Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sardobada 85 ta investitsion loyiha amalga oshiriladi

Sardobada 85 ta investitsion loyiha amalga oshiriladi

«O‘zsanoatqurilishbank»ka biriktirilgan Sardoba tumanida 11 ta tijorat banki tomonidan jami 85 ta investitsion loyiha amalga oshiriladi.

Joriy yilning 1 may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishi natijasida yondosh tumanlarni suv bosib, ko‘plab aholi turar joylari, ijtimoiy ob’yektlar, ekin maydonlari hamda yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlariga katta zarar yetdi.

Ayni paytda respublikamizdagi vazirlik va idoralar, viloyat hokimliklari, turli muassasalar, qolaversa, xalqimiz orasidan chiqqan minglab ko‘ngillilar kuchi bilan talofat oqibatlarini jadallik bilan bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

«O‘zsanoatqurilishbank»ka biriktirilgan Sardoba tumanida tijorat banklari tomonidan 2020-2021 yillar davomida hududning iqtisodiy salohiyatini tiklashga qaratilgan sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish kabi sohalariga doir umumiy hajmi 342,1 mlrd. so‘mga teng 85 ta loyihani ishga tushirib, uch mingga yaqin ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Qolaversa, «O‘zsanoatqurilishbank» tomonidan Sardoba tumanida umumiy qiymati 61,5 mlrd. so‘mlik to‘rtta loyiha amalga oshirilmoqda. Jumladan, «Sardoba Oqsaroy Tekstil» korxonasiga tegishli tikuv trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasi bo‘lib, ob’yektni qurish va jihozlashga O‘zsanoatqurilishbank moliyaviy madad bo‘lmoqda. Korxonaning ishga tushirilishi natijasida 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

E’tiborlisi, korxona to‘la quvvatda ishga tushganda tayyor trikotaj va xom ashyo matolar nafaqat mahalliy bozorga yetkazib beriladi, balki ularning 3,3 mln. AQSh dollarilik qismi chet davlatlarga ham eksport qilinadi.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2018 yil 13 noyabrdagi «Parrandachilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Bank tomonidan Sardoba tumanida parrandachilik sohasini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Ushbu yo‘nalishda 2020-2021 yillarda jami miqdori 40,5 mlrd. so‘mlik uchta loyihaning amalga oshirilishi mo‘ljallangan.

Ulardan biri «Paxtaobod invest parranda» korxonasi tashabbuskorligida ishga tushirilib, natijada tuman aholisining 450 nafari ish bilan ta’minlanishi hamda yiliga aholi dasturxoniga ming tonnadan ziyod parranda go‘shti yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.

Bank tomonidan kreditlash bilan chegaralanib qolmasdan aholiga tadbirkorlik siru asrorlarini o‘rgatish bo‘yicha ham ishlar boshlab yuborilgan.

Muxtasar aytganda, Sardoba tumanida amalga oshirilayotgan mazkur loyihalar hududning tiklanishi, sardobaliklarning avvalgidanda yaxshiroq hayot kechirishlariga munosib hissa qo‘shadi.

Bank Axborot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring