Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Quvasoydagi korxona 25 mln dollarlik mahsulotni tashqi bozorga chiqaradi

Quvasoydagi korxona 25 mln dollarlik mahsulotni tashqi bozorga chiqaradi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida «Quva Agrostar» korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida mahsulotni yetishtiribgina qolmay, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish hajmlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda «Uzagrostar xolding» kompaniyasi tashkil etilib, uning ta’sischiligida 21 ta tumanda ixtisoslashtirilgan agrar majmualar ish boshladi.

Sohadagi asosiy muammolardan biri ishlab chiqarish zanjirining tarqoqligi edi. Dehqon mahsulot yetishtirar, ammo uni saqlash, saralash, qadoqlash va tashqi bozorga chiqarish imkoniyati cheklangan edi. Ixtisoslashgan agrokomplekslar esa aynan shu bo‘shliqni to‘ldirmoqda.

Ulardan biri «Quva Agrostar» korxonasi. Quva tumanida joylashgan majmua yiliga 12 turdagi 5 ming tonna mahsulotni yetishtirishdan tortib, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va eksportgacha bo‘lgan jarayonlarni yagona zanjirda birlashtirgan.

Korxonaning Italiya, Ispaniya, Germaniya va Xitoydan keltirilgan zamonaviy texnologiyalari va Global GAP, ISO 22000, Halal va HACCP kabi xalqaro sertifikatlari mahsulot sifati va milliy brendga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Tizimli yondashuv natijasida 2025-yilda ilk bor Yaponiya va Janubiy Koreya kabi talabchan bozorlarga aviatransport orqali mahsulot eksport qilindi. Joriy yilda 25 million dollarlik mahsulotni tashqi bozorga yetkazish rejalashtirilgan.

Tumandagi 33 ta mahalladan 3 mingta xonadon va 1 mingta dehqon xo‘jaligi bilan kooperatsiya aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Odamlarga 10 sotix tomorqadan 250 million so‘mgacha daromad olish amaliyoti o‘rgatilmoqda.

Shu yerning o‘zida aholiga tomorqadan samarali foydalanishni o‘rgatish va mahallalarni chuqur ixtisoslashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimot qilindi.

Tomorqa shunchaki qo‘shimcha daromad manbai emas, balki oilaviy tadbirkorlikning samarali yo‘nalishiga aylanishi muhim ekani ta’kidlandi. Aholiga urug‘ tanlash, agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri bajarish, sifatli hosil olish, mahsulotni bozor talabiga mos holda tayyorlash va eksport standartlariga muvofiq qadoqlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari «Quva Agrostar» erishgan natijalarni yuqori baholab, yerdan samarali foydalanish, mahsulotni chuqur qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish orqali yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, eng muhimi, dehqon va tomorqa egalari daromadini sezilarli darajada oshirish muhim ekanini ta’kidladi. Shu maqsadda Farg‘ona viloyatida 50 ming gektar yer maydonida tajriba tariqasida ilg‘or agrotexnologiyalarga asoslangan qishloq xo‘jaligi tizimi joriy etilishi belgilandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring