Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rashk tufayli onasining tanishini shafqatsizlarcha o‘ldirgan yigitga sud hukmi o‘qildi

Rashk tufayli onasining tanishini shafqatsizlarcha o‘ldirgan yigitga sud hukmi o‘qildi

Foto: «Daryo»

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida sudya Ilhom Hamdamov raisligida rashk tufayli onasining tanishini 35 marta pichoq urib o‘ldirgan Tolib Azimjonovning jinoyat ishi yuzasidan sud ishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Daryo» xabar bermoqda.

Foto: «Daryo»

Sud majlisida aniqlanishicha, sudlanuvchi 1999-yilda tug‘ilgan Tolib Azimjonov 2018-yilning yoz oylarida onasi R.K.ga tegishli telefondagi «Telegram» messenjeridan Shuhrat Rasulov bilan bo‘lgan muloqotdan xabar topib, ularning keyingi suhbatlarini bir necha kunlar davomida kuzatib borgan. Natijada yigit onasi R.K. va Shuhrat Rasulov o‘rtasidagi munosabatdan nafrati oshib, uni qasddan o‘ldirishni rejalashtirib kelgan.

2018-yilning 14-oktyabr kuni Tolib Azimjonov sud tomonidan tayinlangan ozodlikdan cheklash jazosini o‘tash tartibini buzib, kechki soat 22:00 dan so‘ng Samarqand shahridagi «Legrand» tungi klubiga borib, u yerda spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Mast holatda bo‘lgan yigit 15 oktyabr kuni soat 04:00 atrofida Samarqand shahridagi yashash uyiga qaytib kelgan. U 1979 yilda tug‘ilgan Shuhrat Rasulovni oldindan qasddan o‘ldirish rejasini amalga oshirish maqsadida uyining oshxonasida turgan oshxona pichog‘ini olib, Rasulov odatda bo‘ladigan Samarqand shahar Amir Temur ko‘chasida joylashgan savdo do‘koniga qarab yo‘l olgan.

Azimjonov soat 08:15 da Sh.Rasulov o‘tirgan savdo do‘koniga kirib, u yerda Shuhrat Rasulovning bir o‘zi bo‘lganligidan foydalanib, dastlab u bilan avtomobil ehtiyot qismlari olishligi to‘g‘risida suhbatni boshlagan. Keyin Rasulovga o‘zining uyali telefoni orqali onasiga tegishli bo‘lgan telefon raqamini ko‘rsatib, ushbu telefon raqami tegishli bo‘lgan shaxsni tanish-tanimasligini so‘ragan.

Tolib Azimjonov Shuhrat Rasulov bilan muloqot vaqtida kutilmaganda o‘zi bilan cho‘ntagida olib kelgan oshxona pichog‘ini chiqarib, ushbu pichoq bilan uning dastlab qorin sohasiga, so‘ng tanasining to‘g‘ri kelgan joylariga ketma-ket o‘ta shafqatsizlik bilan 29 marotaba urib tan jarohatlari yetkazgan. Shuhrat Rasulov unga faol qarshilik ko‘rsatib, o‘zining hayotini saqlab qolish uchun «Erkin» savdo majmuasi tomonga qochgan.

Azimjonov o‘zining jinoiy niyatini oxiriga yetkazish maqsadida, Rasulovning ortidan borib, qo‘lida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan yana Shuhrat Rasulovning tanasining turli sohalariga ketma-ket 6 marotaba pichoq urgan.

Azimjonov ko‘plab tan jarohatlar yetkazish orqali Rasulovni alohida qiynoqqa solib, o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirgan.

Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Tolib Azimjonov Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 2 qismi «j» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2018-yil 5-martdagi hukmi bilan tayinlangan 5 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosining o‘talmay qolgan 4 yil 5 oy 9 kuni, tayinlangan jazosiga qisman qo‘shish yo‘li bilan qat’iy o‘tash uchun uzil kesil 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring