hukumat tizimining samarali ishlashi uning raqamli infratuzilmasi, ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash imkoniyatlari bilan chambarchas bog‘liq. Dastlabki bosqichlarda vazirlik va idoralar mustaqil serverlar hamda alohida axborot bazalariga tayanar edi. Bu esa idoralararo ma’lumot almashinuvini qiyinlashtirib, axborot tizimlarining o‘zaro integratsiyasiga to‘sqinlik qilardi.
Oqibatda davlat organlari o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvi ko‘p hollarda qog‘oz hujjatlar yoki qo‘l mehnati orqali amalga oshirilar, fuqarolar esa bir davlat xizmatini olish uchun turli tashkilotlarga murojaat qilishga majbur bo‘lardi.
Raqamli davlatchilikni shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri 2013-yil 1-iyulda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — My.gov.uz ishga tushirilishi bo‘ldi. Dastlab test rejimida faoliyat boshlagan va birinchi talqinida qariyb 40 ta interaktiv davlat xizmati mavjud mazkur platforma keyinchalik davlat xizmatlarini elektron shaklda taqdim etishning yagona nuqtasiga aylanib, fuqarolar va davlat organlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning yangi formatiga asos soldi.
Biroq elektron xizmatlarning to‘liq ishlashi uchun davlat idoralarining axborot tizimlarini o‘zaro bog‘lash zarur edi. Shu maqsadda Yagona idoralararo integratsiya platformasi (YIIP) bosqichma-bosqich shakllantirildi. Ushbu platforma davlat organlarining axborot tizimlari o‘rtasida avtomatik ma’lumot almashinuvini ta’minlash imkonini berdi va elektron hukumat infratuzilmasining asosiy bo‘g‘inlaridan biriga aylandi.
Ushbu jarayonlarni texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatda davlat axborot tizimlari va elektron xizmatlarning barqaror faoliyatini ta’minlovchi zamonaviy ma’lumotlar markazlari (Data Centers) rivojlantirildi. Bu infratuzilma millionlab foydalanuvchilarning murojaatlari va ma’lumotlarini xavfsiz hamda uzluksiz qayta ishlash uchun zarur texnik asosni yaratdi.
Shu tariqa davlat organlari o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvi inson aralashuvisiz, qisqa vaqt ichida amalga oshirila boshladi. Bu esa davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini tezlashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, resurslardan samarali foydalanish hamda korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish uchun muhim zamin yaratdi.
Biometriya va raqamli identifikatsiya: OneID va Mobile-ID
Elektron hukumat ekotizimining rivojlanishidagi navbatdagi muhim bosqich raqamli makonda fuqarolarning shaxsini masofadan turib, xavfsiz va ishonchli tarzda aniqlash imkonini beruvchi identifikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi bo‘ldi. An’anaviy davlat xizmatlarida shaxsni tasdiqlash uchun fuqaroning shaxsan ishtirok etishi va qog‘oz hujjatlarni taqdim etishi talab etilgan bo‘lsa, raqamli davlatchilik ushbu jarayonlarni elektron muhitga ko‘chirishni taqozo etdi.
Ushbu ehtiyojdan kelib chiqib, mamlakatda biometrik pasportlar va keyinchalik ID-kartalar tizimi joriy etildi. Bu jarayon raqamli davlat xizmatlaridan xavfsiz foydalanish uchun zarur bo‘lgan identifikatsiya infratuzilmasini shakllantirishga xizmat qildi.
Mazkur sohadagi muhim yutuqlardan biri Yagona identifikatsiya tizimi — OneIDning joriy etilishi bo‘ldi. U fuqarolarga yagona akkaunt orqali ko‘plab davlat axborot tizimlari va elektron xizmatlardan foydalanish imkonini yaratdi. 2022 yildan Mobile-ID xizmati ishga tushirilishi bilan shaxsni masofadan turib tasdiqlash imkoniyatlari yanada kengaydi.
Texnologik nuqtai nazardan OneID va Mobile-ID yechimlari biometrik ma’lumotlarni tekshirish, yuzni tanish (Face-ID) hamda boshqa autentifikatsiya mexanizmlari orqali fuqarolarning shaxsini ishonchli tasdiqlashga xizmat qilmoqda. Bu esa elektron xizmatlardan foydalanish xavfsizligini oshirish va foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratish imkonini berdi.
Mobile-ID tizimi joriy etilgach, fuqarolar elektron raqamli imzo vositalaridan foydalanish uchun alohida qurilmalardan doimiy ravishda foydalanishi shart bo‘lmay qoldi. Mobil telefon raqamini shaxs bilan bog‘lash va biometrik tekshiruvdan o‘tish orqali ko‘plab elektron davlat xizmatlari hamda hujjatlarni smartfon orqali tasdiqlash imkoniyati yaratildi. Bu o‘z-o‘zidan «raqamli shaxs» konsepsiyasini amaliyotga yanada yaqinlashtirib, aholining masofaviy xizmatlarga ishonchi va qiziqishini oshirdi.
My.gov.uz va mobil xizmatlar: raqamli davlat xizmatlari ekotizimi
Davlat ma’lumotlar markazlari va raqamli identifikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi O‘zbekistonda davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yangi bosqichini boshlab berdi. Bu jarayonning markazida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — My.gov.uz hamda uning mobil ilovasi turdi. Vaqt o‘tishi bilan mazkur platforma oddiy axborot resursidan fuqarolar va davlat o‘rtasidagi raqamli muloqotning asosiy maydoniga aylandi.
Platforma rivojlanishidagi muhim yangiliklardan biri «Raqamli hujjatlar» tizimining joriy etilishi bo‘ldi. Uning doirasida pasport, haydovchilik guvohnomasi, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi, ta’lim to‘g‘risidagi ayrim hujjatlar va boshqa raqamli hujjatlar mobil ilova orqali taqdim etila boshladi. Qonunchilikda belgilangan hollarda ushbu hujjatlar jismoniy nusxalar bilan teng yuridik ahamiyatga ega hisoblanadi.
Shu yo‘l bilan fuqarolarga zarur hujjatlarni doimo o‘zlari bilan olib yurish, ularni QR-kod yoki elektron format orqali tezkor taqdim etish imkoniyati yaratildi va davlat xizmatlaridan foydalanish jarayonlari yanada qulaylashdi.
Shu bilan birga, platforma orqali ko‘plab davlat xizmatlari bosqichma-bosqich raqamlashtirildi va avtomatlashtirildi. Subsidiyalar uchun ariza berish, bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalari yoki ta’lim muassasalariga ro‘yxatga qo‘yish, oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish kabi xizmatlarni masofadan turib olish imkoniyatlari yaratildi.
Foydalanuvchi interfeysining takomillashtirilishi va xizmatlarning kecha-kunduz ishlash tamoyili asosida taqdim etilishi davlat xizmatlaridan foydalanishni ancha soddalashtirdi. Bu esa fuqarolar uchun vaqt va xarajatlarni tejash, davlat organlari uchun esa xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish imkonini berdi.
Bugungi kunda My.gov.uz orqali yuzlab davlat xizmatlari elektron shaklda taqdim etilmoqda va portal mamlakatda raqamli davlat xizmatlarining asosiy platformasi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Bugungi kunda My.gov.uz orqali 800 dan ortiq davlat xizmati elektron shaklda taqdim etilmoqda. Portalning faol foydalanuvchilari soni 11 milliondan oshgan bo‘lib, u davlat va fuqaro o‘rtasidagi raqamli muloqotning asosiy platformasiga aylandi.
Hozirda portal orqali millionlab murojaatlar va arizalar elektron shaklda qabul qilinmoqda. My.gov.uz veb-portali hamda uning mobil ilovasi davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalanishning eng ommalashgan vositalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekistonning raqamli davlatchilik sohasidagi yutuqlari xalqaro reytinglarda ham o‘z aksini topmoqda. BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi (EGDI)da mamlakat o‘z pozitsiyalarini izchil yaxshilab kelmoqda. Bundan tashqari, Jahon bankining GovTech Maturity Index reytingida O‘zbekiston davlat texnologiyalari va raqamli boshqaruvning yetukligi bo‘yicha eng ilg‘or mamlakatlar qatoriga kirdi.
Bu ko‘rsatkichlar mamlakatda raqamli davlat boshqaruvini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar amalda ham o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi.
Tarmoqli raqamlashtirish: raqamli tibbiyot va «aqlli ta’lim»
Elektron hukumat infratuzilmasining rivojlanishi raqamli texnologiyalarning davlat boshqaruvidan tashqari aholi hayoti bilan bevosita bog‘liq sohalar — sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimlariga keng joriy etilishi uchun zamin yaratdi. Bu sohalardagi raqamli transformatsiya xizmatlarning qulayligi va ochiqligini oshirish, boshqaruv jarayonlarini takomillashtirish hamda ma’lumotlar bilan ishlash samaradorligini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Sog‘liqni saqlash sohasida elektron tibbiy ma’lumotlar bazalarini shakllantirish, elektron retseptlar tizimini joriy etish va shifokor qabuliga onlayn yozilish xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi. Natijada bemorlar haqidagi ma’lumotlarni raqamli shaklda saqlash va ulardan tezkor foydalanish imkoniyatlari kengaydi. Bu esa tibbiyot muassasalari o‘rtasida ma’lumot almashinuvini soddalashtirish va xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ta’lim sohasida ham raqamli texnologiyalar boshqaruv va ta’lim jarayonlarining muhim qismiga aylandi. Elektron jurnallar va raqamli ta’lim platformalari ota-onalarga farzandlarining o‘zlashtirishi va davomatini masofadan kuzatish imkonini bermoqda. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirish, qabul jarayonlarida ishtirok etish hamda ta’lim to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron shaklda yuritish tizimlari bosqichma-bosqich raqamlashtirildi.
My.gov.uz va boshqa davlat axborot tizimlari bilan integratsiyalashuv ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi ko‘plab xizmatlarni yagona raqamli muhitda taqdim etish imkoniyatini berdi. Bu esa ma’lumotlarning shaffofligini oshirish, xizmatlardan foydalanishni yengillashtirish va inson omili bilan bog‘liq ortiqcha jarayonlarni qisqartirishga xizmat qilmoqda.
Xulosa o‘rnida
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda elektron hukumatni rivojlantirish sohasida amalga oshirilgan islohotlar davlat boshqaruvini raqamlashtirishning mustahkam poydevorini yaratdi. Davlat ma’lumotlar markazlarining tashkil etilishi, idoralararo integratsiya platformalarining joriy qilinishi, raqamli identifikatsiya tizimlarining rivojlanishi hamda My.gov.uz ekotizimining shakllanishi davlat xizmatlarini ko‘rsatishning mutlaqo yangi modelini vujudga keltirdi.
Bugun raqamli texnologiyalar davlat va fuqaro o‘rtasidagi munosabatlarning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Ko‘plab xizmatlar masofadan turib, tezkor va qulay shaklda taqdim etilmoqda, ma’lumot almashinuvi esa tobora avtomatlashtirilmoqda.
Raqamli transformatsiya — doimiy jarayon. Sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar (Big Data), bulutli texnologiyalar va proaktiv davlat xizmatlarining rivojlanishi elektron hukumatning keyingi bosqichi — raqamli hukumat modelini shakllantirmoqda. Bu model davlat xizmatlarini faqat raqamli formatga o‘tkazishni emas, balki qaror qabul qilish jarayonlarini ma’lumotlarga asoslash, xizmatlarni aholi ehtiyojlariga moslashtirish va davlat boshqaruvining samaradorligini oshirishni nazarda tutadi.
O‘zbekistonda raqamlashtirish jarayoni qog‘oz hujjatlarni elektron ko‘rinishga o‘tkazish bilan cheklanib qolmayapti. U davlat, biznes va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarning yangi madaniyatini shakllantirib, mamlakatning raqobatbardoshligi va barqaror taraqqiyoti uchun muhim omilga aylanmoqda. Qog‘ozsiz kelajak sari tashlanayotgan har bir raqamli qadam O‘zbekistonda davlat boshqaruvining yanada ochiq, samarali va inson manfaatlariga yo‘naltirilgan modelini shakllantirishga xizmat qilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter