Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qorboboni uyga taklif etmaslikning muhim sabablari

Qorboboni uyga taklif etmaslikning muhim sabablari

Qorbobo o‘z sovg‘asi bilan

Foto: «people.com»

Yangi yilda bolajonlar uchun eng qiziqarli ermaklardan biri qorbobo bo‘ladi. Farzandlaringiz ulardan turli sovg‘alar kutadi, she’r va qo‘shiqlar aytib beradi. Ba’zi odamlar uyiga qorbobo chaqirtirishadi. Umuman, multfilmlarga o‘ch bolalar qorboboga va uning mo‘’jizalariga ishonadilar. Ammo tanganing ikkinchi tarafi ham bor, deganlaridek, aslida uni uyga chaqirish shartmi?

Qorbobo bolalar tasavvurida noyob qobiliyatga ega, g‘aroyib libosdagi notanish kishi sifatida gavdalanadi. 2017 yilda Rossiyaning ayrim hududlaridagi maktabgacha ta’lim muassasalarida ko‘plab «chaqirilmagan» qorbobolar mehmon bo‘lishgan. Bu bolajonlarni quvontirish o‘rniga ularda qo‘rquv hissini uyg‘otgan.

Bunga ishonish qiyin, ammo qorbobo hamda qorqiz kiyimlari jinoyatchilar uchun eng qulay niqob. Yangi yil oqshomi yanada jozibali o‘tishi uchun ko‘plab oilalar qorboboni uylariga taklif etishadi. Bu esa yovuz niyatli jinoyatchilar uchun ayni qulay fursat degani. Balki tavakkal qilishdan oldin yana bir marta o‘ylab ko‘rgan ma’quldir.

Qorboboni uyga taklif qilish arzonga tushmaydi, albatta. Ikkita so‘zni bir qilib eplab gapirolmaydigan insondan qanday mo‘’jiza kutish mumkin? Buning o‘rniga mashhur aktyor yoki aktrisalarni yoki maxsus shou guruhlarini uyga taklif qilib, biron soat qiziqarli shou dasturini ko‘rganingiz ma’qul emasmi? Yo‘q. Bu ham hamyonbop emas. «Mo‘’jizaviy» qorbobo bilan uchrashuvni konsert zallaridagi bayram dasturlarida yoki ko‘chada bezatilgan chiroyli archa atrofida ham amalga oshirsangiz bo‘ladi. Tejalgan pulga esa uyingiz uchun foydali narsalar xarid qilishingiz mumkin.

Ertami-kechmi farzandingiz qorboboning mavjudligi haqidagi haqiqat ertak ekanini anglab yetadi. Bir kun bu yolg‘on yuzaga chiqadi. Vaziyatni yanada chuqurlashtirishdan kimga naf?

Farzandingizning qalbini noto‘g‘ri baholamang. U qorboboga o‘zining tilaklarini allaqachon «yetkazgan» bo‘lishi mumkin. Bu ro‘yxatda qanday sovg‘alar borligini bilmaysiz hatto. Agar bola tasavvurida qorbobo sehrgar bo‘lsa, albatta, ota-onalari kabi «dallollarsiz» ham uning ro‘yxatini olgan va tilagini amalga oshirishga oshiqqan. Eslang-chi, bolaligingizda qorbobodan o‘zingiz xohlagan velosiped o‘rniga kitob olgan kunlaringiz bo‘lganmi? Agar bolangiz ham ko‘nglingizdan o‘tkazgan noxush holatlarni his qilishini istamasangiz, bunday «sehrgar»ni uyga taklif qilmaganingiz ma’qul.

Yangi yil bilan tabriklash va kunni shodon o‘tkazishni begonalarning yelkasiga yuklashga shoshilmang. Unutmangki, qorboboning kamnamoligi kabi sizning ham ishlaringizdan ortishingiz va uyda bo‘lishingiz shunchalik kam, buni tan oling. Shu sababli bezatilgan archa atrofida farzandingiz uchun o‘zingiz qo‘shiq kuylab bersangiz yoki qiziqarli o‘yinlar tashkil qilsangiz, ularning quvonchiga quvonch qo‘shgan bo‘lasiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring