Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sizga yordam kerakmi yoki tenglik?

Sizga yordam kerakmi yoki tenglik?

Foto: «tashkent.kamolot.uz»

«Kamolot» orqali imtiyozli uy olish men uchun doim jumboq bo‘lib keldi. Ishonamanki, «Kamolot»ga a’zo bo‘lmasa-da, yetarlicha faol va o‘z kasbida usta yoshlar ko‘p. Tuzilishi «Kamolot»ga o‘xshash, ammo prinsiplari undan farq qiluvchi tashkilotlar bir nechta bo‘lib, ular o‘rtasidagi raqobatda yutib chiqqan tomon imtiyozga ega bo‘lganida, men uchun jumboq balki qolmasdi. Ammo jangda g‘olib chiqmagan tomonning imtiyozli bo‘lishi va shu imtiyoz istagidagi yoshlarning unga oqib kelishi hali g‘alaba degani emas. Iqtidorlarni rag‘batlantirish yaxshi, shu bilan birga ulardagi tanlov huquqini ham hurmat qilish kerak.

Futbol jurnalistiman. Futbolchidagi ko‘tarma puliga qarshi kurashishni maqsad qilganman. Jangni yutmay turib 100 millionli bo‘lish men uchun yana bir jumboq. Qo‘shimchasiga 1 yillik maosh va mukofot pullari kafolatlangan futbolchida yana qandaydir motivatsiya qolishiga shubham bor. Raqobatda yutib chiqqani holda bonusga ega bo‘lganida, men uchun jumboqning o‘zi qolmasdi. Ko‘tarma puliga Yevropa klublaridagi raqobatning juda katta ekanidan kelib chiqib, Messi yoki Ronaldu munosib. Biroq bizda qanday raqobat bo‘lishi mumkin, agar deyarli hamma klub davlat korxonasi tomonidan moliyalashtirilsa va ko‘tarma pulini olayotgan futbolchilardan aqalli bittasi o‘z qobig‘idan chiqib keta olmasa?

Mening davlat gazetalarida faoliyat olib boradigan kasbdoshlarim bor. Ulardan ayrimlari binosi auksionga qo‘yilganidan nolib maqolalar yozishni boshladi. Yuqoridagi ikki qatlam mayli, endi jurnalistlardagi bu zaiflikni ko‘rib, shu postni yozishga qaror qildim. Chunki ularni ham o‘sha g‘alati imtiyozlar shu holga keltirgan deb o‘yladim.

Bozor iqtisodiyoti haqida bong urayapmizmi, demak, kapitalizmni istayapmiz. Endi harakatlarimizni ham shunga moslash fursati kelgandek. Birinchi xatboshi pionerlar harakatidan, ikkinchisi urush yillaridan qolgan sarqitdan, uchinchisi esa ma’lum ideologiya ta’siridan chetga chiqa olmay, o‘sishdan to‘xtab qolgan mexanizmdan farq qilmayotgandek.

Zulfiyachilar yoki yana bir nimachilar mendan xafa bo‘lishmasin, ular qancha ko‘p imtiyozga ega bo‘lsa, saviya shuncha tushib ketishi oddiy haqiqat. Biz imtiyozga egalar orasidangina kimlarnidir saralab olganimiz bilan bu jamiki yoshlarning eng yaxshisini rag‘batlantirdik degani emas. Unutmaylikki, katta hayotda imtiyozlarsiz muvaffaqiyatga erishgan tengdoshlarimiz baribir bir kalla ustun bo‘lib qolaveradi. Nima demoqchiman, kichik biznesni rivojlantirish yo‘lida dastlabki yillari uchun tadbirkorga imtiyoz berilishi balki yaxshidir (bu sohaga rosti aqlim uncha yetmaydi). Biroq ikki teng iqtidorning biriga imtiyoz berib, ikkinchisiga bermay, ularni o‘zaro ringga tashlash — tenglik degani emas.

Futbolda ham shunday. O‘sha Messi yoki Ronaldu hech bir imtiyozlarsiz 18 yoshidayoq jahonga tanilib bo‘lgandi. Biz o‘zbek futbolida yoshlarga raqobat yo‘lida qancha ko‘p imtiyoz va erkinlik bersak, shuncha nimjon futbolchilarni tarbiya qilaveramiz. Mening nazdimda imtiyoz raqobatni o‘ldirib qo‘ymasligi kerak. Aslini olganda tizim to‘g‘ri bo‘lsa, imtiyoz shart ham emas. Aksincha, o‘sha Messilarga o‘xshab imtiyozlarsiz yorib chiqqanlar katta futbolda yashab ketadi. Ularni qattiq yerdan unib chiqqan nihollarga o‘xshatish mumkin. Biroq yosh futbolchining atrofini raqobatdan tozalab, keyin undan katta maqsadlarni kutish endi absurd. Bunday nihollar qattiq shamolda sinib ketishi haqiqatga yaqinroq.

Endi uchinchi xatboshi xulosasiga kelaman. Bugun ko‘pchilik o‘qiyotgan «Daryo», «Gazeta», «Kun» yoki «Xabar»ning ustunligi bilasizmi nimada? Ular majburiy obuna evaziga yashamaydi. Ular o‘zining mitti ofisi uchun falon million so‘m pul to‘laydi, davlatga soliq to‘laydi, davlatdan bir tiyin pul olmaydi. Shu bois ham cho‘kib ketmaslik uchun doim harakat qiladi, intiladi. Meni kechirasizu, shu talabga javob bermagan nashr ham, jurnalist ham jamiyatga ko‘p narsa bera olmaydi. O‘sha gazetalar uyida yuzga yaqin ustozlarimiz, sohasining yetuk namoyandalari mehnat qilayapti, ularga e’tirozim yo‘q. Ishonamanki, ularga har qanday holatda ham talab bo‘ladi. Ammo ishlab turgan tizim eskirgani ham haqiqat (hech bo‘lmaganda o‘zim uchun). Yoki siz ko‘cha-ko‘yda davlat nashrlari talash bo‘layotgan holni yaqin orada ko‘rdingizmi?

Oqibatda jurnalistika zaiflashdi. Shuning uchun ham biz millionlik yutuqni bizga berishlarini so‘rab, biz eng zo‘ri degan iddao bilan «Oltin qalam»ga yugurib yuribmiz. Uning tepasida turgan zaif qatlam yetakchilari esa tag-tomiridan chirib borayotganini his qilmayapti. Agar qadrimiz bo‘lganida o‘sha demagoglar bir yil davomida OAVni kuzatgan, eng yaxshilarni saralagan va har sohaning oldi jurnalistlarini yil so‘ngida chaqirib, ularni rag‘batlantirgan bo‘lardi. Chunki Pulitser olishi uchun biror jurnalist fayl papkada yil bo‘yi e’lon qilgan maqolalarini ko‘tarib, AQSh jurnalistlari uyushmasiga yugurib bormaydi.

Sifatli jurnalistlar, matbuot, televideniye albatta kerak. Hamma joydan qalampirning isi anqib turishi yoki publitsistika o‘lib, ketidan shou-biz vakillari jurnalistlikka da’vo qilishi shart emas. Ammo o‘sha sifatli OAVga ham zamonaviy qarashlar juda joiz. Toki ular davlat orqasidan kun ko‘rar ekan, o‘sishiga ishonmayman.

Men tenglik, tanlov huquqi, kapitalizm hamda mafkura borasidagi qarashlarimni shu postga juda palapartish tarzda tiqib tashladim. Kamolotchi jurnalist sifatida tanilib, mehnatlarim uchun «Oltin qalam», vatanparvarligim uchun orden yoki kvartira so‘rashim ham mumkin. Ammo bunda mening zaif nuqtalarim paydo bo‘ladi. Biroq vatanparvarlikning soliqlarni vaqtida to‘lab, jinoyatdan, pastkashlikdan uzoq yurib, yaxshi farzand tarbiya qiladigan ko‘rinishi ham bor (hozircha shunisi ma’qul). Shu yo‘ldagilarga yarim yo‘lda yengilmasliklarini tilab qolaman.

Diyor Imomxo‘jayev


Ushbu blogpost «Ommaviy tadbirlar haqida» degan nom bilan O‘zbekiston blogerlari chempionatining ikkinchi bosqichiga taqdim etilgan. Chempionatga kelib tushgan boshqa ijodiy ishlar bilan tanishish uchun ushbu havolaga o‘ting.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring