Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sherzod Shermatov: «Bu kabi tarixiy imkoniyat O‘zbekistonda boshqa bo‘lmasligi mumkin»

Sherzod Shermatov: «Bu kabi tarixiy imkoniyat O‘zbekistonda boshqa bo‘lmasligi mumkin»

Foto: facebook.com/shshermatov

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov o‘zining «Facebook»dagi sahifasida O‘zbekistonda yuzaga kelgan qulay demografik dividend imkoniyatlari haqida fikr bildirdi.

«O‘tgan haftada UNICEF tashkilotining mintaqaviy direktori tashrifi davrida Demografik dividend haqida taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu taqdimotdagi rasmda ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston dastlabki demografik dividend bosqichida turibdi, ya’ni demografik tendensiyalarga ko‘ra aholining tarkibida bolalar va qariyalarga nisbatan mehnat yoshidagilarning ulushi ortib boradi. Ularga yaxshi ta’lim berilsa va tadbirkorlik muhiti yaratilsa, ushbu demografik dividenddan ijobiy foydalansa bo‘ladi va mamlakatimizning kelajakda yuqori o‘sish sur’atlariga erishish mumkin», — deb yozadi vazir.

Sherzod Shermatovning misol keltirishicha, Koreya Respublikasining iqtisodiy o‘sishida ham aynan demografik o‘zgarishlarning salmoqli ulushi bor. 1960-yillarda bir oiladagi tug‘ilishlar soni 6,1 nafarni tashkil etgan, undan keyin bir necha o‘n yilliklar davomida bu son kamayib borgan va 1982-yilga kelib 2,26 ga tushgan. O‘zbekistonda esa aynan 2017-yilda shu raqam, ya’ni bir ayolga 2,26 farzand to‘g‘ri kelayapti hamda prognozlarga ko‘ra buyog‘iga pasayib boradi. Ya’ni, O‘zbekistonda hozirgi vaqtda Koreyadagi 80-yillardagidek demografik tendensiyalar kuzatilmoqda. Ular esa bu imkoniyatdan juda yaxshi foydalanishgan. Demografik dividenddan bunday ijobiy foydaga erishishning Koreyadagi asosiy sababi esa: ta’limga e’tibor, huquq va imkoniyatlarni kengaytirilishi hamda iqtisodni to‘g‘ri isloh qilish bo‘lgan.

Foto: facebook.com/shshermatov

«Ushbu rasmdagi holat va UNICEF ekspertlarining izlanishlari natijalari hozirgi kundagi Prezidentimiz tomonidan ta’lim tizimiga e’tibor kuchaytirish tashabbusining naqadar to‘g‘ri ekanligini yana bir bor isbotlamoqda. Chunki bu kabi tarixiy imkoniyat O‘zbekistonda yana boshqa bo‘lmasligi mumkin», — qayd etadi vazir. — «Yoki biz Koreya kabi ushbu tarixiy imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanib, ta’limga e’tiborni kuchaytiramiz va sarmoya kiritamiz yoki ba’zi Lotin Amerikasi davlatlari kabi ushbu masalaga e’tibor qaratmasdan demografik dividend o‘rniga mamlakat kelajagi uchun xavf kelib chiqishiga yo‘l qo‘yib beramiz».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring