Smartfon — nutq qotilimi?
Oxirgi 15 yil ichida insoniyatning muloqot madaniyatida keskin transformatsiya yuz berdi. Agar 2005-yilda o‘rtacha inson kuniga 16 600 ta so‘z ishlatgan bo‘lsa, 2019-yilga kelib bu ko‘rsatkich 12 000 tadan pastga tushib ketdi. Bu shunchaki statistika emas, balki og‘zaki nutqning inqirozga yuz tutayotganining belgisidir.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bu pasayish ayniqsa Gen Z (1997–2012-yillarda tug‘ilganlar) vakillari orasida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Sababi esa oddiy, emotsiyalar iyerarxiyasi: Zumerlar uzun jumlalar o‘rniga emoji, stiker yoki memlardan foydalanishni afzal ko‘rishadi. Birgina “smaylik” o‘nlab so‘zlar o‘rnini bosmoqda.
Asinxron muloqot: Telefon qo‘ng‘iroqlari (real vaqtdagi nutq) o‘rnini ovozli xabarlar va matnli chatlar egalladi. Bu esa miyaning nutq generatsiyasi uchun mas’ul qismlari faolligini pasaytiradi.
Neyrolingvistlarning ta’kidlashicha, nutqning kamayishi miyaning nutq hosil qilish uchun javobgar markazining ishiga ta’sir qilmay qolmaydi.
Kam gapirish — kamroq so‘z boyligidan foydalanishga olib keladi. Bu esa fikrlashning chuqurligiga putur yetkazadi, chunki inson faqat o‘zi bilgan so‘zlar doirasidagina mulohaza yurita oladi.
Haqiqiy suhbatda biz nafaqat so‘zlarni, balki intonatsiya va mikromimikalarni ham o‘qiymiz. Smartfonlar orqali muloqotda esa ushbu “ijtimoiy mushaklar” atrofiyaga uchraydi.
Hozirgi kunda “ekran vaqti” va nutq teskari proporsional ishlamoqda. Oxford universiteti tadqiqotchilarining aniqlashicha, inson smartfon ekraniga termulib o‘tkazgan har bir qo‘shimcha soat, uning kunlik og‘zaki lug‘atidan o‘rtacha 500-800 ta so‘zni o‘g‘irlaydi.
Biz hozirda Gutenberg erasidan Piktogramma erasiga (tasvirlar) qaytmoqdamiz. Bu insoniyat sivilizatsiyasida nutqning ahamiyati pasayib, vizual signallar ustunlik qiladigan yangi davr boshlanganidan dalolat beradi.
Agar 2005-yilda muloqot asosi “nima deyilgani” bo‘lgan bo‘lsa, bugun muloqot asosi “nima ko‘rsatilgani“ bo‘lib qolmoqda. Bu esa kelajakda inson nutqining yanada pragmatik, qisqa va quruq bo‘lib qolishidan dalolat beradi.
Siz bir kunda nechta so‘z ishlatasiz?


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter