Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Siemens» O‘zbekistonda «xavfsiz shahar» qurish konsepsiyasini taqdim qildi

«Siemens» O‘zbekistonda «xavfsiz shahar» qurish konsepsiyasini taqdim qildi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjayev hamda Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Gyunter Overfeld.

Foto: «Mitc.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida loyihalarni boshqarish tizimlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida «Xavfsiz shahar» loyihasini tashkil etish va rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangan. Uning asosida mamlakatimizda xavf-xatarlarni, favqulodda vaziyatlarni, hodisalarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni kompleks boshqarish tizimini yaratish ko‘zda tutilgan.

Shu kunlarda jahon IT-sanoatining yirik ishlab chiqaruvchilari O‘zbekistonda «xavfsiz shahar» loyihasini amalga oshirishda hamkorlik qilish istagini bildirmoqdalar va mamlakatimizda axborot texnologiyalari kompaniyalariga yaratilgan qulay imkoniyatlardan foydalangan holda bu yo‘nalishda innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish bo‘yicha konsepsiyalarini taqdim qilmoqdalar. Ular orasida Germaniyaning «Siemens» konserni ham bor.

2018-yilning 28-fevral kuni poytaxtimizdagi «Aloqa tarixi» muzeyida «Xavfsiz shahar» konsepsiyasini amalga oshirishda «Siemens» xalqaro konserni tajribasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Axmedxadjayev hamda Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Gyunter Overfeld kirish so‘zi bilan ochib berdilar.

Tadbirda «xavfsiz shahar» tendensiyasining aholi hayoti va faoliyatini tabiiy, texnogen, ijtimoiy-biologik, ekologik, jinoiy va boshqa barcha tashqi tahdidlardan muhofaza qilishdagi o‘rni hamda uy-joy kommunal xo‘jaligi va boshqa ijtimoiy obektlarni yagona axborot makoniga birlashtirishning afzalliklari ta’kidlandi.

«Siemens» ilgari surayotgan sanoat, energetika, sog‘liqni saqlash sohalarida AKTni joriy qilish, transport logistikasi va avtomobillar harakatini «aqlli» boshqarish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash hamda elektr tarmoqlarida «aqlli tarmoqlar» (Smart-Grid) texnologiyasidan foydalanish shahar infratuzilmasini rivojlantirish va xavfsizligini ta’minlash, mavjud resurslardan unumli foydalanish, raqobatbardoshlikni oshirish hamda barqaror taraqqiyotga xizmat qilishi qayd etildi.

O‘zbekistonda «xavfsiz shahar» loyihasini yaratishda xalqaro hamkorlarni aniqlash bo‘yicha tender tanlovlari davom etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring