Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sport maydonchasi o‘rniga maishiy xizmat ko‘rsatish binosimi?

Sport maydonchasi o‘rniga maishiy xizmat ko‘rsatish binosimi?

Foto: «mapio.net»

Kelajak yoshlarniki. Ular ma’nan va jismonan sog‘lom bo‘lishi kerak. Buning uchun esa sharoit yaratish lozim. Deylik, prezident qarori asosida hududlarimizda qurilayotgan bog‘chalar kelajak uchun. Nukusda Ibroyim Yusupov nomidagi, Qashqadaryoda Abdulla Oripov nomidagi, Andijonda Muhammad Yusuf nomidagi, Farg‘onada Erkin Vohidov nomidagi maktab-internatlarning ochilishi ham yoshlar uchun.

Davlatimizda qilinayotgan shuncha ishlar bir tarafu Yashnobod tumani mutasaddilari Alimkent mahallasida bor sport maydonchasini buzib o‘rniga maishiy xizmat ko‘rsatish binosi, mahalla markazi, avtoturargoh, kichkinagina bolalar maydonchasi va favvora, kaftdekkina ko‘kalamzor hudud qilishmoqchi bo‘layotgani bir taraf. Loyihada aks etgan jimitdekkina bolalar maydonchasi (e’tibor qiling, sport maydonchasi emas!) va ko‘kalamzor hudud xuddi bolaligimizda uydagi qadimiy gilam, do‘ppi, choponlarni olib, o‘rniga xo‘razqand berib ketuvchi chayqovchilarning aldashiga o‘xshaydi.

Men ham shu mahallada yashayman. Ammo yakshanba kunlari ham ishda bo‘lganim sababli sport maydonchamiz buzilib, atrofi o‘rab olinganiga unchalik e’tibor bermabman. Bilgach, birinchi qilgan ishim Alimkent mahallasi raisi Sobirjon Nishonovga qo‘ng‘iroq qilib vaziyat bilan tanishish bo‘ldi. Raisning aytishicha, bu ishlar prezident farmoni va Yashnobod tumani hokimining tashabbusi bilan qilinayotgan ekan. Men raisga «bunda aholining roziligi kerak emasmi?» desam, «aholining hech qanday roziligi shart emas, loyihaga prezident qo‘l qo‘ygan, men hokimdan topshiriq bo‘lgani uchun rozi bo‘lib qo‘l qo‘yib berdim» deb sovuqqonlik bilan javob berdi.

Prezidentning katta-katta ishlarni amalga oshirish uchun farmonga, qarorga, farmoyishga qo‘l qo‘ygani haqida bilaman, ko‘rayapmiz, lekin Alimkent mahallasidagi sport maydonchasini buzib, o‘rniga kichkina dam olish maskani, kichikroq mahalla markazi va uch-to‘rt qavatli katta maishiy xizmat binosi qurilishi haqidagi hujjatga qo‘l qo‘yib berishiga aqli bor odam ishonmaydi.

Raisning bu gapi prezident nomini sotishdan boshqa narsa emas. Yana qarang, Alimkent mahallasi raisiga aholi roziligining umuman keragi yo‘q, xalq nomidan o‘zi qo‘l qo‘yib beravergan. U yana qo‘shimcha qildiki, «aholiga qo‘yib bersang, u joy chiqindixona bo‘lsa ham o‘tiraveradi».

Janob rais, vaholanki, o‘zingiz ham ko‘rib-bilib turibsiz, u yer avval sport bilan shug‘ullanish uchun sharoiti bor o‘rtamiyona maydoncha edi, aholi roziligisiz xo‘jayin chiqmoqchi bo‘lgan tadbirkorning «sharofati bilan» bugun chiqindixonaga aylandi. Negaki, tadbirkor u yerga shifer siniqlari, temir-tersak, shox-shabba, qayerdandir olib kelingan eski g‘ishtlarni tashlab chiqindixonaga aylantirdi.

Fuqarolar ushbu ishlardan noroziligini bildirib ko‘p joyga borishdi, shikoyat qilishdi. Ammo «ularning baxtiga» shikoyat yana aylanib Yashnobod tumani hokimiyatiga kelaveradi. Demak, Yashnobod tumani hokimi Dilmurod Turdiyevga sport maydonchasidan ko‘ra maishiy xizmat ko‘rsatish binosi kerak, kelajak avlodning sog‘lom bo‘lishi uni qiziqtirmaydi.

Mahalla raisi Sobirjon Nishonov ro‘kach qilayotgan «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonda sport maydonchasini buzib, o‘rniga mahalla markazi quringlar deyilmagan. Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, «Mahalla» fondiga «2018 yilning 1 dekabrigacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar markazlarida «Mahalla markazi» majmualari binolarini, 2021 yilning 1 dekabrigacha fuqarolar yig‘inlari idoralari binolarini namunaviy loyihalar va ularga qo‘yilgan talablar asosida qurish (rekonstruksiya qilish, ta’mirlash), shuningdek ularni zarur mebel jamlanmasi, kompyuter texnikasi, aloqa vositalari va internet tarmoqlari bilan jihozlash» kabi ishlar vazifa qilib berilgan. Shuningdek, farmon sharhida shunday so‘zlarni ham uchratamiz: «Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, bolalar sport maydonchalari, maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini tashkil etish maqsadida 2017—2021-yillarga mo‘ljallangan hududiy dasturlar ishlab chiqiladi».

Farmon sharhidagi «bolalar sport maydonchalari» degan jumlani bejiz qoraga bo‘yamadik. Negaki 2017—2021-yillarga mo‘ljallab ishlab chiqilayotgan hududiy dasturlarda bolalar maydonchalarini qurish ham ko‘zda tutilgan. Prezident hatto mahallalar haqidagi farmonda ham mamlakat bolalarining taqdirini o‘ylayapti, ularning sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi uchun sport maydonchalari qurish haqida topshiriq berayapti. Shunday vaziyatda Yashnobod tumani hokimi va Alimkent mahallasi raisining bor sport maydonini buzib, o‘rniga mahalla markazi bahonasida maishiy xizmat ko‘rsatish binosini qurmoqchi bo‘lganiga nima deyish mumkin?

Qurilayotgan inshootlar loyihasiga nazar tashlasak, ular «Toshkentboshplan» LITI loyihasi asosida emas, xususiy plan asosida qurilayotganini ko‘rish mumkin. Bundan bu inshootlar o‘zboshimchalik bilan qurilayapti degan xayolga boradi kishi.

Mahalla hududida tashlandiq hududlar kammi? Modomiki, mahalla markazi baribir qurilishi kerak ekan, binoni o‘sha tashlandiq hududlarda qurishsin, shunda bir qarovsiz joy obod maskanga aylanadi. 

Alimkent aholisi nomidan shuni aytgan bo‘lardimki, xolis odamlar, xolis rahbarlar mahallamizga kelib haqiqiy vaziyatni o‘rganishsin, aholi bilan muloqot qilishsin, ularning bu ishlarga munosabatini – rozi yo noroziligini so‘rashsin! Kim buzgan bo‘lsa, Alimkentning kelajagi bo‘lgan yosh avlodning sog‘lom bo‘lib voyaga yetishi uchun sport maydonchamizni tiklab bersin! Yoki o‘sha tadbirkor maishiy xizmat ko‘rsatish va mahalla markazi binosini o‘sha hududning bir chekkasiga qurib, buzib tashlagan sport maydonchasi o‘rniga zamonaviy sport maydonchasi qurib bersin! Shunda aholi undan mingdan-ming rozi bo‘ladi.

Fozil Jabborov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring