Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Seni kimdan asray, bolajon?!

Seni kimdan asray, bolajon?!

Foto: «Xabar.uz»

Bugun 1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni. Bu sana butun dunyoda keng nishonlanadi. Aynan shu kunda farzandlarimizga har kungidan-da ko‘proq e’tibor qaratamiz, ko‘ngilochar joylar, istirohat bog‘lariga olib boramiz, ular uchun sovg‘alar xarid qilamiz. Yaqinda 10 yoshli o‘g‘lim bayram yaqinlashayotganini eslab, «Ayajon, nega bu bayram «Bolalarni himoya qilish kuni» deb nomlangan, bolalarni kimdan himoya qilish kerak?» deb so‘rab qoldi. Bu savol ko‘nglimdagi og‘riqli fikrlarni aytishga majbur qildi.

Bolajon, bugun sening huquqlaring butun dunyoda turli hujjatlar bilan himoya qilingan. Yurtimizda ham bolalarga alohida e’tibor qaratiladi, g‘amxo‘rlik qilinadi. Ularga ta’lim-tarbiya berish, salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan qator dasturlar hayotga tatbiq etilmoqda. Bolalar manfaatlarini himoya qiladigan qonunlar muntazam takomillashtirilmoqda.

Aksariyat davlatlar qatori O‘zbekiston ham sening huquqlaring himoya qilingan BMTning bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ishtirokchisi sifatida ushbu hujjatning barcha talablarini bajarishga harakat qilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda bola huquqlari va erkinliklarini har tomonlama himoya qilishni ta’minlaydigan yuzdan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjatdan iborat qonunchilik bazasi shakllantirildi.

Ushbu hujjatlar sening huquq va erkinliklaring, qonuniy manfaatlaringni ta’minlash; hayoting va sog‘lig‘ingni muhofaza qilish, seni  kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, sha’ning va qadr-qimmatingni himoya qilishda huquqiy asos vazifasini o‘tamoqda. Ammo bu hujjatlar har doim ham senga madad bo‘la olayaptimi? Uncha-muncha huquqiy hujjat va jazolardan tap tortmaydigan kattalar bu borada sening ham huquqlaring poymol bo‘lishiga sabab bo‘lmayaptimi?

Bundan bir necha yil oldin hali maktab partasida o‘qib-o‘rganishi kerak bo‘lgan paytda bolalar paxta yig‘im-terimiga jalb qilinardi. Boshidan kimyoviy dorilar sepilardi. Bu yuqori tashkilotlarning buyrug‘i ekaniga ota-onalar ham indamaygina rozi bo‘lardi. Yaxshiki, bu holatga hozir chek qo‘yildi.

Yana bir oddiy misol. Onang tong sahardan sening kiyim-kechaging, nonushta va tushligingni tayyorlab, o‘zi shoshgancha ukangni bog‘chaga olib ketadi. Aslida sening yosh boshing bilan uyda yolg‘iz qolishingni, yolg‘iz ovqatlanishingni xohlamaydi onang, lekin kasbiga mehri, ro‘zg‘or tashvishi uni shunga majbur qiladi. Ukangni bog‘chadan vaqtida olib, uyga borib, shirin taom tayyorlashni rejalashtirayotgan onangning qattiqqo‘l, o‘z ta’biri bilan aytganda, kasbiga fidoyi rahbari soat 18 ga yaqinlashganda muhim topshiriq berib qoladi. Ukangni bog‘chadan olish, unga enagalik qilish, ko‘zlaring to‘rt bo‘lib, ota-onangning ishdan qaytishini kutish bora-bora sening kundalik vazifangga aylanib qoladi. «Katta bo‘lib, rahbar bo‘lsam, ayollarni yarim tungacha ishlatmayman», — deb qo‘yasan shunda o‘zingga o‘zing.

Marg‘ilondagi mehribonlik uyi voqealarini sen ham eshitgandirsan. Senga o‘xshash qorako‘zlarni davlatimiz ishonib mehribonlik uyiga topshirgan edi. Ammo bu bolalarga ota-ona bo‘lish mas’uliyatini zimmasiga olgan «tarbiyachi»lar hali murg‘ak bolalarni tarbiya muassasasida jinoyatga jalb qilish, o‘n olti yoshga to‘lmagan norasida bilan jinsiy aloqa qilish, ojiz ahvoldagi bolalarni qiynash va ularga nisbatan uyatsiz, buzuq harakatlar qilishgacha borib yetganini senga qanday tushuntiray? Muassasa mansabdorlari yetim bolalarning haqqini bo‘kkunicha yegani ma’naviyatning qaysi mezoniga mosligi-yu muqaddas dinimiz qoidalariga zidligi va vijdon tarozisining qaysi pallasiga mos kelishini-chi?

Uch yoshli Firdavsbek-chi? O‘z onasining bag‘rida iltijoli ko‘zlari umidga to‘lib, jon taslim qildi. Ha, uni o‘z onasi xuddi erkalaganda qanday quchoqlagan bo‘lsa, xuddi shunday quchoqlab, bo‘g‘ib o‘ldirdi. Uni o‘z tuqqan onasi hayot sinovlariga dosh berolmay bo‘g‘ib o‘ldirdi.

Bugun xalqimiz yangi tug‘ilgan chaqaloqqa katta to‘y-tantana bilan beshik to‘ylari o‘tkazayotgan bir paytda qaysidir qishloq yoki shaharda ona to‘qqiz oy vujudida saqlab, ne azob va dard bilan dunyoga keltirgan o‘z jigarbandini pullamoqda.

Endi do‘ppini boshdan olib, bir o‘ylab ko‘raylik. Aslida bolalarimizni kimdan asrashimiz kerak? Aroqxo‘r ota mast holda kelib, bolalarini do‘pposlasa, janjalkash ona ovsinu qaynopalari bilan meros talashsa...

Har qanday davrda ham tarbiya farzand komil inson bo‘lib yetishishining muhim asosi hisoblangan. Farzandga shaxsiy namuna orqali tarbiya beriladi. Umrida qo‘liga kitob olmagan, bir marta bo‘lsa-da gazeta varaqlamagan, farzandlariga kitob sovg‘a qilmagan ota-onaning farzandi ham xuddi o‘zidek voyaga yetadi.

Biz farzandlarimizga ta’lim berishdan oldin tarbiya masalasini o‘ylab ko‘rishimiz lozim. Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy ham bejiz «tarbiya — hayot-mamot» demagan. Eng avvalo farzandlarimizni tarbiyalashda ko‘zbo‘yamachilikdan yiroq bo‘lishimiz lozim.

Moddiy boylik ortidan quvib, bolalarini begonalar tarbiyasiga topshirayotgan ota-onalarning bugun topayotgan 100 so‘m puli ertaga bir pul bo‘lib qolishini tezroq anglab yetadigan vaqt o‘tib borayapti.

Misollarga e’tibor beraylik.

Hanifa opa «Farzandimga qanday tarbiya bermay, baribir yaxshi inson bo‘ladi, xalqimizda «yomondan yaxshi chiqdi deb suyunma, yaxshidan yomon chiqdi deb kuyunma...» degan naql bejiz aytilmagan», — deydi.

Solijon aka esa: «Bolaga juda qattiqqo‘l bo‘lish kerak, u ota-onasidan qo‘rqsagina yaxshi odam bo‘lib yetishadi», — deydi.

Dilorom opa: «Bolaning barcha ehtiyojlarini qondirish kerak, tarbiyani maktabning o‘zi beradi», — deydi.

Bahrom aka esa: «Bu mening bolam, uni tergashga na mahallaning, na o‘qituvchilarining haqqi bor», — deydi.

Ko‘rayapsanmi, hamma ota-ona bolasiga tarbiya berishning turli usulidan foydalanadi va o‘z yo‘lini to‘g‘ri deb biladi. Bugun kattalar dam olish, to‘y-ma’raka, mehmondorchilik va choyxonalarga borishni kanda qilmayapti, ammo bolasiga e’tibor ikkinchi darajali bo‘lib qolmoqda. Oilaviy suhbatlar, farzand uchun vaqt ajratish, uning qiziqishlari, orzulari bilan qiziqish kamayib borayotgani ham og‘riqli jihatlarimiz.

Bugun yosh oilalarda ko‘p uchrayotgan kelishmovchiliklarning zamiriga e’tibor qaratsak, ularni kino lentasidek orqaga qaytarsak, tarbiyasidagi bo‘shliqlar ko‘z oldimizdan o‘taveradi. Otalar o‘g‘illarga «Sen kelgusida oila boshlig‘i bo‘lasan, shuning uchun ilm olgin, hunar o‘rgangin, halol rizq topib, turmush o‘rtog‘ingni, bola-chaqangni boqishga tayyorlangin» deb uqtirmadi, pand-nasihat bermadi.

Kipriklarimiz ostida asrab-avaylab katta qilgan qizlarimizga «Sen kelgusida uy bekasi, ona bo‘lasan, farzand tarbiyalaysan, shuning uchun iffatli bo‘l, o‘qimishli va uquvli bo‘l, ro‘zg‘or ilmini o‘rgan, xushmuomala, itoatli bo‘l, bir umr yangi oilada yashashga tayyorlan» deya ogohlantirishga unchalik ham e’tibor qaratmay qo‘ydik. Onalarimiz qizlariga alla aytishni meros qilib qoldirishi keskin kamayib ketdi. Shunga bo‘lsa kerak, bugun farzandlar o‘z otasi o‘tirgan uy tomida bemalol yuribdilar. Kundalik hayotimizda uchrayotgan bu holatlar biz kattalarning fojiamiz, qusurimiz aslida. 

Bolajon, bu fojialarni, ma’naviyat va tarbiyamizdagi bo‘shliqlarni sanar ekanman, sening huquqlaring buzilishida kattalarni, o‘zimizni aybdor deb bildim. Seni avvalo o‘zimizdan himoya qilishimiz, o‘zimiz kamchiliklardan xalos bo‘lishimiz lozimligini ich-ichimdan his qildim.

Xotiring jam, ko‘ngling to‘q bo‘lsin, bugun tarbiya va ta’limda bo‘layotgan islohotlar, sening huquqlaring himoyasi yo‘lida olib borilayotgan ishlar meva berishiga oz qoldi. Chunki sen ota-onang, vataning kelajagisan. Yetuk inson bo‘lib voyaga yetishing bizning hayot-mamotimizni belgilab beradi.

Kel, endi bir bag‘rimga bosay, bolajonim!

Shohida Damanova,
 jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring