Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shvarsenegger jahon ahliga murojaat qildi

Shvarsenegger jahon ahliga murojaat qildi

Foto: «Reuters»

Hollivud aktyori va siyosatchi Arnold Shvarsenegger hamda Yoshlar harakati asoschisi, shvetsiyalik 16 yoshli Greta Tunberg jahon mamlakatlari yetakchilarini iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish va Yerni iqlimiy halokatlardan saqlab qolish uchun bor kuchni jamlashga chorlashdi.

Bu chorlov kecha, 28-may kuni Venada BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokida bo‘lib o‘tgan «Austrian World Summit»da jarangladi.

Greta Tunberg: «Siyosatchilar iqlim o‘zgarishlariga panja orasidan qarashmoqda. Dunyomiz global halokat yoqasida turgani ko‘plarning hatto xayoliga ham kelmaydi.
Yerimiz isib ketyapti. Albatta, millionlab bolalar ko‘chalarga chiqishi mumkin, biroq biz siyosiy yetakchilar, hatto olimlar ham emasmiz. Hamma o‘zicha yechim topishi imkonsiz».

Arnold Shvarseneggerning ta’kidlashicha, eng katta maqsadlarga erishish uchun, hatto ular orzu bo‘lib tuyulsa ham, zudlik bilan chora ko‘rishga kirishish kerak.

Butun dunyo ahlini «yashillar» va iqlim o‘zgarishlariga qarshilar harakatiga qo‘shilishga chorlagan aktyor AQSh hukumatiga ham «taklifnoma» jo‘natilganini aytdi.

«Oq uyga yo‘llagan taklifnomamiz, aftidan, yo‘lda yo‘qolib qolganga o‘xshaydi», — dedi Shvarsenegger AQSh hukumatiga shama qilib.

Venadagi sammit Shvarseneggerning notijoriy «R20» tashkiloti tomonidan tashkillashtirildi. Ekologlar, biznes va siyosiy doiralar vakillari taklif etildi. Tadbirga BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, Avstriya prezidenti Aleksander Van der Bellen, Vengriya prezidenti Yanosh Ader, Latviya prezidenti Raymond Veyonislar tashrif buyurdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring