Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Saylovoldi tashviqoti jarayoni: yutuq va kamchiliklar

Saylovoldi tashviqoti jarayoni: yutuq va kamchiliklar

Mamlakatimizda Prezidentlik saylovidagi hal qiluvchi jarayonlardan bo‘lgan saylovoldi tashviqoti bosqichi yakuniy pallaga kirib bormoqda. Bir oydan ko‘proq davom etadigan bu bosqich saylov qonunchiligi va amaliyotidagi ijobiy o‘zgarishlarni aks ettirib, saylovlarda o‘zaro raqobat va demokratik tamoyillarning kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarning saylovoldi dasturlari tahlili, nomzodlar va ularning ishonchli vakillari ishtirokidagi tadbirlarda bildirilgan turli mulohazalar ushbu saylovoldi tashviqoti jarayonining ijobiy jihatlari va yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar haqida fikr bildirish imkonini beradi.

Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, siyosiy partiyalar va nomzodlar o‘z saylovoldi dasturlarida aholining turli qatlamlari manfaatlarini imkon darajasida to‘la aks ettirishga harakat qilganlari ko‘rinadi. Bu albatta to‘g‘ri harakat, lekin uning qay shaklda ifodalangani ham muhimdir. Fikrimizcha, aynan shu muhim jihatni yetarli darajada e’tiborga olinmagani ayrim nomzodlarning dasturlarida bir-biriga o‘zaro o‘xshash va o‘zaro bog‘liq bo‘lgan umumiy vazifalar juda ko‘p uchrashiga olib kelgan.

Bu esa ularning boshqa nomzodlardan farqini ko‘rsatib turadigan jihatlar hamda ustuvor maqsadlarini ta’kidlab ko‘rsatishlariga to‘sqinlik qilmoqda. Ayrim saylovoldi dasturlarida o‘ziga xos jihatlar va g‘oyalarning kamligi, oxir-oqibat, nomzodlarga o‘z tarafdorlarini ko‘paytirishga, saylovchilarga esa kim uchun ovoz berish ma’qul ekanini aniqlashga xalaqit bermoqda.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi nomzodi Narzullo Oblomurodovning dasturida «yashil iqtisod»ga o‘tish, qayta tiklanuvchi va muqobil energiyalarga ustuvor e’tibor qaratish, «yashil» ish o‘rinlarini yaratish singari yaxshi takliflar ko‘p uchraydi. Lekin bu tashabbuslarning ko‘p hollarda umumiy gaplardan iborat ekani tegishli ekspertlar va saylovchilarning e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Chunki bugungi kunda muqobil energiyaga o‘tish ko‘plab rivojlangan davlatlarda yetakchi harakatga aylanib ulgurgan, uni barcha uchun kerakli ekanini qayta-qayta uqtirishga hojat yo‘q. Qolaversa, keyingi yillarda mamlakatimizning ayrim hududlarida bu sohada, xususan, quyosh energiyasini o‘zlashtirish yo‘nalishida bir qator yirik loyihalar amalga oshirilayotgani ko‘pchilikka ma’lum. Shu sababli ham, bu sohada aniq tashabbuslar va ularni joriy qilish yo‘llariga yetarli e’tibor berish maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Masalan, Markaziy Farg‘ona cho‘li hududida quyosh energiyasini o‘zlashtirishga qaratilgan manbalarni qurish va ishga tushirish borasidagi amaliy takliflar aholi zich yashaydigan mazkur hududlardagi ko‘p sonli saylovchilarning o‘ziga jalb etishi mumkin edi. Yoki yilning ko‘p qismi shamolli bo‘lgan hududlarda shamol energiyasidan foydalanishni yo‘lga qo‘yish masalasida ham shunday deb aytish mumkin. Albatta, bu ikki fikr oddiy saylovchining mulohazasi sifatida misol keltirmoqda va ularning qanchalik ilmiy asosga ega ekanligiga aniqlik kiritish va puxta ishlangan rejalarni o‘z saylovoldi dasturida ilgari surish Ekologik partiya tomonidan ko‘rsatilgan nomzodning tarafdorlari ko‘payishiga xizmat qilgan bo‘lardi.

«Adolat» sotsial demokratik partiyasi nomzodi Bahrom Abduhalimovning dasturida, jumladan, fuqarolarning osoyishtaligi va jamiyat xavfsizligini ta’minlash, huquq-tartibotni mustahkamlash maqsadida ichki ishlar tizimi faoliyatini tubdan takomillashtirish va uni «Xalq politsiyasi» deb nomlash, ichki ishlar vazirligi, shuningdek yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tarkibini maqbullashtirish, quyi prokuratura organlariga «Xalq prokuraturasi» maqomini berish takliflari ilgari surilgan. Aslida bu takliflar fuqarolarning huquq va manfaatlari himoyasiga bevosita bog‘liq, shuning uchun bu yo‘nalishdagi takliflar aniq va har tomonlama asoslantirilgan bo‘lishi kerak. Yuqorida ko‘rsatilgan tizimlarning nomini o‘zgartirish bilan nima o‘zgaradi, ularning faoliyatida qanday ijobiy natijalarga olib keladi va ularga qaysi usullar erishish rejalashtirilgan? Bu islohatlar huquqiy, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jihatdan qanchalik asoslantirilgan? Afsuski, dasturda bu savollarga javob keltirilmagan.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarni o‘z dasturiga kiritilganini Xalq demokratik partiyasi nomzodi saylovoldi targ‘iboti jarayonida ham ko‘rishimiz mumkin. Masalan, ushbu partiya vakilining saylovoldi dasturida qonun hujjatlarining loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish tartibini qonunda mustahkamlab qo‘yish g‘oyasi ilgari surilgan. Vaholanki, bir necha yildan beri normativ-huquqiy hujjatlarni manfaatdor idoralar bilan kelishish va jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazishning majburiy tartiblari o‘rnatilgan bo‘lib, shu maqsadda hamda aholining qonunchilik tashabbuslarini rag‘batlantirishga qaratilgan «project.gov.uz», «regulation.gov.uz», «meningfikrim.uz» singari bir qator onlayn platformalar faoliyat yuritib kelmoqda.

«Milliy tiklanish» partiyasi nomzodi Alisher Qodirov tomonidan ilgari surilgan vakillik organlariga saylovlarning majoritar va proporsional tizimini uyg‘unlashtirish haqidagi taklif O‘zbekiston sharoitiga umuman to‘g‘ri kelmasligi haqida asosli fikrlar bildirilmoqda. Proporsional tizimga mos o‘tkaziladigan saylovlarda saylovchi aniq bir nomzod emas, balki partiya uchun ovoz beradi, saylovchilar juda ko‘p hollarda o‘z nomzodini bilmaydi, nomzod ham o‘z saylovchilarining qiziqish va manfaatlarini hisobga olishdan deyarli foyda yoki ziyon ko‘rmaydi.

Bu saylov tizimida siyosiy texnologlar «paravoz» deb ataladigan usuldan keng foydalanishi mumkin bo‘lib, unda partiyaning saylov ro‘yxatiga dastlab xalq orasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan taniqli insonlar kiritiladi. Saylovdan keyin ular turli sabablarga ko‘ra o‘z deputatlik mandatlaridan «voz kechishi» tashkillashtiriladi. Natijada saylov ro‘yxati oxirida keltirilgan va saylovchilar e’tiboridan chetda bo‘lgan hamda hech kim tanimaydigan, siyosiy texnologiyada «vagon» deb ataladigan shaxslar parlament a’zosiga aylanishi mumkin.

«Ta’lim inspeksiyasi» faoliyatini Oliy Majlis huzurida qayta tashkil qilish to‘g‘risidagi taklif yuzasidan ham bir qator savollar paydo bo‘lmoqda. Chunki mazkur inspeksiya Vazirlar Mahkamasi huzurida faoliyat yuritib, ijro hokimiyati vazifalarini bajaradi. Uning parlament tarkibiga o‘tazilishi umume’tirof etilgan hokimiyatlar bo‘linishi tamoyiliga ziddir.

A. Qodirovning «milliy urf-odatlar, an’analar va qadriyatlarga hurmatsizlik uchun javobgarlik» masalasini Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yish to‘g‘risidagi fikrlari ham saylovchilarda ayrim tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

O‘z o‘rnida xotin-qizlar uchun ish vaqtini qisqartirish, o‘zbek tilini biluvchi o‘zga millat vakillarining ish haqiga qo‘shimchalar to‘lash haqidagi takliflar ham ijobiy oqibatlarga olib kelmasligi aniq. Masalan, bunday sharoitlarda ish beruvchilar xotin-qizlarni umuman ishga olmaslikka harakat qilishi mumkin. Davlat tilini bilgan boshqa millat vakillari ish haqiga qo‘shimcha haq to‘lanishi bunday to‘lov olmaydigan toifadagi xodimlarning noroziligini keltirib chiqarishi, mehnat jamoalarida ishchanlik muhiti buzilishiga olib kelishi mumkin. Qolaversa, bu xarajatlar qaysi mablag‘lar hisobidan qoplanishi ham noaniq, chunki bu tashabbus davlat korxonalarini qo‘yib turaylik, xususiy yoki qo‘shma korxonalarda qanday amalga oshirilishiga tushuntirish berilmagan.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘zini mamlakatdagi yetakchi ikki siyosiy kuchlardan biri deb ko‘rsatayotgan «Milliy tiklanish» partiyasining dasturi har tomonlama puxta asoslanmagani ko‘rinib turibdi.

Saylovchilarni qanday usullar bilan o‘z tomoniga jalb etish har bir nomzod va uning jamoasi tomonidan olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlarining qanchalik puxta rejalashtirilganiga bog‘liq. «Yolg‘iz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dong‘i chiqmas», degan maqol bejiz aytilmagan. Xorijiy tajribani o‘rganish ham ushbu hikmatning to‘g‘riligini ko‘rsatadi. Chet mamlakatlarda saylov kampaniyasining muvaffaqqiyati ko‘p jihatdan saylov shtabi, partiya tahlilchilari ishni qanday tashkil etganiga bog‘liq bo‘ladi. Xorijiy davlatlardagi barcha siyosiy partiyalar saylovchilarning maqsad va intilishlarini kuzatib boruvchi o‘z tahliliy markazlari hamda ijtimoiy tadqiqotlar guruhlariga ega. Afsuski, bizdagi ayrim partiyalar tomonidan bu yo‘nalishdagi ishlar hozircha yetarli yo‘lga qo‘yilmagani kuzatilmoqda.

Anvar Eminov,

Adliya vazirligi huzuridagi

Huquqiy siyosat tadqiqot instituti xodimi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring