Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sudyadan tortib obodonlashtirish boshliqlarigacha — poytaxt va uch viloyatda poraxo‘rlar ushlandi

Sudyadan tortib obodonlashtirish boshliqlarigacha — poytaxt va uch viloyatda poraxo‘rlar ushlandi

Videodan skrinshot

Poytaxt hamda Namangan, Farg‘ona, Samarqand viloyatlarida korrupsiya jinoyatlari fosh etildi.

Namangan. O‘zbekiston xalqaro arbitraj va hakamlik sudlarini rivojlantirish jamoat fondi huzuridagi doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi Namangan viloyat hakamlik sudi sudyasi Chust tumanida yashovchi shaxsga mazkur tumanning «Mustaqillik» MFYdagi 6 sotix yer maydonida joylashgan, qurilishi tugallanmagan bahsli noturar binoga egalik huquqini beruvchi hal qiluv qarorini chiqarib berish evaziga 3 200 AQSh dollari talab qiladi.

DXX va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda sudyasi ushbu pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Farg‘ona. DXX va IJQKD hamkorligida o‘tkazilgan boshqa tezkor tadbirda esa Farg‘ona viloyati Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi O‘zbekiston tumanidagi chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jalikning naslchilik toifasiga o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma rasmiylashtirib berganligi evaziga mazkur xo‘jalikning ish boshqaruvchisidan 500 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Dastlabki surishtiruv tadbirlari davomida bosh mutaxassis ushbu pul mablag‘ini viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosariga berishi kerakligi ma’lum bo‘lib, tezkor tadbir davom ettirildi va mazkur mansabdor shaxs 300 AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Samarqand. Pastdarg‘om tumanida buxgalteriya xizmatlari ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MChJ rahbari 2 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni o‘zi buxgalteriya ishini olib borayotgan korxonalarning go‘yoki ishchi xodimi bo‘lganliklari haqida soxta ma’lumotlar kiritish orqali ish stajlarini ko‘paytirib, har biriga 2,5 mln so‘mdan pensiya tayinlanishini «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi Pastdarg‘om tuman bo‘limi xodimi bilan hal qilib, nafaqaga chiqarib berish evaziga 2 000 AQSh dollari talab qiladi.

DXX hamda Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda MChJ rahbari kelishilgan puldan 1 900 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Poytaxt. Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasining 2 nafar bo‘lim boshlig‘i o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, qurilish firmasi tomonidan Bo‘zsuv kanali hududiga to‘kilgan chiqindi tuproqlar uchun 60 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llanilishi yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirmaslik va kelgusida rahnamolik qilish evaziga tamagirlik yo‘li bilan 30 mln so‘m olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring