Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Samarqandda «soxta kapitan» ushlandi (foto)

Samarqandda «soxta kapitan» ushlandi (foto)

Foto: Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati

Samarqand shahrida ichki ishlar organlari xodimi kiyimini kiyib olgan «soxta kapitan» qo‘lga olindi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB matbuot xizmatiga tayanib, «Daryo.uz» xabar bermoqda.

Xabarda qayd etilishicha, 2018-yilning 31-mart kuni soat 23:30 atrofida Samarqand shahar Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan «Yangi yulduz» tungi klubida egnida ichki ishlar organlari xodimlarining maxsus harbiy-dala kiyimi bo‘lgan shubhali shaxs o‘tirgani, uning yonida «Makarov» to‘pponchasiga o‘xshash qurol borligi haqida tezkor xabar kelib tushgan.

Tungi klubga zudlik bilan Samarqand viloyati IIB O‘z xavfsizligi xizmati va Samarqand shahar IIO FMB xodimlari yetib borgan va asli Toshkent shahrining Uchtepa tumanida istiqomat qiluvchi Abdulatif Rasulov qo‘lga olingan. Uning egnida ichki ishlar organlarining maxsus harbiy-dala kiyimi, yonida «Makarov» to‘pponchasiga o‘xshash qurol, 1,5 million so‘m pul bo‘lgan.

Foto: Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati

«Hozirda mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda», — deyiladi viloyat IIB axborotida.

Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati Abdulatif Rasulov o‘zini IIB xodimi deb tanishtirishi oqibatida zarar ko‘rgan fuqarolarni viloyat IIBning (+99866) 233-11-11 raqamli ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, xabar berishni so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, 21 mart kuni Samarqand viloyati IIB xodimlari tomonidan ichki ishlar xizmat formasidagi «soxta mayor» qo‘lga olingan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring