Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rus devining qismati

Rus devining qismati
Dunyodagi eng novcha odam – 2 metr 85 santimetrli bo‘yga ega Fyodor Maxnov bir o‘tirishda 2,5 kilo go‘sht, 3 buxanka non yegan, uning vazni 182 kilogramm edi...

Ota-onasi oddiy...

Fyodor Andreyevich Maxnov 1878 yil 6 iyunda tug‘ilgan. O‘shanda uning bo‘yi 3 gaz (0,71 m.ga teng) 9 vershok (4,4 sm) edi. Guvohnomada esa xato ravishda 3 gaz 8 vershok deb yozilgan.  Maxnovning bo‘yi 16 yoshida, sirkka ishga taklif qilinganida qayd etildi. Keyinchalik uning xotini bu xatoni to‘g‘irlab yozdirmoqchi bo‘ldi, biroq birinchi jahon urushi boshlanib, xalaqit berdi. Fyodorning qaddi 2 metr 85 santimetr ekanligi varshavalik antropolog Lushan tomonidan 1903 yilda qayd etilgan. Buni fransuz biologi J.Rostan o‘zining «Hayot» kitobida va rus fantast adibi A.Belyayev ham tasdiqlashgan...

Fyodorning ota-onasi boshqalar qatori o‘rtacha qomatga ega edilar. Ammo u juda bahaybat holida dunyoga keldi, shu bois tug‘ruq paytida onasi hayotdan ko‘z yumdi.

Fyodorni amakisi voyaga yetkazdi. U jiyanini judayam yaxshi ko‘rardi. Bola oy sayin o‘sar, 16 yoshida esa 24 soat davomida uzluksiz uxlar edi. U faqat bo‘yi bilan emas, baquvvatligi bilan ham boshqalardan farq qilardi. Fe’li esa muloyim, o‘zgalarga nisbatan xushmuomala edi. Dalada ko‘p ishlar, temirchiga yordam berardi. Garmoshkada yaxshi o‘ynar edi.

Bir kuni Fyodor Maxnovni bozorda sirk sohibi – nemis Otto Bilinder ko‘rib qoldi. Keyin uning otasi bilan gaplashib, o‘g‘lini Germaniyaga, sirkka ishlashiga ruxsat berishini o‘tinib so‘radi. Shu zaylda Maxnov nemis diyoriga ketdi.

Otto uning kuch-quvvat to‘plashiga g‘amxo‘rlik qilib, yaxshigina pul ham to‘lardi. U Fyodorni o‘zining uyiga joylashtirib, saboq olishi uchun murabbiy tayinladi (Maxnov bor-yo‘g‘i 3-sinfgacha o‘qigandi), sirk tryuklarini o‘rgatdi. Fyodor kafti bilan g‘ishtni urib majaqlaydigan, qalin mixlarni bukib-yozidigan, yotgan holida cholg‘u asboblari bilan joylashgan musiqachilar o‘tirgan taxtani ko‘taradigan bo‘ldi. Tomoshabinlar esa sirkka ko‘proq haqiqiy Gulliverning o‘zini ko‘rish uchun kelishardi. Maxnov kundan-kunga emas, soatma-soat o‘sar edi. 25 yoshida u 2 metr 85 santimetrga yetdi.

Qamoqqa sig‘maydi!

Arxiv hujjatlarida Maxnovning nemislar poytaxtiga oid tafsilotlari saqlanib qolgan. Nemislar uning har qanday injiqlariga labbay derdilar. Qish o‘rtalarida Maxnov yertut yegisi keldi va bu mevani topib keltirishdi. Gollandiya, Parijda esa Fyodor bir necha marta shartnomani buzdi. Bir gal bezoriligi uchun uni qamoqqa tiqmoqchi bo‘ldilar, biroq Parij turmaxonalari bunday ulkan bo‘yga ega odamga mutlaqo to‘g‘ri kelmas edi.

Fyodor Germaniyada bo‘lganida uyga qaytishni xohlar edi. Anchagina pul yiqqach, xo‘jayin qolishga undasa-da, qadrdon Kostyukka ketdi. Biroq ota uyida yashashiga bo‘yi xalaqit berdi. Bu paytda badavlat zamindor Krjijanovskiy o‘zining mulkini sotayotgan edi. Maxnov ushbu mulkni yeri bilan qo‘shib sotib oldi va o‘ziga moslab uy qurdi. Keyin uylanish haqida bosh qotirdi. Ammo bu oson emas edi. Qizlar bu alpqomat devga turmushga chiqishni xohlashmasdi.

Nihoyat shunday qiz topildi: o‘qituvchi Yefrosinya Lebedeva! Uning bo‘yi 1 metru 85 santimetr edi. Yefrosinya Fyodordan ikki yosh kichik edi (u eri – Maxnovning o‘limidan so‘ng yana 35 yil yashagan va 1947 yilda hayotdan ko‘z yumgan).

1903 yilda ularning qizi Mariya dunyoga keldi, yana bir yil o‘tib, o‘g‘il bola Nikolay tug‘ildi. Fyodor oilasiga vafodor bo‘lib, bolalarini judayam yaxshi ko‘rardi. Boshqalarni ham qadrlar, dehqonlarga yordam berar edi. Germaniyadan esa uni to‘xtovsiz ravishda sirkka taklif qilaverdilar.

Ular bir oila bo‘lib sayohatga chiqishdi. Fyodor Germaniya kansleri, Rim papasi va AQSh prezidenti Teodor Ruzvelt qabulida ham bo‘ldi. U okeanni kesib o‘tishi uchun kema kayutasini buzib, qaytadan unga moslashardi. Yefrosinyaga bunday hayot yoqib, hatto Germaniyada qolish haqida ham o‘yladi. Biroq nemis vrachlari bahaybat erining o‘limidan so‘ng suyaklarini ilmiy tadqiqot uchun olib qolish haqida shartnoma tuzmoqchi bo‘lishganida Fyodorga qo‘qqisdan biror gap bo‘lishini o‘ylab, qo‘rqib ketdi. Shundan so‘ng ular uyga qaytishdi.

«Yechinib bo‘pman!»

Parijda antropologiya markazi a’zolari bu ulkan odamning noodatiy gavdasini sinchiklab o‘rganmoqchi bo‘dilar. Maxnov esa butun umri davomida shifokorlar oldida yechinishdan bosh tortib, faqat bo‘yi va kaftlarini o‘lchab ko‘rishlariga rozi bo‘lardi.

Nima bo‘lganda ham unga nisbatan qiziqish nihoyatda katta edi. Tadqiqotchilar Maxnovning yetti avlodigacha surishtirardilar. Fyodor Maxnov Rossiyaga janubdan, Suriyadan kelganlar avlodidan bo‘lib chiqdi. Uning ota-onasi, ikki opasi ham novcha emas edi. Faqat bobosi qadbaland, ammo bahaybat bo‘lmagan. Fyodorning qaddi-qomati haqida tasavvur qolishi uchun uning etigini misol keltirish mumkin. Tizzasigacha kiyadigan etigi oddiy odamning bo‘yniga qadar kelardi, 12 yashar bola bu etikka bemalol kirib joylasha olardi.

Fyodor va Yefrosinyaning besh nafar farzandi bor edi. Maxnovning gavdasi o‘ziga mutanosib emas, oyoqlari haddan ziyod uzun edi. Farzandlari eslashiga ko‘ra, u karavotda yotgan ko‘yi ko‘pincha oyog‘ini uzatib, pechda isitgan.

Antropologlar Maxnovni «faqat oyoqdan iborat» deb qayd etishgandi. Agar u oyoqsiz tug‘ilganida o‘rta bo‘yigacha ham o‘smagan bo‘lardi. Maxnovning boshi esa ulkan gavdasiga beso‘naqay ko‘rinish bergan edi, Fyodor nigohlarni chalg‘itish maqsadida chiroyli kazak libosini kiyib yurardi. Maxnovning quloqlari 15 sm, lablari 10 sm edi.

Barcha qatori u bir kunda to‘rt marta ovqatlanardi. Maxnovning ertalabki nonushtasiga o‘rtacha oddiy oila ikki kun tamaddi qilishi mumkin edi. O‘sha vaqtdagi matbuot nashrlarida bu haqda maxsus ma’lumot berilgan. Maxnov ertalab 20 ta tuxum, 8 ta dumaloq buxanka nonni moy bilan paqqos tushirar, 2 litr choy ichardi. Tushlikda esa 2,5 kilo go‘sht, 1 kilo kartoshka yeb, 3 litr pivo ichardi. Kechki ovqati yana 2,5 kilogramm go‘sht, bir tog‘ora meva-cheva, 3 buxanka non va 2 litr choydan iborat edi. Uyqudan oldin esa 15 ta tuxum yeb, bir litr sutni sipqorardi.

O‘lim va tadqiqot

Bu eng ulkan odam 1912 yilning 28 avgustida hayotdan ko‘z yumdi.

Nemis tibbiyotchilari xulosasiga ko‘ra, Maxnov aksariyat bahaybat odamlar aziyat chekadigan suyak sili tufayli vafot etgan. Aslida esa u shamollagan va zotiljamlik xastaligiga yo‘liqqan edi.

1935 yilda Maxnovning o‘g‘li Rodion Minsk tibbiyot institutida tahsil olar ekan, ma’ruzalardan birida professor o‘qituvchi Fyodor Maxnov haqida gapirib qoldi. Shunda barchani hayratga solib, Rodion o‘rnidan turdi-da, Fyodor Maxnov otasi bo‘lganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng undan oilasini otasining skeletini sotishga ko‘ndirishni iltimos qilishdi. Onasi 5 ming rubl evaziga bunga rozi bo‘ldi. Maxnovning o‘limidan so‘ng u ikkinchi marta erga tekkan, yana uch farzandli bo‘lgan, pul oilaga judayam zarur edi.

Eksgumatsiyada juda ko‘plab kishilar, shu jumladan, Maxnovning bevasi va bolalari ham ishtirok etishdi. 1936 yilda minsklik professor D.M.Golub chop etgan to‘plamda akromegalikning skeleti haqida ham maqola bor (akromegaliya suyak tizimi, yumshoq a’zolar va ichki a’zolardagi giperplastik o‘zgarishlar bilan tavsiflanadi). Bir so‘z bilan aytganda, ulkan odamlar aynan ulkanlikdan aziyat chekishadi.

Ikkinchi jahon urushi vaqtida Maxnovning skeleti g‘oyib bo‘ldi...

Hech kim qolmagan

Bugun Yefrosinya va Fyodor Maxnovlarning farzandlari hayot emas. Ular og‘ir, mashaqqatli umr kechirishdi. Quloqlashtirish davrida Maxnovlarni surgun qilmoqchi bo‘lishgan, biroq dehqonlar bunga qarshi chiqib, ularni tinch quyishni talab qilishgan.

Nikolay va Gavrila ofitser edi, ular qatag‘ondan zo‘rg‘a qutulishdi. Rodion shifokor bo‘lib yetishdi, ammo urush davrida gitlerchilar uni otib tashlashdi. To‘ng‘ich qiz Mariya butun umr zootexniklik qildi, kichik Masha esa hisobchi bo‘lgan. Farzandlarning bari onasi kabi qaddi raso bo‘lib, 180–190 santimetrlik bo‘yga ega edilar.

Taqdir Maxnov avlodlarini Belarus va Rossiya uzra sochib yuborgan edi. Ular yashagan joyda esa bugun faqat qayin daraxti o‘sadi, ehtimol uni Fyodor Maxnovning o‘zi ekkandir...

Akbar Fathullayev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring