Qurilish materiallari korxonalariga 50 mln dollar ajratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida yirik va megaloyihalar uchun qurilish materiallari ta’minoti, mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligi hamda sohadagi moliyaviy muammolarga to‘xtalib o‘tildi. Qayd etilishicha, yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan investorlar import qilinadigan materiallarni qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilishni so‘ramoqda.
Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ham davlatdan teng sharoit yaratilishini talab qilmoqda. Ularning ta’kidlashicha, agar qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar mahalliy mahsulotlarga ham tatbiq etilsa, ular sifat va standartlar bo‘yicha import mahsulotlari bilan raqobat qilishga tayyor.
Yig‘ilishda mutasaddilarga yirik va megaloyihalarga import hamda mahalliy mahsulotlarni yetkazib berishda teng sharoit yaratish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
Yig‘ilishda sohadagi moliyaviy holatga ham alohida e’tibor qaratildi. Ma’lum qilinishicha, ayni paytda qurilish materiallari tarmog‘idagi 457 ta korxonaning kreditlar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi 3,5 trillion so‘mga yetgan.
Bu holatning asosiy sabablaridan biri sifatida mahsulot tannarxining yuqoriligi va ayrim turdagi mahsulotlarning bozor talablariga to‘liq javob bermayotgani ko‘rsatildi. Natijada korxonalar ishlab chiqargan mahsulotlar uchun yetarli xaridor topishda qiynalmoqda.
Prezident har bir korxona kesimida tahlil o‘tkazish va ularning moliyaviy ahvolini yaxshilash bo‘yicha alohida dasturlar ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
Mutasaddilarga 457 ta korxonaning har biriga borib, ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha qisqa muddatli dastur tayyorlash vazifasi yuklatildi. Ushbu maqsadlar uchun 50 million dollar miqdorida resurs ajratilishi belgilandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter