Tekin maktab, tekin avtobus yoxud tog‘ tepasidagi «IT Villaj»ga sayohat (foto)

Tog‘ning tepasidagi qishloqda axborot texnologiyalari bo‘yicha ta’lim beradigan tekin maktabni ko‘rdim. Bu yerga qishloqlardagi maktablardan bolalarni avtobusda olib kelishadi, tekinga-ya, tog‘ning tepasida-ya...
Lekin bu maktab biz maqtaydigan biror rivojlangan davlatda emas, Samarqandning Nurobod tumani Oqsoy qishlog‘ida. Bu yerga Nurobod va Pastdarg‘om tumanlaridan uch oy ta’tilda 600 ga yaqin bola qatnab tahsil oladi. Demak, kelajakda 600 ga yaqin bola qora ishchi bo‘lmaydi. Bu faqat yozgi ta’til davomida, ammo majmuada o‘qish yil davomida tashkil etiladi.
O‘ziyam maktab o‘quvchisidek ko‘rinayotgan 24 yoshli ayti-o‘qituvchi Farid Baxtiyorovdan so‘radim:
— Nega o‘rtoqlaringiz shunaqa imkoniyatlardan foydalanmay Rossiyaga chopadi?
— Mengayam, o‘qib nima qilasan, Rossiyaga borib bir yil ishlasang uylanasan, mashinali bo‘lasan degan «motivatsiya»ni berishgan, miyamga juda qattiq singdirgan edim, to shu sohaga qiziqmagunimcha. Men ham Rossiyaga ketib ishlab pul topishdan boshqa chorani o‘ylamaganman. Garchi Toshkentda amaliy fanlar bo‘yicha mutaxassislikka o‘qigan bo‘lsam-da, ish topishdan umidsiz edim. Keyin «ICT Week Uzbekistan–2022» AKT haftaligining yakunlovchi kunida «UZINFOCOM» bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan loyiha — «IT Villaj» majmuasi ochildi. Va men shu yerga o‘qituvchi bo‘lib ishga kirdim.
Baxtiyorning topadigan daromadiga qiziqdim, «Ikkita joyda ishlayman, biri shu maktab, ikkinchisi Samarqand shahrida o‘zimiz ochgan o‘quv markazi. Har oyda o‘n million so‘m toparkanman, hisoblab ko‘rsam. Bilasizmi, 24 nafar sinfdoshimdan yarmi Rossiyada. Ularni nimagadir biror narsani noldan boshlab erishishga undash qiyin: tayyor ish va birdaniga katta pul kerak...». Ko‘pincha ota-onalarga ham o‘sha yoqlardan pul topish osondek ko‘rinadi, ya’ni ular farzandlarining Rossiyada ishlab pul topishdek kuchli ishtiyoqidan voz kechmas ekan, oldidan oqayotgan suvning qadri bo‘lmaydi.
Go‘zal manzarali tog‘ yonbag‘rida joylashgan ushbu ayti qishlog‘i respublikaning chekka hududlarida ayti infratuzilmasini tashkil etish, chekka joylardagi bolalarni ilg‘or texnologiyalar bilan qiziqtirish va o‘qitish imkonini bermoqda.
Nafaqat o‘qitish, balki bu yerda xalqaro va mahalliy ayti-forumlar, dasturchilar uchun hakatonlar va boshqa turli xil ayti-tadbirlari tashkil etilmoqda. Eng muhim yangilik AKT sohasidagi yangi yo‘nalish — ayti-turizmni rivojlantirish uchun katta imkoniyat hisoblanadi.
60 ish joyiga mo‘ljallangan majmuada 3 ta o‘quv xonasi, 8 o‘rinli turarjoy, 15 kishilik konferensiya zali, tibbiyot maskani, eko-kinoteatr mavjud. Bu yerda bolalar yosh dasturchi va robototexnika kurslaridan tashqari, ingliz tili bo‘yicha ham saboq olmoqdalar.
— Fronted dasturlash kursini tamomladim, — deydi 14 yoshli Amirxon Mannopov. — Menga bu yerda o‘qish juda yoqadi, dars qoldirmaslikka harakat qilaman. Bu sohada o‘z ustingizda tinimsiz ishlamasangiz, bilimlaringizni yangilab bormasangiz, orqada qolib ketasiz. Kelajakda maqsadim shu soha bo‘yicha o‘qishimni davom ettirish.
Darvoqe, biror yangilikni yaratishning o‘zi mashaqqatli ish. Ammo loyiha amalga oshirilgandan keyin u doimo qo‘llab-quvvatlab turilmasa, shuncha mehnat o‘zini oqlamaydi. Loyihani keng targ‘ib etish va uning natijasiga erishish faqatgina yaratuvchilarning vazifasi emas. Bu yerda ota-onalarning ham yordami kerak bo‘ladi. Ular farzandlarining taqdiriga befarq bo‘lmasligi, mana shunday maktablar imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishi, yo‘l-yo‘riq berishi, qiziqtirishi, kerak bo‘lsa, ularning qo‘lidan yetaklab olib kelish ham qo‘llab-quvvatlov aslida.
Bizga xabar berishlaricha, Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida ham «IT-shaharcha» majmuasi ochilibdi.
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter